Samarqand viloyat hokimligi
Xalq ta'limi boshqarmasi
w w w . s a m x t b . u z

 

Samarqandda 2020 yilda Prezident maktablari tashkil etiladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev «Prezident maktablarini tashkil etish to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi, deb xabar bermoqda Xalq ta'limi vazirligi axborot xizmati. 

«Prezident maktablarining asosiy maqsadi ta'lim jarayoniga ilg‘or texnologiyalarni qo‘llash orqali iqtidorli yoshlarni tarbiyalash va o‘qitish, rag‘batlantirish hamda kelgusida ularni salohiyatini qo‘llab-quvvatlash, Shuningdek, o‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirish, yetakchilik ko‘nikmalari va notiqlik mahoratini rivojlantirish, tanqidiy fikrlash, axborotni izlash, tahlil qilish va qayta ishlash, olingan bilimlarni amaliyotda qo‘llash kabi ko‘nikmalarni shakllantirishdan iborat», – deyiladi axborot xizmati xabarida.

Ma'lum qilinishicha, prezident maktablari Qoraqalpog‘iston Respublikasida, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining barcha viloyatlarida va Toshkent shahrida ixtisoslashtirilgan ta'lim muassasalari shaklida tashkil etiladi. 

Ta'kidlanishicha, 2019 yilda dastlabki maktablarning qurilishi bir vaqtning o‘zida Toshkent va Nukus shaharlarida, hamda Xorazm viloyatida bo‘ladi. O‘z navbatida, 2020 yilda Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Samarqand va Farg‘ona viloyatlarida, shuningdek, 2021 yilda Andijon, Navoiy, Namangan, Surxondaryo, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida Prezident maktablarini tashkil etish rejalashtirilgan.

«Ushbu maktablariga qabul qilish respublika ta'lim muassasalarining 4-sinf bitiruvchilari orasida Xalq ta'limi vazirligi tomonidan belgilangan tartibda o‘tkaziladigan mantiqiy fikrlash testlari, yozma imtihon va suhbatlar natijalariga ko‘ra amalga oshiriladi. Prezident maktabining yillik qabul kvotasi 24 nafar o‘quvchidan iborat bo‘lib, ikkita sinfga bir xil – 12 nafardan o‘quvchi taqsimlanadi. Birinchi o‘quv yilida esa 5-10-sinflarining har bir maktab 144 nafardan o‘quvchi o‘qishga qabul qiladi», – deya ma'lum qiladi vazirlik.

O‘quv jarayoni esa xorijiy ta'lim muassasalari bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan o‘quv rejalari va dasturlari bo‘yicha ingliz tilida amalga oshiriladi va «STEAM - ta'lim» (Science - tabiiy fanlar, Technology - texnologiya, Engineering - texnik ijodkorlik, Art - san'at, Mathematics - matematika) dasturi asosida olib boriladi.

Prezident maktabining 9-11-sinflarida ta'lim olish o‘quvchilarning qiziqishlari va xususiyatlarini, ayrim fanni tanlash va ularni o‘rganish darajasini inobatga olgan holda individual o‘quv jarayoni asosida amalga oshiriladi.

Prezident maktablari bitiruvchilariga, belgilangan tartibda davlat tomonidan tasdiqlangan shahodatnoma, attestat bilan bir qatorda, xalqaro darajadagi tegishli dastur diplomi (International Baccalaureate, Advanced Placement ili International Advanced Levels)ga ega bo‘ladilar, bu esa o‘z navbatida xorijiy oliy o‘quv yurtlariga kirish imkonini beradi.

Eslatib o‘tamiz, 2018 yil 18 noyabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Nukus shahrida bo‘lib o‘tgan uchrashuv davomida, har bir viloyatda Prezident maktablarini tashkil etish to‘g‘risida e'lon qilgan edi.


Oxirgi o‘zgarish: 06/03/2019 17:32;   Ko‘rilganligi: 214
 
Material manzili: http://samvxtb.uz/oz/press/news/samarqandda-2020-yilda-prezident-maktablari-tashkil-etiladi
Chop etilgan vaqti: 15/10/2019 09:48
Matnni o‘qish uchun ushbu tugmani bosing