Samarqand viloyat hokimligi
Xalq ta'limi boshqarmasi
w w w . s a m x t b . u z

 

SAYLOV OCHIQLIK VA OSHKORALIK ASOSIDA O‘TKAZILDI

   2018 yil 15 oktyabrda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi to‘g‘risida”gi qonuni bevosita mahalla hayotiga daxldor bo‘lib, uning faoliyat mezonlarini belgilab berdi.

   Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi yurtimiz hayotidagi muhim ijtimoiy-siyosiy jarayon sanaladi. Mazkur voqelik mamlakatimizda shakllangan demokratik saylov tizimining uzviy qismi bo‘lib, unda fuqarolar o‘z xohish-irodasini erkin ifoda etadi. Bu jihatlarga O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi to‘g‘risida”gi qonunida alohida e'tibor qaratilgan.

Saylov jarayoni tuman, shahar hokimliklaridan biriktirilgan vakillar, saylovga ko‘maklashuvchi komissiya, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish instituti vakillari va deputatlar ishtirokida xolis va oshkora o‘tkazildi.

   Mazkur jarayonda tuman, shaharlardagi mahallalar hududida joylashgan  539 ta umumta'lim maktablari saylov uchastkalari etib belgilanib, saylov jarayonining adolatli o‘tkazilishida  o‘z hissalarini qo‘shishdi.

  Jumladan, Samarqand tumanidagi 74 ta mahalla fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovining aksariyati tumandagi umumta'lim maktablari binosida tashkil etilib, saylovlar ko‘tarinki ruhda o‘tkazildi.

  Ayniqsa saylov jarayonlari boshlanishida tumandagi “Talibarzui poyon” MFY raisi (oqsoqoli) saylovining o‘tkazilishi namunaviy tashkil etilib, viloyat miqyosida ko‘rgazmali seminar o‘tkazildi.

  Mazkur ko‘rgazmali seminar va saylov yig‘ilishida viloyat hokimi o‘rinbosari J.O‘roqov, tuman hokimi Sh.Jamolov, tuman mahalla jamg‘armasi raisi o‘rinbosari M.Nabiyev hamda hududdagi korxona, tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdilar.

  Ushbu saylovda mahalla fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) lavozimida uch nafar nomzodlar fuqarolarning vakillik yig‘ilishlarida saylangan bo‘lib, tuman hokimi va tumandagi o‘zini o‘zi boshqarish organlari sayloviga ko‘maklashuvchi Kengashi tomonidan ma'qullanib, ijobiy xulosa berildi. Saylov yakuniga ko‘ra, S.Bahromov “Talibarzui poyon” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) etib saylandi.

   Shuningdek, Toyloq tumanidagi 13 ta mahallada fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi o‘tkazildi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, tumandagi “Nurli yo‘l” mahallasida joylashgan 15-maktabda o‘tkazilgan saylovda X.Isrofilova, “Muborak” mahallasida joylashgan 14-maktabda o‘tkazilgan saylovda M.Mavlonov mahalla fuqarolar  yig‘ini raisi (oqsoqoli) vazifasiga saylandi.

  Qonun ustuvor bo‘lgan yurtimizda fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi viloyatimizdagi barcha saylov uchastkalarida uyushqoqlik bilan o‘tkazilib, aholi vakillari munosib nomzodlarga ovoz berishdi.

    Saylov jarayoni ommaviy axborot vositalari orqali keng yoritilib, aholining yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarda faol  bo‘lishi va ertangi kunga bo‘lgan ishonchini yanada orttirishiga o‘z hissasini qo‘shdi, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.

 


Kiritilgan vaqti: 22/05/2019 13:03;   Ko‘rilganligi: 135
 
Material manzili: http://samvxtb.uz/oz/press/news/saylov-ochiqlik-va-oshkoralik-asosida-otkazildi
Chop etilgan vaqti: 17/09/2019 13:53
Matnni o‘qish uchun ushbu tugmani bosing