Samarqand viloyat hokimligi
Xalq ta'limi boshqarmasi
w w w . s a m x t b . u z

 

Tishni muhofaza qilish bolalikdan targ‘ib etilmoqda

Samarqand umumta'lim maktablarida “Bir umrga yorqin tabassum” loyihasi doirasida profilaktik tadbirlar o‘tkazilmoqda.

Samarqand shahridagi 8-umumta'lim maktabida mazkur loyiha doirasida “Og‘iz bo‘shlig‘i gigiyenasi va tish kasalliklari profilaktikasi” mavzusida targ‘ibot tadbiri tashkil etildi. Unda viloyat xalq ta'limi boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari U.Mamarasulov, viloyat hokimligi kotibiyat mudiri X.Ochilov, sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i D.Jumaniyozov va boshqalar so‘zga chiqib, hamkorlikda tashkil etilayotgan mazkur tadbir bolalarda og‘iz bo‘shlig‘i gigiyenasiga rioya qilish, ayniqsa, tishlarni bolalikdan asrash ko‘nikmalarini shakllantirishda muhim ahamiyatga ega ekanligini ta'kidlashdi. O‘z navbatida, bu sa'y-harakat ushbu yo‘nalishdagi xastaliklarning sezilarli darajada oldini olishda ijobiy samara berayotganini qayd etishdi.

Darhaqiqat, O‘zbekiston stomatologlar assotsiatsiyasi tashabbusi va hamkorligida o‘tkazilayotgan “Bir umrga yorqin tabassum” loyihasining koordinatori Hilola Rahimberdiyevaning qayd etishicha, loyiha davomida maktablarning boshlang‘ich sinf o‘quvchilari o‘rtasida shifokor-stomatologlar, Samarqand davlat tibbiyot institutining stomatologiya fakulteti talabalari tomonidan profilaktik tadbirlar o‘tkazilib, bolalarning tishlari tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi. Shu bilan birga, ularga zarur maslahatlar, tishni parvarishlash bo‘yicha zarur vositalar sovg‘a qilinadi.

—Loyiha doirasida fevral oyi yakuniga qadar O‘zbekiston stomatologlar assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda, dastlab, Samarqand shahridagi 56 ta umumta'lim maktablarida xuddi shunday tadbirlar tashkil etilib, boshlang‘ich sinf o‘quvchilari o‘rtasida shifokor-stomatologlar, Samarqand davlat tibbiyot institutining stomatologiya fakulteti talabalari tomonidan tibbiy ko‘rik o‘tkaziladi, — deydi viloyat xalq ta'limi boshqarmasi sho‘ba mudiri Murodillo Yakubov. — Joriy yilning sentyabr oyidan boshlab esa tuman va shaharlardagi barcha umumta'lim muassasalarida xuddi shunday tibbiy-profilaktik ishlar amalga oshiriladi. Ushbu sa'y-harakatlar tufayli bolalardagi og‘iz bo‘shlig‘i gigiyenasi bilan bog‘liq muammolarning oldi olinadi.

“Bir umrga yorqin tabassum” loyihasiga 8-umumta'lim maktabining o‘zidanoq start berildi.

Viloyat xalq ta'limi boshqarmasi axborot xizmati


Oxirgi o‘zgarish: 24/02/2020 13:53;   Ko‘rilganligi: 61
 
Material manzili: http://samvxtb.uz/oz/press/news/tishni-muhofaza-qilish-bolalikdan-targib-etilmoqda
Chop etilgan vaqti: 03/04/2020 06:25
Matnni o‘qish uchun ushbu tugmani bosing