Samarqand viloyat hokimligi
Xalq ta'limi boshqarmasi
w w w . s a m x t b . u z

 

Taassurotlar bir olam

Jamiyatning buguni va kelajagi ta'lim tizimining qay darajada rivojlanganligi bilan belgilanadi. Tizimdagi islohotlarning muvaffaqiyati ko‘p jihatdan o‘qituvchilar faoliyatiga bog‘liq. Shu sababli mamlakatimizda o‘qituvchilar mehnati qadr­lanib, ularga har jihatdan g‘amxo‘rlik ko‘rsatilmoqda.

Muhtaram Prezidentimiz Sh.Mirziyoev tomonidan ishlab chiqilib, amaliyotga tatbiq etilayotgan 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan ijtimoiy sohani taraqqiy ettirishga doir dolzarb vazifalarda ham ta'lim, madaniyat, ilm-fan, adabiyot, san'at va sport sohalarini yuksaltirish, yoshlarga oid davlat siyosatini takomillashtirishga alohida e'tibor qaratilgan. Jumladan,  ta'lim tizimini jahon andozalari asosida isloh qilish, yangi ilm maskanlari qurish, ularni zamonaviy texnika vositalari bilan jihozlash izchil davom ettirilayotir.

2017 yil 7-8 noyabr kunlari O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida respublikamizdagi filologiya turkumiga kiruvchi fanlar o‘qituvchilarining “Til va ta'lim: muammolar, istiqboldagi vazifalar” mavzusiga bag‘ishlab o‘tkazilgan Forumi ham dolzarb ahamiyatga ega bo‘ldi. Xalq ta'limi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirliklari hamkorligida tashkil etilgan Forum ta'lim-tarbiyaning barcha bo‘g‘inlarida ona tili va adabiyot, o‘zbek, qoraqalpoq, qozoq, qirg‘iz, tojik, turkman, ingliz, nemis, fransuz tillari hamda rus tili va adabiyoti fanlarini o‘qitishdagi dolzarb masalalarga oid beshta yo‘nalishda tashkil etildi. Forumda Xalq ta'limi vaziri U.Inoyatov so‘zga chiqib, yoshlarni savodxon qilib tarbiyalashda til va adabiyot ta'limining ahamiyati haqida so‘z yuritdi.

Forum yalpi yig‘ilishida akademik olimlar, filologiya fanlari doktorlari, professorlar, fan nomzodlari tomonidan yuqorida tilga olingan dolzarb masalalar yuzasidan keng qamrovli ma'ruzalar o‘qildi. Sho‘ba yig‘ilishidagi mahorat darsida o‘quvchining madaniyati, kiyinishi, axloqi, atrofdagilar bilan munosabatiga e'tibor qaratish, mavzularni o‘zlashtirganligi uchun baholashda uning xulqini ham hisobga olish tavsiya etildi. Mahorat darslarida interfaol usulda til o‘rganish bo‘yicha tavsiyalar berildi. Ushbu nufuzli tadbirda viloyatimiz o‘qituvchilari ham faol ishtirok etib, Samarqand shahridagi 1-umumta'lim maktabi o‘zbek tili fani o‘qituvchisi Aziza Akilova “Xalq ta'limi a'lochisi” ko‘krak nishoni hamda Jomboy tumanidagi 26 – umumta'lim maktabi rus tili va adabiyoti fani o‘qituvchisi Hilola Sharipova Xalq ta'limi vazirligining faxriy yorlig‘i bilan taqdirlandilar.

Sho‘ba yig‘ilishlarida “Yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni rivojlantirish”, “Matn bilan ishlash  orqali  o‘quvchi va talabalarni  fikrlashga  o‘rgatish”, “Ta'lim-tarbiyaga yangicha yondashish – bugungi kunning  talabi”, “Darslarni  multimediya  vositalari  asosida o‘tishning samaradorligi” mavzularida ma'ruzalar qilindi.

Bularning barchasi yosh avlodga ta'lim-tarbiya berishdek mas'uliyatli faoliyatimizda muhim qo‘llanma bo‘lib xizmat qiladi. Forum nihoyasida filologiya fanlari o‘qituvchilarining respublika Forumi tavsiyalari qabul qilindi va bu dasturiy hujjatni barcha umumta'lim maktablarida o‘rganib chiqish tavsiya etildi.


Kiritilgan vaqti: 12/11/2017 13:46;   Ko‘rilganligi: 172
 
Material manzili: http://samvxtb.uz/oz/press/news/taassurotlar-bir-olam
Chop etilgan vaqti: 18/09/2019 06:22
Matnni o‘qish uchun ushbu tugmani bosing