Samarqand viloyat hokimligi
Xalq ta'limi boshqarmasi
w w w . s a m x t b . u z

 

Ta'limga e'tibor – kelajakka e'tibor

Mustaqil yurtimizda Vatanimiz tayanchi, xalqimiz baxtu saodati bo‘lgan yoshlarimizning sog‘lom va barkamol, buyuk ajdodlarimizga munosib bo‘lib voyaga yetishi, ilm-fan sirlarini, zamonaviy bilimlarini chuqur egallashi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Bu albatta, muhtaram Prezidentimizning ta'limga, yoshlarga bo‘lgan cheksiz g‘amxo‘rligi namunasidir.

Mustaqilligimizning ilk kunlaridan boshlab yoshlarga alohida e'tibor qaratish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri etib belgilanib, bu borada huquqiy asoslar yaratishga kirishildi. Mamlakatimizda mustaqillik yillarida amalga oshirilgan yosh avlod ta'lim-tarbiyasiga qaratilgan  islohotlar, “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi” va maktab ta'limini tubdan isloh qilish, ta'limning yosh avlodga singdirishda ularning soniga emas, balki  faqat sifat-samaradorlikka erishish yo‘llarini amalga oshirish, dunyoning rivojlangan davlatlaridagi tengdoshlari bilan bemalol bahslasha oladigan, jahon arenasida mamlakatimiz bayrog‘ini baland ko‘tarib, yurt g‘ururini himoya qiladigan haqiqiy kelajak egalarini tarbiyalash mas'uliyatli va sharafli kasb egalari, o‘qituvchi-murabbiylar zimmasiga yuklatilgan.

Bir tomoni osmono‘par tog‘laru qir-adirlarga, bir tomoni qo‘y-qo‘zilarga boy bepoyon yaylovlarga tutashib ketgan Nurobod tumanining Jom qishlog‘i hududida joylashgan tuman xalq ta'limi bo‘limiga qarashli  umumta'lim maktablarida ham ertamiz egalari bo‘lgan yosh avlodning zamon talablari darajasida ta'lim-tarbiya olib, ilmu hunar o‘rganishlari uchun barcha sharoitlar yaratib berilgan.

Xalq ta'limi vazirligi tomonidan mart-aprel oylari “Obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish oyligi” deb e'lon qilinganligi  munosabati bilan ushbu ta'lim muassasalarida jami 154 mln. 200 ming so‘mlik qurilish, ta'mirlash, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari amalga oshirildi.

Ta'lim muassasalari kutubxonalari o‘quvchilar yoshiga mos bo‘lgan badiiy adabiyotlar bilan ta'minlandi. Maktablarning barcha sinf xonalari davlat ta'lim standartlari asosida fanlar yo‘nalishida ko‘rgazmali o‘quv jihozlari bilan zamon talablari  darajasida to‘liq jihozlandi.

Ta'lim muassasalarida obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Maktab bog‘iga 1000 tubdan ortiq mevali, manzarali daraxt ko‘chatlari va 20 ming tub terak ko‘chatlari o‘tqazildi.

Ayni paytda barcha ta'lim muassasalarida hududni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari davom etmoqda.

Nurobod tumani Jom qishlog‘idagi umumta'lim maktablariga ta'lim sifati va samaradorligini oshirish bo‘yicha metodik yordam ko‘rsatish uchun tajribali metodistlar va trener o‘qituvchilardan iborat ishchi guruhi  shakllantirilib, amaliy yordam berilmoqda. Tayanch maktablarida  tashkil etilgan o‘quv mashg‘ulotlarida trener o‘qituvchilar “O‘qituvchi va o‘quvchilarning ehtiyojlari asosida  metodik materiallarni ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish usullari”, “Sinf xonasini jihozlash va estetik did berish. O‘qituvchi va o‘quvchining kiyinish odobi”, “Darslarda pedagogik texnologiyalardan unumli foydalanish yo‘llari” kabi mavzularda ko‘gazmali chiqishlar qilishib, o‘zaro tajriba almashishmoqda.

Fanlar kesimida tashkil etilgan tayanch maktablarida o‘tkaziladigan o‘quv mashg‘ulotlarida metodistlar, trener o‘qituvchilar va fan o‘qituvchilari belgilangan metodik kunlarida faol ishtirok etishmoqda.


Kiritilgan vaqti: 07/04/2018 09:43;   Ko‘rilganligi: 164
 
Material manzili: http://samvxtb.uz/oz/press/news/talimga-etibor-kelajakka-etibor
Chop etilgan vaqti: 18/09/2019 06:35
Matnni o‘qish uchun ushbu tugmani bosing