Samarqand viloyat hokimligi
Xalq ta'limi boshqarmasi
w w w . s a m x t b . u z

 

Yangiqo‘rg‘ondagi yangi maktab

Yangiqo‘rg‘on qishlog‘i Narpay tumanidagi eng yirik qishloqlardan biri bo‘lib, asosan Zoyir ota, Tepa­qo‘rg‘on va Chorbog‘  mahallalaridan tashkil topgan.

Katta o‘zbek traktining Buxoro yo‘nalishida joylashgan ushbu qishloqda  o‘tgan asrning boshlarida bunyod etilgan 220 o‘rinli eski maktab binosida o‘qish ikki, hatto uch nav­batda tashkil etilardi. To‘garak mash­g‘ulotlari o‘tishga esa sinflar yetishmasdi. Ushbu muammolar inobatga olinib, 2016 yilda yangi maktab binosi qurilishi viloyat Investitsiya dasturiga kiritildi. Yangi bino 300 o‘rinli qilib qurilganda ham ehtiyojni to‘liq ta'minlay olmasligi sababli maktabning eski binosini buzmaslik, aksincha, kapital ta'mirlash ham loyihalashtirildi.

Ayni paytda Narpay tumanidagi 7-umumta'lim maktabida 700 nafar o‘quvchilarga 54 nafar malakali o‘qituvchilar ta'lim-tarbiya berishayotir. Pedagoglarning 33 nafari oliy ma'lumotli bo‘lib, 2 nafari oliy, 14 nafari birinchi, 18 nafari ikkinchi, qolganlari esa mutaxassis toifasiga ega. Yangi maktab binosida 10 ta eng zamonaviy tarz­da jihozlangan fan kabinetlari dars samaradorligini oshirishda o‘qituvchilarga qo‘l kelayotir.

Muhtasham qurilgan ikki qavatli binoning o‘ng tarafida kapital ta'mirdan chiqarilgan chiroyli ikkita o‘quv korpusi ko‘zni yashnatib turgan bo‘lsa, so‘l tarafida chor atrofi baland panjara bilan o‘ralgan 12X24 hajm­dagi sun'iy qoplamali s­tadion yangi binoning ko‘rkiga ko‘rk qo‘shib turardi. Bundan tash­qari maktabning ochiq havodagi sport majmuasi ham bo‘lib, u yerda bolalar futbol, voleybol, basketbol va sportning boshqa turlaridan mashg‘ulot o‘tishadi.

«Narpaystandartqurilish» xususiy korxonasi tomonidan bunyod etilgan, 300 o‘quvchi o‘rniga ega bo‘lgan ikki qavatli bino qurilishi va 220 o‘rinli eski o‘quv binosini kapital ta'mirlashga 1 milliard 810 million so‘m mablag‘ sarf­langan bo‘lsa, sun'iy qoplamali futbol maydonchasi qurish uchun 200 million so‘m mablag‘ ajratildi. Albatta bu maydonchani bunyod etishda mahallaning ham roli katta bo‘lib, undan mahalla yoshlari ham  foydalanishmoqda.

O‘qituvchilar o‘z bilim va malakalarini oshirish uchun doimiy izlanishda bo‘lib, turli ko‘rik-tanlovlarga muntazam qatnashishadi. Iqtidorli o‘quvchilarni tanlab, ularni Bilimlar bellashuvi va umumta'lim fanlari olim­pia­dasiga tayyorlashadi. O‘tgan 2015-2016 o‘quv yilida o‘tkazilgan Bilimlar bellashuvining tuman bosqichida 7-sinf o‘quvchisi Farangiz Amirqulova chet tili fani bo‘yicha birinchi o‘rinni egallab, ushbu tanlovning viloyat bos­qichida ham muvaffaqiyatli qatnashdi. Shuningdek,             7-sinf o‘quvchilari Nigina Qo‘chqorova geografiya fanidan, Shahzoda Boltayeva rus tili fanidan tumanda ikkinchi o‘rinni, Hilola Qoraxonova matematika fanidan uchinchi o‘rinni egallashga erishdi.

Maktabda ta'lim samaradorligiga erishish, malakali mutaxassislar tayyorlash maqsadida Ustoz-shogird an'anasi ham namunali yo‘lga qo‘yilgan. Jumladan, tajribali boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Dilzebo Kamolovaga yosh pedagog Roza Samadova, Xadicha Turdiyevaga  Maftuna Umarova, matematika fani o‘qituvchisi Muborak Elmonovaga yosh o‘qituvchi Dilovar Yo‘ldosheva birkitilgan. Tajribali fransuz tili o‘qituvchisi Qandolat Berdiqulova Ozoda Eshdavlatovaga o‘z bilim va malakalarini qunt bilan o‘rgatmoqda.

Yangi maktab hovlisining chiroyiga chiroy qo‘shish maqsadida bu yerda 30 sotixlik gulzor barpo etilgan. Ming tup terak qalamchalari va 300 tup archa ekilgan. Avvalgi yillarda ekilgan 500 tupdan ziyod mevali daraxt­lar hosilga kirgan. Barcha qulayliklarga ega bo‘lgan o‘quv binosida faoliyat yuritayotgan maktab pedagoglari yanada tashabbuskorlik ko‘rsatib, o‘quv maskanining reytingini yuqori darajaga olib chiqish niyatida.


Kiritilgan vaqti: 20/01/2017 07:17;   Ko‘rilganligi: 78
 
Material manzili: http://samvxtb.uz/oz/press/news/yangiqorgondagi-yangi-maktab
Chop etilgan vaqti: 17/06/2019 20:11
Matnni o‘qish uchun ushbu tugmani bosing