Samarqand viloyat hokimligi
Xalq ta'limi boshqarmasi
w w w . s a m x t b . u z

 

Shaxmat aqlni charxlaydi

Turli ijtimoiy tarmoqlarda o‘tkazilgan so‘rovnomalardan ma'lum bo‘lishicha, aksariyat ota-onalar farzandlarini jismonan va aqlan kuchli qilib tarbiyalaydigan sport mashg‘ulotlariga qatnashishini istashadi. Ba'zi ota-onalar uchun shaxmat shunchaki vaqt o‘tkazish uchun o‘ylab topilgan o‘yindek, ґo‘yo. Xo‘sh, aslida aql gimnastikasining bolalarga qanday foydali tomonlari bor?

Aslida, shaxmat aql gim­nas­tikasi bo‘lishi barobarida insonni juda ko‘p ezgu fazilatlarga o‘rgatadi. Bu xususiyatlar boshqa jismoniy baquvvatlikni ta'minlovchi sport turlari bilan shug‘ullanuvchilarda uchramaydigan jihatlardir. Masalan, shaxmat bolalarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishga xizmat qilishi bilan birga aqlini charxlaydi, intellektual salo­hiyatini, fikrlash qobiliyatini ham rivojlantiradi. Bu jarayon bolada bir qator ijobiy o‘zgarishlarga sabab bo‘ladi.

Diqqatni jamlash.

Shaxmat o‘ynagan bola taxtadagi vaziyatlarga qarab diqqatini jamlaydi. Diqqatni bir joyga jamlay olish fikr­lashning ilk bosqichidir.

Reja tuzish va tahlil qilish.

Bola shaxmat taxtasidagi vaziyatga qarab, raqib shoxini mot qilish uchun turli yo‘llar izlaydi, reja tuzadi, tahlil qiladi.

Qaror qabul qilish.

Favqulodda yuzaga kelgan, kutilmagan holatni bartaraf etish uchun «Yurish kerakmi?», «Hujum qilish kerakmi», «Himoyalanish kerakmi?» kabi qarorlarni bolaning o‘zi tezkorlik bilan qabul qiladi. Bu esa o‘z navbatida uni mustaqil fikrlashga, natijani hisobga olgan holda qaror qabul qilishga o‘rgatadi.

Mas'uliyatni his qilish.

O‘yin jarayonida yosh shaxmatchining tajribasi oshib boradi. Turli musobaqalarda ishtirok etadi. Jamoa a'zosi sifatida maktab sharafini himoya qilish uchun ko‘proq tajriba to‘plashga, mahoratini oshirishga harakat qiladi. Bunda bolaning aqli charx­lanib, mas'uliyatni his etish ko‘nikmasi shakllana boradi.

Do‘stona munosabat.

O‘quvchilarda birgalikda shaxmat o‘ynash orqali o‘zaro do‘stona munosabat shakllanadi, bu jarayon bolaning xushtavoze bo‘lib ulg‘ayishiga ham xizmat qiladi.

Xotiraning rivojlanishi.

Eng chiroyli yurishlar, kombinatsiyalar, etyud va masalalar ularning yodida qoladi. Keyingi o‘yinlarda bu yurishlarni eslab, amaliyotda qo‘llashi bir tomondan ularni g‘alabaga yaqinlashtirsa, yana bir jihatdan xotirasi mustahkamlanishiga sabab bo‘ladi.

Xulosa qilish qobiliyati.

Sportda hamma vaqt ham omad kulib boqavermaydi. Ba'zan mag‘lubiyatga ham uchrash mumkin. Har bir sportchi o‘z mag‘lubiyatidan to‘g‘ri xulosa chiqarganidek, yosh shaxmatchilar ham «Qaysi yurishda xato qildim?», «Xato qilmasligim kerak edi?» deb o‘ylaydi. Keyingi musobaqalarda shu xatoni takrorlamaslikka harakat qiladi. Demak, bolalar o‘z xatolariga tanqidiy ko‘z bilan qarashni, har bir holatdan o‘ziga kerakli xulosa chiqarishni o‘rganadi, aqli charxlanganiga ishonch hosil qiladi. Shuni ta'kidlash lozimki, xulosa chiqarishni o‘rgangan bola hayotda ham murakkab vaziyatlardan chiqib ketish choralarini topa oladi.


Kiritilgan vaqti: 22/05/2017 15:44;   Ko‘rilganligi: 73
 
Material manzili: http://samvxtb.uz/oz/press/news/shaxmat-aqlni-charxlaydi
Chop etilgan vaqti: 17/06/2019 20:31
Matnni o‘qish uchun ushbu tugmani bosing