Samarqand viloyat hokimligi
Xalq ta'limi boshqarmasi
w w w . s a m x t b . u z

 

YOSHLAR KAMOLOTIDA DASTURILAMAL

5 TASHABBUS — AMALDA

Har bir bolaning qalbida bir olam orzu-umidlar bisyor. Birining qobiliyati va iste'dodi yashirin, boshqasiki oshkora. Yana biri doimiy e'tibor va g‘amxo‘rlik, nazoratga muhtoj. O‘sib kelayotgan avlodning iqtidorini shakllantirish, ularning sog‘lom va barkamol qilib tarbiyalash, bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishda Prezidentimizning 5 ta muhim tashabbusi ayni jihatdan dasturilamal bo‘lib kelayotgani e'tiborga molik.

Samarqand shahridagi 1-Mehribonlik uyida Samarqand viloyati xalq ta'limi boshqarmasi, viloyat prokuraturasi hamda jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi hamkorligida tashkil etilgan tadbir ham ushbu muhim tashabbuslarning amaliy ifodasi bo‘ldi. Tadbirning ochilish marosimida so‘zga chiqqan Samarqand viloyat prokurorining katta yordamchisi U. Muhammadiyev, viloyat xalq ta'limi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari O. Jangirov, viloyat jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi boshlig‘i Sh.Ro‘ziyev va boshqalar yurtimizda har bir bola millati va kelib chiqishidan qat'iy nazar, teng huquqli ekanligi, mamlakatimizda ularning porloq kelajagi uchun birdek sharoit yaratilganini e'tirof etishdi. Yurtboshimizning 5 ta muhim tashabbusini Mehribonlik uylarida ham keng hayotga tatbiq etish, iqtidorli va iste'dodli yoshlarni rag‘batlantirish muhim ahamiyatga ega ekanligini ta'kidlashdi.

Tadbir bolalar va o‘smirlar sport maktablari yosh sportchilarining ko‘rgazmali chiqishlari bilan boshlandi. Sportning o‘zbek jang san'ati, muay-tay, badiiy gimnastika turlari bilan muntazam shug‘ullanib kelayotgan yigit-qizlarning mahoratli chiqishlari tarbiyalanuvchilarda sport turlariga bo‘lgan qiziqishni oshirish bilan birga ularga yuqori kayfiyat ulashdi. Shundan so‘ng, 1-Mehribonlik uyining “Lochin” hamda 10-Mehribonlik uyining “Umid” jamoalari o‘rtasida mini-futbol bo‘yicha musobaqaga start berildi. Har ikkala Mehribonlik uylarida tarbiyalanuvchi yigit-qizlar o‘rtasida shaxmat bo‘yicha bellashuvlar boshlanib ketdi. Shuningdek, tarbiyalanuvchilar kompyuter savodxonligi, pazandachilik, tikuvchilik, san'at yo‘nalishlarida iqtidorlarini namoyon etishdi.

—Bugun davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbus doirasida har kuni o‘nlab tadbirlar tashkil etilib, yoshlarimizni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish borasida amaliy ishlarga qo‘l urilyapti, — deydi viloyat prokurorining katta yordamchisi U. Muhammadiyev. — Chunki bu tashabbusda zamonaviy bilimlarni egallagan yuksak qobiliyatli yoshlarni tarbiyalash bilan birga, ularga kasb-hunar sirlarini o‘rgatish, sog‘lom turmush tarziga yo‘naltirish kabi muhim ezgu maqsadlar mujassam. Sa'y-harakatlarimiz o‘z samarasini berayotgani esa quvonarlidir.

Viloyat futbol federatsiyasining malakali murabbiylari tomonidan boshqarib borilgan mini-futbol musobaqasi qizg‘in bahslarga boy o‘tdi. Yakunida 1-Mehribonlik uyining “Lochin” jamoasining qo‘li baland kelib, yuqori hisobda “Umid” jamoasini mag‘lubiyatga uchratdi. Shaxmat bo‘yicha o‘g‘il bolalar bahsida 1-o‘rin 1-Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchisi D.Qodirjonovga, 2-o‘rin esa 10-Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchisi H.Aminjonovga nasib etdi. Qizlar o‘rtasida esa 10-Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchisi O.G‘aniyeva birinchi, 1-Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchisi G.Axrorova ikkinchi o‘rinni egalladi. Mini-futbol hamda shaxmat bo‘yicha musobaqa g‘oliblari va faol ishtirokchilarga tashkilotchilarning diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Tadbir bolalar musiqa va san'at maktablari o‘quvchilarining ona Vatan, mehr-muhabbat, bolalikni madh etuvchi she'r va qo‘shiqlari, ajoyib raqslari bilan yakunlandi.

Samarqand viloyati xalq ta'limi boshqarmasi axborot xizmati.


Oxirgi o‘zgarish: 26/12/2019 17:10;   Ko‘rilganligi: 101
 
Material manzili: http://samvxtb.uz/oz/press/news/yoshlar-kamolotida-dasturilamal
Chop etilgan vaqti: 28/02/2020 01:11
Matnni o‘qish uchun ushbu tugmani bosing