Samarqand viloyat hokimligi
Xalq ta'limi boshqarmasi
w w w . s a m x t b . u z

 

TA'LIM SIFATI QACHON OSHADI?

Oqdaryo tumanidagi 41-umumiy o‘rta ta'lim maktabida xalq ta'limi xodimlari ishtirokida o‘tkazilgan seminarda ushbu savol atrofida fikr almashildi.

Ta'lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarni hayotga tatbiq etish, o‘qituvchilarning kasbiy mahoratini oshirish, ta'lim sifati nazoratini kuchaytirish, tarbiya sohasida zamonaviy uslublarni qo‘llash ishlarini tashkillashtirish, “Oila-mahalla-maktab-oliy ta'lim” hamkorligini mustahkamlashga qaratilgan mazkur seminar “Butun kuchni xalq ichidan olaylik, quchoq ochib maktablarga boraylik!” shiori ostida tashkil etildi.
Seminarda so‘zga chiqqan viloyat hokimi o‘rinbosari R.Qobilov, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta'lim sifatini nazorat qilish Davlat inspeksiyasi boshlig‘i U.Toshkenboyev, viloyat xalq ta'limi boshqarmasi boshlig‘i S.Usmonov va boshqalar viloyat maktablarida ta'lim sifatini oshirish, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, tizimda zamonaviy uslublarni keng qo‘llash, o‘qituvchi bilim va malakasini oshirishga alohida e'tibor qaratish lozimligi ta'kidlashdi.
Keyingi yillarda ta'lim-tarbiya jarayonlarining eskicha qolipda, an'anaviy yondashuvlardan voz kechilmasdan, o‘qituvchining o‘z ustida ishlashi, malakasini oshirishga qaratilgan e'tiborning susayib ketgani tanqidiy tahlil qilindi. O‘z navbatida, ayni omillar yillar davomida xalq ta'limi sohasida muammolar yig‘ilib qolishiga sabab bo‘lgani qayd etildi. Tadbirda ushbu muammolarni ijobiy hal etish, sohaga xorij tajribasini keng tatbiq etish bo‘yicha takliflar bildirildi.
—Prezidentimizning “Butun kuchni xalq ichidan olaylik, quchoq ochib maktablarga boraylik!” deya ilgari surgan tashabbuslarida ulkan maqsad mujassam, — deydi Ta'lim sifatini nazorat qilish Davlat inspeksiyasi boshlig‘i U.Toshkenboyev. — Chunki, xalq ta'limi sohasi birgina o‘qituvchining salohiyatini oshirish bilan rivojlanib qolmaydi. Bunga davlat va hukumat organlari, xalqimiz hamfikr va hammaslak bo‘lib, birgalikda harakat qilishi zarur. Lozim topilsa, asosiy kuch, e'tibor va g‘amxo‘rlik ta'lim sohasiga qaratilgandagina bu tizim rivojlanadi va bugun bu borada ulkan qadamlar tashlanyapti. Endi o‘qituvchilar o‘rtasida o‘tkaziladigan attestatsiyalarga juda katta e'tibor qaratiladi. Saviyasiz, o‘z ustida ishlamaydigan yoki buni istamaydigan o‘qituvchini biz sohada ushlab turolmaymiz. Negaki, biz maktabda xalqning ertangi kunini yaratyapmiz, buyuk kelajakka poydevor qo‘ymoqdamiz. Ayni paytda nihoyatda talabchanlik bilan ishlamasak, rivojlangan mamlakatlarning ta'lim tizimida o‘zini oqlagan tajribalarini bosqichma-bosqich faoliyatimizda qo‘llamasak ezgu maqsadlarimizga yetishimiz mushkul.
Seminarda ta'lim sifatini nazorat qilish Davlat inspeksiyasi qoshidagi Ta'lim sifatini baholash bo‘yicha xalqaro tadqiqotlarni amalga oshirish milliy markazi bo‘lim boshlig‘i Nizomjon Karimov PISA xalqaro dasturi va uning maqsadi, o‘quvchilar bilimini baholashda mazkur dasturning afzalliklari haqida ma'ruza qildi. Shundan so‘ng, seminar ishtirokchilari 41-umumiy o‘rta ta'lim maktabidagi aniq, tabiiy va ijtimoiy gumanitar fanlarining o‘qitilish jarayoni, o‘qituvchi mahorati va o‘quvchining o‘zlashtirish darajasini kuzatishdi. Oliy ta'lim va xalq ta'limi muassasalarining malakali professor-o‘qituvchilari fan o‘qituvchilari uchun mahorat darslarini o‘tkazishdi.
Xuddi shunday seminar Payariq tumanidagi 53-umumiy o‘rta ta'lim maktabida ham o‘tkazildi. Bu kabi tadbirlar joriy yilning 9 dekabriga qadar davom etadi.


Oxirgi o‘zgarish: 05/12/2019 16:11;   Ko‘rilganligi: 128
 
Material manzili: http://samvxtb.uz/oz/press/news/talim-sifati-qachon-oshadi
Chop etilgan vaqti: 04/04/2020 17:31
Matnni o‘qish uchun ushbu tugmani bosing