Samarqand viloyat hokimligi
Xalq ta'limi boshqarmasi
w w w . s a m x t b . u z

 

XALQ TA'LIMI TIZIMIDA MEHNAT INTIZOMI VA ISH VAQTI REJIMIGA QAT'IY AMAL QILINISHI BELGILAB QO‘YILDI

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vaziri 2020 yilning 31 yanvar kuni “Xalq ta'limi tizimida mehnat intizomi va xodimlarning mehnat qilish huquqini amalga oshirish kafolatlariga qat'iy rioya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi buyrug‘ini imzoladi.

Buyruqda Xalq ta'limi vazirligi markaziy apparati, uning tizimidagi barcha tashkilot va muassasalarda belgilangan ish vaqti rejimiga qat'iy amal qilinishi belgilandi. Shuningdek, haftaning dushanba kuniga belgilangan yig‘ilish va barcha majlislar boshqa ish kunlariga ko‘chirilishi bo‘yicha topshiriq berildi. Vazirlikning barcha tarkibiy bo‘linma boshliqlari, hududiy boshqarmalar hamda vazirlik tasarrufidagi Respublika tashkilotlari va muassasalari rahbarlariga qonunchilikda belgilangan ish vaqti doirasida xodimlarning mehnat faoliyati nazorati va yuqori mehnat unumdorligini ta'minlash bo‘yicha vazifalar topshirildi. Dam olish va bayram kunlarida xodimlarning yuqori turuvchi organlar, boshqa davlat idoralari va tashkilotlari binosiga faqat mazkur idora rahbariyatining yozma ruxsati bilan kirish tartibi belgilandi. Xodimlarni ishdan tashqari vaqtda, ayniqsa, shanba va yakshanba kunlari asossiz ravishda mehnatga jalb etilmaslik bo‘yicha topshiriq berildi. Endilikda xodimlarni dam olish vaqtida ishga jalb etishga faqat alohida hollarda ish beruvchining qarori bilan yo‘l qo‘yiladi. Mehnat kodeksining 157-moddasiga muvofiq ish vaqtidan tashqari, dam olish va bayram kunlaridagi ishlar uchun kamida ikki hissa miqdorida haq to‘lanishi yoki xodimning xohishiga qarab boshqa dam olish kuni berilishi shartligi haqidagi qonun talablariga qat'iy amal qilinadi. Xodimlarga mehnat ta'tillarini o‘z vaqtida berish va shu vaqt davomida ularning salomatligini tiklash uchun kasaba uyushmalari orqali amaliy yordam ko‘rsatiladi. Qonun talablari asossiz ravishda buzilgan hollarda xodimga to‘lanadigan qo‘shimcha ish haqi va boshqa xarajatlar aybdor rahbarlar hisobidan to‘lanishi belgilandi.

Oxirgi o‘zgarish: 06/02/2020 12:19;   Ko‘rilganligi: 78
 
Material manzili: http://samvxtb.uz/oz/press/news/xalq-talimi-tizimida-mehnat-intizomi-va-ish-vaqti-rejimiga-qatiy-amal-qilinishi-belgilab-qoyildi
Chop etilgan vaqti: 30/03/2020 02:52
Matnni o‘qish uchun ushbu tugmani bosing