Samarqand viloyat hokimligi
Xalq ta'limi boshqarmasi
w w w . s a m x t b . u z

 

Samarqand shahrida Mirzo Ulug‘bek nomidagi xalqaro olimpiadaning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi

Avval xabar berilganidek, shahrimizda joriy yilning 19-23 iyun kunlari umumiy o‘rta ta'lim maktablarining 10-11 sinf o‘quvchilari o‘rtasida fizika va astronomiya fanlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek nomidagi xalqaro olimpiada o‘tkaziladi.

Prezidentimiz Sh.Mirziyoev tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur nufuzli xalqaro tanlovda qatnashish uchun Samarqandga Rossiya, Belarus, Yaponiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston davlatlaridan vakillar tashrif buyurdi. Xalqaro olimpiada ishtirokchilari Samarqand temir yo‘l vokzalida karnay-surnay sadolari ostida tantanavor kutib olinib, shahardagi “Registon” mehmonxonasiga joylashtirildi. Shahrimiz mehmonlari qadimiy va hamisha navqiron Samarqanddagi Mirzo Ulug‘bek observatoriyasi, Xo‘ja Doniyor maqbarasi va diqqatga sazovor joylariga sayohat qildilar. Ilk bor o‘tkazilayotgan xalqaro olimpiadada Rossiya, Belarus, Yaponiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston davlatlaridan hamda yurtimizning 45 nafar iqtidorli o‘quvchilari fizika va astronomiya fanlari bo‘yicha bellashadi. Samarqand shahridagi “Mo‘jiza” amfiteatrida tashkil etilgan xalqaro olimpiadaning tantanali ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi, Samarqand viloyat hokimligi, viloyat xalq ta'limi boshqarmasi va qator hamkor tashkilotlar vakillari ishtirok etishdi. Buyuk astronom olim Mirzo Ulug‘bek, she'riyat mulkining sultoni Alisher Navoiy, shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur kabi buyuk ajdodlarimiz siymosi gavdalangan teatrlashtirilgan sahna ko‘rinishlari, respublikamizning taniqli xushovoz xonandalari, Samarqand shahrining yosh iste'dod egalari tomonidan ijro etilgan quvnoq kuy-qo‘shiqlar yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.

Oxirgi o‘zgarish: 03/07/2018 20:07;   Ko‘rilganligi: 222
 
Material manzili: http://samvxtb.uz/oz/press/news/samarqand-shahrida-mirzo-ulugbek-nomidagi-xalqaro-olimpiadaning-tantanali-ochilish-marosimi-bolib-otdi
Chop etilgan vaqti: 14/11/2019 07:53
Matnni o‘qish uchun ushbu tugmani bosing