Samarqand viloyat hokimligi
Xalq ta'limi boshqarmasi
w w w . s a m x t b . u z

 

VILOYATIMIZDA YANGI O‘QUV YILIGA TAYYORGARLIK HAR YILGIDAN BOSHQACHA TASHKIL ETILMOQDA

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Devonining 2018 yil 5 iyundagi 9497-xx-sonli topshirig‘ida berilgan vazifalar ijrosini ta'minlash maqsadida Xalq ta'limi vazirligining 2018 yil 6 iyundagi 155-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan HARAKAT DASTURIga asosan viloyatdagi umumta'lim muassasalarini yangi 2018-2019 o‘quv yiliga tayyorlash bo‘yicha barcha tuman (shahar)larda amaliy seminarlar tashkil etilmoqda.

E'tirofli jihati shundaki, bu yilgi yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik ishlari har yildagidan boshqacha, ya'ni asosiy e'tibor ta'lim sifati va samaradorligini oshirishga qaratilganligi bilan ahamiyatli bo‘lmoqda.
Tuman, shaharlarda o‘tkazilayotgan seminarlarda ta'lim muassasalarining binolarini tayyorlash, o‘quv xonalarini jihozlash, me'yoriy, o‘quv-uslubiy hujjatlar va o‘quv adabiyotlarini tayyorlash, pedagogik va metodik ta'minotni shakllantirish, ta'lim jarayoniga AKTni joriy etishni takomillashtirish, ma'naviy-ma'rifiy faoliyatni yaxshilash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida o‘zaro fikr va tajriba almashilmoqda. 
        Jumladan, Oqdaryo tumanida umumta'lim muassasalarini yangi 2018-2019 o‘quv yiliga tayyorlash bo‘yicha HARAKAT DASTURIning ijrosiga bag‘ishlab tumandagi 5, 21, 28, 31, 46, 51-umumta'lim maktablarida o‘tkazilgan amaliy seminarlarda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi viloyat bo‘limi boshlig‘i M.Bobobekova, viloyat xalq ta'limi boshqarmasi mas'ul xodimlari, tuman xalq ta'limi bo‘limi fan metodistlari, umumta'lim maktablari direktorlari, o‘quv-tarbiyaviy ishlar va ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari, fan o‘qituvchilari ishtirok etishdi. 


       Ta'kidlash joizki, Oqdaryo tumanida yangi 2018-2019 o‘quv yiliga tayyorgarlik ishlari namunali tashkil etilgan. Viloyat umumta'lim muassasalarini yangi 2018-2019 o‘quv yiliga tayyorlash bo‘yicha HARAKAT DASTURIning ijrosi yuzasidan tumandagi 5, 21, 28, 31, 46, 51-umumta'lim maktablarida o‘quv binolarini ta'mirlash va hududlarini obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish ishlari olib borilgan. Mavsumiy gullar, poliz ekinlari, mevali, manzarali daraxtlarga shakllar berilgan. Maktablarning kirish qismi, fasadi, foyesi, koridor, fan xonalari belgilangan talablar asosida jihozlangan.

 
       O‘quv jarayonining pedagogik va metodik ta'minotini yaxshilash maqsadida maktablarda barcha fan uslubiy birlashmalari, metodik kengashlar tashkil etilgan bo‘lib, ularning faoliyati yil davomida o‘quv-tarbiyaviy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari tomonidan tahlil qilib borilgan. 
       Kutubxonachilar tomonidan maktablar kutubxonalari fondini xatlovdan o‘tkazish hamda badiiy va ilmiy-ommabop adabiyotlar bilan boyitish, kutubxonalardagi darsliklarni xatlovdan o‘tkazish, yangi o‘quv yili uchun chop etilgan darsliklarni qabul qilish, sinflarga taqsimlash ishlari amalga oshirilgan. Fan o‘qituvchilari uchun uslubiy qo‘llanmalar va didaktik vositalar, multimedia resurslari zahirasi shakllantirilib, maktabdagi o‘quvchilar soniga nisbatan darsliklarga bo‘lgan ehtiyoj aniqlanib, kerakli darsliklar bilan ta'minlangan.


       Sinf va fan kabinetlari metodik talablar asosida jihozlangan, texnik vositalar to‘liq ish holatiga keltirilgan. Seminarlarda kimyo, biologiya, fizika, boshlang‘ich ta'lim, matematika, geografiya, rus tili va adabiyoti, ona tili va adabiyoti, ingliz tili, jismoniy tarbiya va informatika fanlaridan 5, 28, 46, 21, 31, 51-umumta'lim maktablarining fan o‘qituvchilari innovatsion usullardan foydalangan holda dars mashg‘ulotlari o‘tib berishdi.


       Seminar ishtirokchilari maktab o‘qituvchilarining noan'anaviy dars o‘tish metodikasi bilan yaqindan tanishib, o‘zaro tajriba almashdilar.
E'tirof etish o‘rinliki, Oqdaryo tuman hokimligi tomonidan homiylik tariqasida maktablarning fizika, kimyo va biologiya fan va laboratoriya xonalarini ta'mirlash (suv va kanalizatsiya tizimlari) uchun, informatika fani xonalaridagi ta'mirtalab kompyuter jihozlarini ta'mirlash uchun 50 000 000 (ellik million) so‘m mablag‘ ajratilgan. Shuningdek, tuman xalq ta'limi bo‘limi tomonidan 1-, 6-, 11-, 18-, 20-, 24-, 31-, 33-,39-,40-, 45-, 51-umumta'lim maktablariga sinf xonalarini yangi o‘quv yiliga tayyorlash uchun kerakli bo‘lgan mablag‘lar ajratilgan.


        Yangi 2018-2019 o‘quv yilida maktablarda ta'lim-tarbiya sifati va samaradorligini oshirish bo‘yicha barcha umumta'lim maktablari fan o‘qituvchilarining Harakat dasturlari ishlab chiqilgan.
         Bu kabi amaliy seminarlar viloyatimizdagi barcha tuman (shahar) xalq ta'limi bo‘limlari tomonidan tashkil etilmoqda.

 


Kiritilgan vaqti: 02/07/2018 20:23;   Ko‘rilganligi: 179
 
Material manzili: http://samvxtb.uz/oz/press/news/viloyatimizda-yangi-oquv-yiliga-tayyorgarlik-har-yilgidan-boshqacha-tashkil-etilmoqda
Chop etilgan vaqti: 16/10/2019 07:53
Matnni o‘qish uchun ushbu tugmani bosing