Samarqand viloyat hokimligi
Xalq ta'limi boshqarmasi
w w w . s a m x t b . u z

 

SINF RAHBARI O‘QUVCHIGA DILDOSH BO‘LSIN!

Sinf rahbari o‘quvchilar orasida tengdoshlariga qo‘shilmasdan, g‘amgin holatda turgan qizaloqni darsdan so‘ng olib qolib, u bilan dildan suhbatlashdi. O‘quvchi yig‘lab yubordi va o‘zini ustozining bag‘riga otdi...

“Yaxshi ham siz borsiz, ustoz, uyda ota-onam o‘zlari bilan o‘zlari ovvora, meni erkalab-suyish qayoqda, har kuni janjallashishadi. Meni esa hech ko‘nglimga qarashmaydi. Faqatgina siz...”
Bu holat o‘quvchisiga onadek mehribon, unga ta'lim-tarbiya berish bilan birga, yaqin sirdosh bo‘la olgan ustoz, ayniqsa, sinf rahbarlariga juda tanish bo‘lsa kerak. Ha, bugun ana shunday sinf rahbarlari o‘quvchilar o‘rtasidagi turli ko‘ngilsiz holatlar, ularning ta'limda va tarbiyada oqsab qolishining oldini olishga qodir. Shu bois, umumiy o‘rta ta'lim maktablarida sinf rahbarlari mas'uliyatini oshirish, ularning o‘quvchiga eng yaqin sirdosh, ko‘makdosh bo‘lishini, bo‘sh vaqtini nazorat qilishini ta'minlash maqsadida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirining tegishli buyrug‘i asosida tasdiqlangan “Umumiy o‘rta talim muassasasining sinf rahbarlari faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida muvaqqat NIZOM” bu borada muhim dastur bo‘lmoqda.
O‘tgan hafta davomida mazkur hujjatning ijrosini ta'minlash maqsadida Samarqand viloyatining barcha tuman va shaharlarida hududlar kesimida sinf rahbarlari ishtirokida amaliy seminarlar tashkil etildi. Seminarlarda sinf rahbarlari faoliyat samaradorligini oshirish, ta'lim muassasasining tarbiyaviy tizimidagi tayanch pedagoglardan biri sifatida o‘ziga biriktirilgan sinf o‘quvchilarining amalda belgilangan ta'lim va tarbiya olishlarini tashkil etishlariga alohida e'tibor qaratish ta'kidlandi. Ushbu yo‘nalishda faxriy ustoz va murabbiylar, malakali pedagoglar sinf rahbarlariga o‘zlarining tavsiyalarini berishdi. Shundan so‘ng, sinf rahbarlarining kelgusida amalga oshirishi lozim bo‘lgan vazifalari belgilab olindi.
Ozod JANGIROV,
Samarqand viloyat xalq ta'limi
boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari


Oxirgi o‘zgarish: 21/11/2019 07:45;   Ko‘rilganligi: 158
 
Material manzili: http://samvxtb.uz/oz/press/news/sinf-rahbari-oquvchiga-dildosh-bolsin
Chop etilgan vaqti: 03/04/2020 08:07
Matnni o‘qish uchun ushbu tugmani bosing