Samarqand viloyat hokimligi
Xalq ta'limi boshqarmasi
w w w . s a m x t b . u z

 

Samarqandda “IT markaz” ochiladi

Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbus doirasida tashkil etiladigan axborot texnologiyalari markaziga 14 dan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar qabul qilinadi. Bu haqida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashida bo‘lib o‘tgan taqdimotda ma'lum qilindi. Ta'kidlanishicha, ushbu markazda yoshlarga Mobil, Desktop va Web platformalar uchun dasturiy vositalar ishlab chiqish, robototexnika, aqlli tizimlar ishlab chiqish hamda axborot xavfsizligi yo‘nalishlarida ta'lim beriladi. Viloyat yoshlar markazida ish boshlaydigan nota'lim muassasada ta'lim berish jarayoni uchta bosqichdan iborat bo‘lib, birinchi bosqichda o‘quvchilarni tanlab olish uchun ikki haftalik maxsus kurslar, ikkinchi bosqichda belgilangan yo‘nalishlar bo‘yicha asosiy 3 oylik maxsus o‘qitish jarayonlari va uchinchi bosqichda esa o‘quvchilardan umumlashgan guruhlar tashkil etilib, ularda yagona loyiha ustida guruh bilan ishlash ko‘nikmasi hosil qilinadi.

Markazda o‘quvchilar bepul ta'lim olish imkoniga ega bo‘lishadi. Qolaversa, ularning yaratgan dasturlari, foydali qurilmalari uchun alohida haq to‘lanishi ko‘zda tutilgan. O‘qitish jarayonini muvaffaqqiyatli tamomlagan guruhlardan StartUp jamoalar tashkil e'tilib, har bir jamoa belgilangan vaqt ichida markaz tomonidan berilgan loyihalarning birida qatnashadi. Maxsus sertifikatni qo‘lga kiritgan bitiruvchilar kelgusida tugatgan yo‘nalishlari bo‘yicha shu sohada faoliyat yurituvchi tashkilotlarda ishlash imkoniyatiga ega bo‘ladi. — Respublikada birinchi bo‘lib Samarqandda tashkil etilayotgan mazkur markaz faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun 1 millard so‘m mablag‘ ajratilgan bo‘lib, 3 oydan so‘ng o‘z faoliyatini boshlaydi, — deydi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi bo‘lim mudiri Maqsud Sattorov. — Markaz a'zolari o‘zlari qiziqqan yo‘nalishni mukammal o‘zlashtirgach, ularning bandligi ta'minlanadi. Yoshlar yaratgan ishlanmalar tegishli korxona va tashkilotlar bilan hamkorlikda to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlab chiqarishga yo‘naltiriladi. Tadbir doirasida TATU Samarqand filali talabalari tomonidan yaratilgan foydali qurilma va loyihalarning ko‘rgazmasi tashkil etildi.

Oxirgi o‘zgarish: 16/08/2019 17:40;   Ko‘rilganligi: 119
 
Material manzili: http://samvxtb.uz/oz/press/news/samarqandda-it-markaz-ochiladi
Chop etilgan vaqti: 21/11/2019 02:11
Matnni o‘qish uchun ushbu tugmani bosing