Samarqand viloyat hokimligi
Xalq ta'limi boshqarmasi
w w w . s a m x t b . u z

 

“Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi - 2019” tanlovi ishtirokchilari faoliyatiga baho berish davom etmoqda!

Ayni vaqtda “Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi - 2019” tanlovining Respublika bosqichi, 1-tur bahslari davom etmoqda. Joriy yilning 10 iyul sanasidan boshlab, Xalq ta'limi vazirligining Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi rasmiy sahifasi (https://www.facebook.com/uzedu/)da tanlov o‘tkazilayotgan har bir fan bo‘yicha alohida ovoz berish jarayonlari boshlangan. Bugungi kunda ovoz berish jarayonlari faol davom etmoqda.

Shuni ta'kidlash kerakki, so‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda tanlovning ovoz berish jarayoni bilan bog‘liq ba'zi salbiy fikrlar ham bildirilmoqda. Mazkur fikrlarga e'tibor qaratsak, ularda eng yaxshi o‘qituvchini aniqlashda jamoatchilik tomonidan berilayotgan ovoz (“like”)lar hal qiluvchi ahamiyat kasb etishi mumkinligiga e'tiroz bildirilmoqda.

Aslida, tanlov jarayoniga mazkur shartni kiritishdan asosiy maqsad, xalq ta'limi tizimida faoliyat ko‘rsatayotgan shijoatli, tashabbuskor, yangilikka intiluvchan o‘qituvchilarimizning boy tajribalari bilan keng jamoatchilikni tanishtirish, ijtimoiy hayotda o‘qituvchi maqomini oshishiga oz bo‘lsa ham hissa qo‘shishdan iborat edi.

Jamoatchilik tomonidan berilgan ovozlar tanlovda ishtirokchilarning yakuniy o‘rnini hal qilmaydi. Ishtirokchilar bu shartda tanlovda to‘planishi mumkin bo‘lgan maksimal ballning 20 foizini to‘plashi mumkin.

Tanlovning asosiy bahslari – notanish sinfda dars mashg‘uloti o‘tish hamda o‘z fani bo‘yicha test sinovlari joriy yilning sentyabr oyida o‘tkaziladi. Ushbu shartlarda barcha ishtirokchilar bevosita qatnashadi. Tanlov ishtirokchilari mazkur bahslarda tanlovdagi 80 % gacha bo‘lgan ballarni qo‘lga kiritishi mumkin. Aynan shundan keyingina, eng munosib nomzodlar g‘olib deb e'lon qilinadi.

Xalq ta'limi vazirligi ishtirokchilar faoliyatiga baho berishdan avval, uning facebookdagi shaxsiy akkauntida joylashtirilgan loyiha va faoliyati bilan tanishib chiqishni, eng munosib nomzodlarga ovoz berishni tavsiya qiladi. Shu bilan birga, tanlovning Respublika bosqichida ishtirok etuvchi hududiy bosqich g‘oliblariga omad tilab, ularni tanlov jarayonlarida yanada faollikka chaqiradi!

Ovoz berish jarayoni 2019 yilning 20 avgust kuni soat 18:00 da yakunlanadi.

“Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi-2019“ ko‘rik-tanlovining Respublika bosqichi ishtirokchilari to‘g‘risida ma'lumot.


Oxirgi o‘zgarish: 13/08/2019 16:01;   Ko‘rilganligi: 4
 
Material manzili: http://samvxtb.uz/oz/press/news/yilning-eng-yaxshi-fan-oqituvchisi-2019-tanlovi-ishtirokchilari-faoliyatiga-baho-berish-davom-etmoqda
Chop etilgan vaqti: 19/08/2019 03:14
Matnni o‘qish uchun ushbu tugmani bosing