Samarqand viloyat hokimligi
Xalq ta'limi boshqarmasi
w w w . s a m x t b . u z

 

TO‘GARAKLAR VA KITOBLAR YARMARKASI

Xalqimiz orasida kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, ayniqsa,  yoshlarni kitob o‘qishga jalb qilish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoevning 2017 yil 12 yanvardagi “Kitob  mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida”gi farmoyishi  qabul qilinganligi joriy yilning eng esda qoladigan muhim voqealaridan biri hamda o‘z vaqtida qabul qilingan eng muhim siyosiy hujjat bo‘ldi.

2017 yil 5 sentyabr kuni shahrimizdagi Alisher Navoiy nomli istirohat bog‘ida tashkil etilgan kitob va to‘garaklar yarmarkasini ushbu dasturiy hujjatning ijrosini ta'minlash borasida amalga oshirilgan tadbir sifatida e'tirof etish mumkin. Unda viloyat xalq ta'limi boshqarmasi tasarrufidagi axborot-resurs markazi 6 bo‘limdan iborat noan'anaviy ko‘rgazmada badiiy va ilmiy kitoblarni namoyish etgan bo‘lsa, viloyat «Barkamol avlod» markazi jamoasi 11 ta to‘garakda bolalar qo‘li bilan yasalgan eksponatlar bilan qatnashdilar.

– Mazkur yarmarkani tashkil etishdan maqsad kitobxonlikni targ‘ib etish va axborot resurs markazimizga o‘quvchilarni kengroq jalb qilishdan iborat, – deydi viloyat axborot-resurs markazi direktori  Yusuf Muhammadiyev. – Yana shuni alohida e'tirof etish kerakki, bugungi tadbir bu borada qilinayotgan ishning debochasidir. Ertadan boshlab bunday yarmarkalar viloyatimizning barcha tuman, shaharlarida va umumta'lim maktablarida davom etadi.

Viloyat axborot-resurs markazi tashkil etgan yarmarkadagi «Jahon xalq ertaklari», «Alisher Navoiy olamiga sayohat», «Dunyoni bilishni istaysizmi?», «Ertaklar dunyosiga sayohat», «Sehrli qop», «Sehrli sandiqcha» nomli ko‘rgazmalar maktab o‘quvchilarida katta taassurotlar uyg‘otdi.

 – O‘quvchilarimiz bugungi tadbirdan katta taassurotlar olishdi, – deydi Samarqand shahridagi 45-umumta'lim maktabi mehnat ta'limi o‘qituvchisi Rahmiddin Abdunabiyev. – Ularning aksariyati bu yerdagi qiziqarli kitoblarni ko‘rib, kutubxonaga a'zo bo‘lib, faol kitobxonga aylanish istagini bildirishdi. Qizlarimiz esa viloyat «Barkamol avlod» markazida tashkil etilgan turli to‘garaklarga a'zo bo‘lishga jazm etishdi.

Boshqarma axborot xizmati


Kiritilgan vaqti: 06/09/2017 08:37;   Ko‘rilganligi: 263
 
Material manzili: http://samvxtb.uz/oz/press/news/togaraklar-va-kitoblar-yarmarkasi
Chop etilgan vaqti: 09/12/2019 10:29
Matnni o‘qish uchun ushbu tugmani bosing