Samarqand viloyat hokimligi
Xalq ta'limi boshqarmasi
w w w . s a m x t b . u z

 

Yangi tahrirdagi DTS talablarini amaliyotga joriy etish o‘qituvchining asosiy vazifasidir

Davr taraqqiyoti umumta'lim fanlarini o‘qitishning uzluksizligi va izchilligini ta'minlash, zamonaviy metodologiyasini yaratish, umumiy o‘rta va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi davlat ta'lim standartlarini kompetensiyaviy yondashuv asosida takomillashtirish, o‘quv-metodik majmualarning yangi avlodini ishlab chiqish va amaliyotga joriy etishni taqazo qilayotir. Shu bois mamlakatimizda «Ta'lim to‘g‘risida»gi va «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari asosida 2017 yil 6 aprelda Vazirlar Mahkamasining “Umumiy o‘rta va o‘rta maxsus, kasb-hunar  ta'limining davlat ta'lim standartlarini  tasdiqlash to‘g‘risida”gi 187-sonli qarori qabul  qilindi.

Davlat ta'lim standartining maqsadi — umumiy o‘rta ta'lim tizimini mamlakatda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, rivojlangan xorijiy mamlakatlarning ilg‘or tajribalari hamda ilm-fan va zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalariga asoslangan holda tashkil etish, ma'naviy barkamol va intellektual rivojlangan shaxsni tarbiyalashdan iboratdir.

Shu munosabat bilan joriy yilning may oyida Xalq ta'limi vazirligining 2017 yil 16 maydagi 166-sonli buyrug‘i asosida Abdulla Avloniy nomidagi xalq ta'limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish institutida respublikamizdagi barcha viloyatlardan tajribali o‘qituvchilari tarkibidan trener o‘qituvchilar tayyorlandi. Ushbu o‘quvlarda viloyatimizdan ham barcha umumta'lim fanlari yo‘nalishida 40 nafar professor o‘qituvchilar va malakali pedagoglar ishtirok etib, yangi tahrirdagi DTSning mazmun-mohiyati va unga kiritilgan yangiliklar bo‘yicha bilim va malakalarini oshirishdi.

O‘z navbatida Samarqand ushbu trener o‘qituvchilar viloyat “Barkamol avlod” bolalar markazi hamda viloyat xalq ta'limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish institutida tashkil etilgan o‘quv seminarlarida viloyatimiz tuman, shaharlaridan taklif etilgan o‘qituvchilarga ushbu qarorning mazmun mohiyati va uni amaliy ish faoliyatiga joriy etish bo‘yicha batafsil ma'lumot va tavsiyalar berishdi.

Tadbirni viloyat xalq ta'limi boshqarmasi boshlig‘i Rustam Yuldashev kirish so‘zi bilan ochib, yig‘ilganlarga Davlat ta'lim standartining vazifalari,  umumiy o‘rta ta'lim mazmuni va sifatiga qo‘yiladigan talablar, milliy, umuminsoniy va ma'naviy qadriyatlar asosida o‘quvchilarni tarbiyalashning samarali shakllari va usullari hamda o‘quv-tarbiya jarayoniga pedagogik va zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, umumiy o‘rta ta'lim muassasalarining o‘quvchilari va bitiruvchilarining malakasiga qo‘yiladigan talablar, kadrlarni maqsadli va sifatli tayyorlash uchun ta'lim, fan va ishlab chiqarishning samarali integratsiyasini ta'minlash davr talabi ekanligini ta'kidladi. Ta'lim va uning pirovard natijalari, o‘quvchilarning malaka talablarini egallaganlik darajasini tizimli baholash tartibini, shuningdek ta'lim-tarbiya faoliyati sifatini nazorat qilishning huquqiy asoslarini takomillashtirish, davlat ta'lim standartlari talablarining ta'lim sifati va kadrlar tayyorlashga qo‘yiladigan xalqaro talablarga muvofiqligini ta'minlash xususida so‘z yuritildi.

        -Shiddat bilan ilgarilab borayotgan davr o‘qituvchidan zamon bilan hamnafas bo‘lib, ijodiy izlanib, o‘z ustida ko‘proq ishlashni taqazo etmoqda, – deydi viloyat xalq ta'limi boshqarmasi metodika bo‘limi boshlig‘i Dilrabo Saydullayeva. – Zero, bugungi kun o‘quvchisi har tomonlama mukammal, zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalari bo‘yicha zaruriy bilim, ko‘nikma va malakaga ega bo‘lgan, mustaqil fikrli avlod bo‘lib kamol topishi lozim. Galdagi vazifamiz esa ularda kompetensiyalarni shakllantirish ya'ni o‘quvchida mavjud bilim, ko‘nikma va malakalarni kundalik faoliyatda qo‘llay olish qobiliyatini rivojlantirishdan iboratdir.

Bir hafta davomida tashkil etilgan o‘quv seminarlarida yangi tahrirdagi DTSning maqsadi, vazifalari, har bir bandiga kiritilgan yangiliklarni tuman, shaharlardagi o‘qituvchilarga yetkazish, ushbu jarayonni bosqichma-bosqich sifatli tashkil etish  bo‘yicha ko‘rgazmali darslar tashkil etilib, trener-o‘qituvchilar tayyorlandi va o‘quvlar ushbu trenerlar ishtirokida tuman, shaharlarda davom ettirildi.


Kiritilgan vaqti: 20/06/2017 15:55;   Ko‘rilganligi: 114
 
Material manzili: http://samvxtb.uz/oz/press/news/yangi-tahrirdagi-dts-talablarini-amaliyotga-joriy-etish-oqituvchining-asosiy-vazifasidir
Chop etilgan vaqti: 15/07/2019 21:34
Matnni o‘qish uchun ushbu tugmani bosing