Samarqand viloyat hokimligi
Xalq ta'limi boshqarmasi
w w w . s a m x t b . u z

 

YANGI O‘QUV YILIGA TAYYORGARLIK ISHLARI DAVOM ETMOQDA

    Joriy yilning 3 iyul kuni Ishtixon tumanidagi 33-umumta'lim maktabida tuman xalq ta'limi bo‘limiga qarashli  umumiy o‘rta ta'lim maktablarida  “Umumiy o‘rta ta'lim maktablarini yangi 2018-2019 o‘quv yiliga tayyorlash, fizika, kimyo, biologiya darslarida o‘quv laboratoriya jihozlaridan unumli foydalanish” mavzusida o‘quv-amaliy seminar o‘tkazildi.

Seminarda viloyat xalq ta'limi boshqarmasi boshlig‘i R.Yuldashev, Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi viloyat bo‘limi boshlig‘i M.Bobobekova, tuman hokimligi, prokuraturasi, tuman xalq ta'limi bo‘limi xodimlari, umumiy o‘rta ta'lim maktablari direktorlari, direktor o‘rinbosarlari, fan o‘qituvchilari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.

    Seminarda davlatimizning yoshlar ta'lim-tarbiyasiga qaratayotgan katta e'tibori, ta'limga yangicha yondashuv, umumta'lim maktablari o‘qituvchilarining bilimi va salohiyatini oshirish hamda ta'lim sohasi xodimlari oldida turgan ustuvor vazifalar to‘g‘risida so‘z yuritildi.    

    Seminar ishtirokchilariga ta'lim muassasalarini yangi o‘quv yiliga tayyorlash, fan o‘quv xonalarini Xalq ta'limi vazirligi tavsiyalari asosida jihozlash, zamonaviy axborot texnologiyalarini ta'limga keng joriy etish,  o‘quvchilarni darsliklar bilan to‘liq ta'minlash, kutubxona fondini badiiy adabiyotlar bilan boyitish, sport maydonchalari hamda sport zalini yangi o‘quv yiliga tayyorlash, fan o‘qituvchilari, axborot resurs markazi rahbarlari hamda kutubxonachilar o‘rtasida ilmiy, ijodiy hamda yangi pedagogik texnologiyalarga asoslangan hamkorlikni joriy etish to‘g‘risida ma'lumotlar berildi.

    Maktabda ta'lim-tarbiya  sifati va samaradorligini oshirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar seminar ishtirokchilari tomonidan kuzatib borildi.    

    Seminar ishtirokchilariga umumiy o‘rta ta'lim maktablarini yangi 2018-2019 o‘quv yiliga tayyorlash bo‘yicha Harakatlar dasturiga muvofiq ta'lim muassasalarida faoliyat ko‘rsatayotgan fan o‘qituvchilarining bilimini yanada oshirish, ilg‘or, tajribali o‘qituvchilarning ish tajribalarini ommalashtirish, o‘quvchilarga sifatli ta'lim-tarbiya berishda ilg‘or pedagogik texnologiyalardan unumli foydalanish,  fizika, kimyo, biologiya fanlaridan o‘quv-laboratoriya mashg‘ulotlarini namunali tashkil etish, ko‘rgazmali vositalardan samarali foydalanish bo‘yicha tavsiyalar berildi.    

    Ishtirokchilar yangi o‘quv yilida darslarni sifatli tashkil etish to‘g‘risida fikr, mulohaza va takliflarini bildirishdi.

   Yangi 2018-2019 o‘quv yili oldidan tashkil etilayotgan o‘quv-amaliy seminarlar viloyatimizdagi barcha ta'lim muassasalarida davom ettirilmoqda.


Kiritilgan vaqti: 04/07/2018 16:32;   Ko‘rilganligi: 179
 
Material manzili: http://samvxtb.uz/oz/press/news/yangi-oquv-yiliga-tayyorgarlik-ishlari-davom-etmoqda
Chop etilgan vaqti: 16/09/2019 17:40
Matnni o‘qish uchun ushbu tugmani bosing