Samarqand viloyat hokimligi
Xalq ta'limi boshqarmasi
w w w . s a m x t b . u z

 

Sherzod Shermatov: Maktablarda juda ko‘p muammolar yig‘ilib qolgan, ularni faqat birgalikda hal etishimiz mumkin

Xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov o‘zining Facebook‘dagi sahifasi orqali ta'lim tizimi xodimlariga murojaat qildi:

«Urushdan keyin Koreya, Yaponiya kabi davlatlar xalqining ko‘magi va fuqarolarining ta'limga e'tibori tufayli qisqa muddatda oyoqqa turganini ko‘pchilik yurtdoshlarimiz eshitgan, menimcha. Urush davridagi shuncha qiyinchiliklarga qaramasdan bisotidagi bor narsani, hatto tilla taqinchoqlarigacha berib mamlakatning iqtisodiyotini ko‘tarishga ko‘maklashgan. Xudoga shukrki, bizda tinchlik. Lekin yillar davomida maktablarga e'tibor berilmagani sababli tizimda juda ko‘p muammolar yig‘ilib qolgan. Ularni faqat birgalikda hal etishimiz mumkin. Vazirlar Mahkamasining farmoyishiga asosan 17−18 avgust kunlari mamlakatimiz miqyosida umumxalq xayriya hashari o‘tkaziladi. Shu munosabat bilan barcha o‘zbekistonliklarni ana shu imkoniyatdan foydalangan holda maktablarimizni yangi o‘quv yiliga yanada yaxshiroq tayyorlashga yordam berishga chaqirmoqchimiz. Maktab obod va fayzli bo‘lsa, farzandlarimiz shu obod joyda o‘qib yanada yaxshiroq natijalar uchun harakat qiladilar. Agar hammayoq besaranjom bo‘lsa, xuddi “singan oynalar” nazariyasidek ahvol va muhit yanada yomonlashaveradi. Yillar davomida nafaqat ta'lim, balki boshqa sohalarda ham muammolar yig‘ilib qolgan. Ularni hal qilish esa juda katta pulga borib taqaladi. Iqtisodiy ahvolimiz qanday ekanini ko‘pchilik his qilib turibdi deb o‘ylayman. Shuning uchun, ta'limga ajratilayotgan pul yetarli emasligini bilamiz, ammo falon masalani hal qilish uchun qachon pul beriladi deb kutib hech narsa qilmasdan ham turolmaymiz. Bolalarimiz sentyabrdan o‘qishi kerak. To‘g‘ri, bunga majbur emasmiz, ammo bolalarimiz uchun, ularning munosib sharoitda o‘qib voyaga yetishi uchun shu ishni qilishga chorlaymiz. Ayniqsa, yangi o‘quv yili arafasida qurilish va ta'mirlash endi yakuniga yetgan maktablarni o‘quv yiligacha tozalab o‘quvchilarni qabul qilishga tayyorlash juda muhim. Millat sifatida birdamligimizni ko‘rsatadigan vaqt keldi. Avloniy aytganidek, ta'lim-tarbiya biz uchun hayot va mamot masalasidir!»

Oxirgi o‘zgarish: 17/08/2019 14:19;   Ko‘rilganligi: 147
 
Material manzili: http://samvxtb.uz/oz/press/news/sherzod-shermatov-maktablarda-juda-kop-muammolar-yigilib-qolgan-ularni-faqat-birgalikda-hal-etishimiz-mumkin
Chop etilgan vaqti: 10/12/2019 02:11
Matnni o‘qish uchun ushbu tugmani bosing