Samarqand viloyat hokimligi
Xalq ta'limi boshqarmasi
w w w . s a m x t b . u z

 

SAMARQANDLIK O‘QUVCHILARNING SPORT, SAN'AT, KASB-HUNAR VA KITOBXONLIK BILAN MASHG‘UL BO‘LISHI UCHUN 5 TASHABBUS TAYANCH BO‘LDI

Samarqand shahridagi 61-eshitishida nuqsoni bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatida Prezidentimizning 5 ta muhim tashabbusining ijrosini ta'minlash maqsadida Xalq ta'limi vazirining 2019 yil 24 oktyabrdagi “Xalq ta'limi tizimidagi umumta'lim maktablarida 5 tashabbus festivallarini tashkil etish va o‘tkazish haqida”gi buyrug‘iga muvofiq, “Umumta'lim maktablarida 5 tashabbus” festivali g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Samarqand, Jizzax, Buxoro va Navoiy viloyatlari xalq ta'limi xodimlari uchun bu kun nihoyatda quvonchli va hayajonli bo‘ldi. To‘rt viloyat vakillari erta tongdan Samarqand viloyati drama teatri oldida jam bo‘lishdi. Shu yerda avtobuslarga chiqib, sovg‘alar karvoni bilan Samarqand shahridagi 61-eshitishida nuqsoni bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatida tantanali ravishda kutib olindi. O‘quvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni madaniyat va san'at, kasb-hunar va sportga keng jalb etish, ularning iqtidor va qiziqishlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ko‘rgazmalar tashkil etilgan. Maktab-internatga Xalq ta'limi vazirining o‘rinbosari Dilshod Kenjayev, viloyat hokimining o‘rinbosari Rustam Qobilov, senator Farmon Toshev viloyat xalq ta'limi boshqarmasi boshlig‘i Saidahmad Usmonov hamrohligida tashrif buyurishdi. Mehmonlar Prezidentimizning 5 ta muhim tashabbusi doirasida tashkil etilgan to‘garaklar faoliyati bilan tanishishdi. Tadbirning ochilish marosimida so‘zga chiqqanlar o‘quvchilarni o‘qish va izlanishga, bo‘sh vaqtidan unumli foydalanishga undash, ularni turli illatlardan samarali himoya qilishda 5 tashabbus muhim ahamiyatga ega bo‘lganini e'tirof etishdi. “Umumta'lim maktablarida 5 tashabbus” festivali g‘oliblariga ushbu tashabbuslarni hayotga tatbiq etish uchun musiqa asboblari, sport anjomlari, hunarmandchilik asbob-uskunalari topshirilayotgani festivalning amaliy ahamiyatini yanada oshirganini ta'kidlashdi. —O‘quvchilarimizni majburlab o‘qitish, ularni tartib-intizomga chaqirish mushkul, bu ayni paytda samarasizdir, — deydi Xalq ta'limi vaziri o‘rinbosari Dilshod Kenjayev. — Ularni qiziqishlari doirasida sportga, san'atga, kompyuter texnologiyalarini puxta o‘zlashtirishga jalb qilsak, albatta, ijobiy samarasini beradi. Buning uchun umumta'lim muassasalarimizda yetarli sharoit ham bo‘lishi zarur. Ana shundan kelib chiqqan holda biz tanlov g‘oliblariga kompyuter jamlanmalari, turli musiqa asboblari, sport anjomlari va kiyimlari, hunarmandchilik asbob-uskunalaridan iborat sovg‘alar topshiryapmiz. Ayni paytda imkoniyati cheklangan farzandlarimiz uchun ham boshqalar bilan teng sharoit yaratish, tengdoshlaridan kam bo‘lmasligini ta'minlashga e'tibor qaratyapmiz. Kelgusida bunday tashabbuslar safini yanada kengaytiramiz. Ya'ni, Navro‘z bayrami arafasida ham respublika umumta'lim muassasalari o‘rtasida xuddi shunday tanlov o‘tkazamiz. Qiymati bugungidan ham qimmatbaho sovg‘alar topshirib, maktablarimizning moddiy-texnika bazasini mustahkamlab, o‘quvchilarning ta'lim muassasasining o‘zida foydali mashg‘ulotlar bilan band bo‘lishiga sharoit yaratamiz. Darhaqiqat, tanlov natijalariga ko‘ra, 5 ta yo‘nalish bo‘yicha har bir hududdan 5 ta birinchi, 5 ta ikkinchi va 5 ta uchinchi o‘rinlar jami 210 ta videorliklar g‘olib va sovrindor sifatida aniqlandi. Jizzax, Buxoro va Navoiy, Samarqand viloyatlaridan g‘olib bo‘lgan maktablar rahbarlariga diplom va esdalik sovg‘alar topshirildi. Festivalda Samarqand shahridan 4 ta, Ishtixon, Samarqand, Kattaqo‘rg‘on tumanlaridan 2 tadan, Kattaqo‘rg‘on shahri va Narpay tumanidan 1 tadan umumta'lim maktablari 5 ta yo‘nalish bo‘yicha g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Samarqand shahridagi 61-eshitishida nuqsoni bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internati hamda 58-umumta'lim maktabi jamoasi festivalning ikkitadan yo‘nalishi bo‘yicha g‘olib, deb topildi. Tadbirda barcha g‘olib va sovrindorlarga diplom hamda esdalik sovg‘alari topshirildi. “Barkamol avlod” hamda bolalar musiqa va san'at maktablarining iqtidorli o‘quvchilarining musiqiy chiqishlari barchaga xushkayfiyat bag‘ishladi.

Samarqand viloyati xalq ta'limi boshqarmasi axborot xizmati


Oxirgi o‘zgarish: 30/01/2020 15:03;   Ko‘rilganligi: 63
 
Material manzili: http://samvxtb.uz/oz/press/news/samarqandlik-oquvchilarning-sport-sanat-kasb-hunar-va-kitobxonlik-bilan-mashgul-bolishi-uchun-5-tashabbus-tayanch-boldi
Chop etilgan vaqti: 03/04/2020 08:37
Matnni o‘qish uchun ushbu tugmani bosing