Samarqand viloyat hokimligi
Xalq ta'limi boshqarmasi
w w w . s a m x t b . u z

 

USTOZNING MATLABI - EZGULIK

Hayotda shunday odamlar bo‘ladiki, o‘z hayotiy matlabini, insoniy maqsadlarini o‘zgalar manfaatiga, ezgulik va oliyjanoblik sifatlarining ijobatiga baxshida etadilar. Bunday buyuk qalb sohiblari bosib o‘tgan umr yo‘li keyingi avlodlar uchun ibrat maktabiga aylanadi. Ana shunday fidoyi insonlardan biri- zamondoshimiz Erkin Tolipovdir.

Tumanimizdagi Shayxislom mahallasida tug‘ilib voyaga yetgan Erkin aka Toshkent Davlat Pedagogika institutining fizika fakultetini bitirgach, o‘z faoliyatini oliy ta'lim muassasasida boshladi. Ish jarayonida yosh mutaxassisning ko‘pgina ilmiy maqolalari “Xalq ta'limi” jurnali hamda turli uslubiy qo‘llanmalarda yoritildi. 1993 yilda “Fakultativ mashg‘ulotlarda o‘quvchilarga ekologik ta'lim-tarbiya berish” mavzusida ilmiy ishini yoqlab, “Pedagogika fanlari nomzodi” bo‘ldi.

Sharoit taqozosi bilan Erkin aka keyinchalik pedagogik faoliyatini Ishtixon shahridagi 1-IDUMda davom ettirdi. Bugungi kunda tumandagi eng tajribali fizika fani o‘qituvchilaridan hisoblangan ustoz 1994 yili “Xalq ta'limi a'lochisi” unvoni sohibi bo‘ldi.

Nafaqat shogirdlar va o‘quvchilar, balki o‘ziga ham qattiq talabchanlik Erkin Tolipov uchun qat'iy qoida hisoblanadi. Deyarli barcha mavzular yod bo‘lib ketganiga qaramay u har bir darsga puxta tayyorgarlik ko‘radi. Ta'limning zamonaviy va takrorlanmas uslub va usullarini qo‘llaydi. Axborot kommunikatsiya texnologiyalari asosida darslarni xilma-xil va qizikarli tashkil etishga intiladi. Ustoz ta'lim berayotgan sinflardagi o‘quvchilar fizika fani bo‘yicha davlvt ta'lim standarti talablariga to‘liq javob bera oladilar.

2013 yil o‘quvchilar o‘rtasida o‘tkazilgan “Bilimlar bellashuvi” Respublika bosqichida fizika fani bo‘yicha hakamlar hay'ati a'zosi sifatida ishtirok etdi.O‘qituvchilar uchun yangi uslubiy ko‘rsatmalar ishlab chiqishda faol qatnashdi hamda uning ishi viloyat miqyosida ommalashtirishga tavsiya etildi. Maktabimiz jamoasining o‘tgan 22 yillik faoliyatida Erkin akaning o‘rni beqiyosdir. Ko‘p yillik ssamarali mehnati va fan sohasida erishgan yutuqlari hisobga olinib, Erkin Tolipov 2019 yil “Shuhrat medali, yaqinda esa “Xalq ta'limi fidoyisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. G.Usmonova.


Oxirgi o‘zgarish: 12/03/2020 13:08;   Ko‘rilganligi: 70
 
Material manzili: http://samvxtb.uz/oz/press/news/ustozning-matlabi-ezgulik
Chop etilgan vaqti: 07/04/2020 22:32
Matnni o‘qish uchun ushbu tugmani bosing