Samarqand viloyat hokimligi
Xalq ta'limi boshqarmasi
w w w . s a m x t b . u z

 

«SOVG‘ALAR KARVONI» — MURG‘AK QALBLARGA CHEKSIZ QUVONCH ULASHDI

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining «Ko‘ngil ko‘zi» loyihasi doirasida tashkil etilgan «Sovg‘alar karvoni» Samarqand viloyati xalq ta'limi boshqarmasi tasarrufidagi 59-ko‘zi ojiz bolalar uchun ixtisoslashgan davlat ta'lim muassasasiga yetib keldi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda viloyat hokimi o‘rinbosari Rustam Qobilov, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Mannob Ibodullayev, viloyat xalq ta'limi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Ozod Jangirov va boshqalar so‘zga chiqib, Yurtboshimizning 5 ta muhim tashabbusini keng hayotga tatbiq etish, bolalarning boshqa tengdoshlaridan kam bo‘lmasdan bilim olishlari, iqtidorlarini namoyon etishlariga imkoniyat yaratishda ushbu ezgu sa'y-harakat muhim ahamiyatga ega ekanligini ta'kidlashdi. Mazkur xayriya aksiya orzu-umidlari bir olam, iqtidorli va iste'dodli o‘quvchilarga cheksiz shodlik ulashgani, ayniqsa, Yangi yil bayrami oldidan ularga haqiqiy bayram sovg‘asi bo‘lganligini qayd etishdi.

Darhaqiqat, «Ko‘ngil ko‘zi» loyihasi doirasida 59-son ko‘zi ojiz bolalar uchun ixtisoslashgan davlat ta'lim muassasasiga Brayl alifbosida chop etilgan bosma hamda audio kitoblar, o‘n turdagi yigirma donadan ortiq cholg‘u asboblari, qariyb yigirma turdagi zamonaviy sport anjomlari va boshqa zarur jihozlar sovg‘a qilindi. Bundan tashqari, har xil shirinliklardan iborat Yangi yil sovg‘alari ulashildi.

—Bu biz uchun uzoq kutilgan, ayni paytda kutilmagan sovg‘a bo‘ldi, — deydi 59-ko‘zi ojiz bolalar uchun ixtisoslashgan davlat ta'lim muassasasi direktori Sulton Boboqulov. — Negaki, endi o‘quvchilarimizning taqdim etilgan sovg‘alar tufayli sport bilan shug‘ullanishi va musiqa asboblari orqali iste'dodinini shakllantirishi uchun imkoniyatlar kengaydi. Shu bilan birga, kitob mutolaa qilish uchun Brayl alifbosidagi adabiyotlarga ham ega bo‘lishdi. Bu ko‘ngli kemtik bola uchun qanchalik quvonch ekanligini bir so‘z bilan ta'riflash qiyin. Loyiha tashabbuskorlaridan, shu xayrli ishga bosh-qosh bo‘lib, bizgacha yetib kelishiga sababchi bo‘lgan barcha tashkilotchilardan minnatdormiz.

Abduhoshim ZIYODOV, Samarqand viloyati xalq ta'limi boshqarmasi axborot xizmati rahbari

Alisher Isroilov olgan suratlar


Oxirgi o‘zgarish: 23/12/2019 16:15;   Ko‘rilganligi: 107
 
Material manzili: http://samvxtb.uz/oz/press/news/sovgalar-karvoni-murgak-qalblarga-cheksiz-quvonch-ulashdi
Chop etilgan vaqti: 03/04/2020 07:13
Matnni o‘qish uchun ushbu tugmani bosing