Samarqand viloyat hokimligi
Xalq ta'limi boshqarmasi
w w w . s a m x t b . u z

 

Zulfiyaxonim izdoshi

Mamlakatimizda xotin-qizlarga hurmat va ehtirom ko‘rsatish, ularning jamiyatdagi o‘rni va nufuzini oshirish, sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazish, iqtidori va ibratli faoliyati bilan tengdoshlariga o‘rnak bo‘layotgan qizlarni rag‘batlantirishga alohida ahamiyat berilmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning 8 mart — «Xalqaro xotin-qizlar kuni»ga bag‘ishlangan bayram tadbirida «Mustaqillikning birinchi kunlaridan boshlab xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini ta'minlash, ular uchun munosib mehnat va turmush sharoitini yaratib berish, qobiliyat va salohiyatini ro‘yobga chiqarish masalasi yurtimizda davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi», deya e'tirof etganligi ham fikrimizni isbotlaydi.

Joriy yilning 4 mart kuni «Navro‘z» qabullar uyida bo‘lib o‘tgan anjumanda davlatimiz rahbari adabiyot, san'at, fan, ta'lim, madaniyat, sport sohalarida erishgan alohida yutuqlari uchun Zulfiya nomidagi davlat mukofotiga munosib deb topilgan 15 nafar iqtidor sohibalari haqida ham ijobiy fikrlar bildirdi va mazkur mukofotni ularga tantanali ravishda topshirdi. Ushbu nufuzli mukofotga sazovor bo‘lgan qizlar orasida Ishtixon tumanidagi 1-ixtisoslashtirilgan davlat umumta'lim maktabining 9-«A» sinf o‘quvchisi Dildora O‘roqova ham bor.

Dildora O‘roqova 2001 yil 17 oktyabrda Ishtixon shahrida ziyoli oilada tug‘ildi. Otasi Akmal Yo‘ldoshev tumandagi 30-umumta'lim maktabida qator yillardan buyon rus tili va adabiyotidan dars beradi. Onasi Dilorom Yo‘ldosheva tuman markaziy shifoxonasida laborant bo‘lib ishlaydi. Dildoradagi aqliy salohiyat va kuchli iqtidorni erta anglagan boshlang‘ich sinf rahbari Rohat Abdiyeva bu qiz bilan darsdan tashqari vaqtlarda ham alohida shug‘ullana boshladi. Yuqori sinfga o‘tgan vaqtda uning iqtidori matematika fani o‘qituvchisi Shuhrat Xo‘janazarovning e'tiborini tortdi. A'lochi qiz 5-sinfdaligidan boshlab murakkab matematik amallar, fan olimpiadasiga doir masalalar bilan alohida shug‘ullana boshladi. Matematika va ona tili fanlariga ixtisoslashtirilgan ushbu maktabda yo‘lga qo‘yilgan sog‘lom muhit, iqtidorli o‘quvchilar bilan ishlash, maktabda tashkil etilgan imkoniyatlar, yuqori bilim va malakaga ega bo‘lgan pedagogik jamoa, maktab rahbariyatining o‘quvchilarning iqtidorini yuzaga chiqarish uchun doimiy harakatda bo‘lishi Dildoraning turli yo‘nalishlarda ketma-ket yutuqlarga erishishiga zamin yaratdi.

2012-2013 o‘quv yilida Dildora O‘roqova Bilimlar bellashuvining viloyat bos¬qichida faxrli 3-o‘rinni egallagan bo‘lsa, 2014-2015 o‘quv yilida ushbu tanlovning viloyat bosqichida faxrli 1-o‘rinni egallab, Respublika bosqichida ham faol ishtirok etdi va 3-darajali diplom bilan taqdirlandi. 2015-2016 o‘quv yilida ham Bilimlar bellashuvining Respublika bosqichida muvaffaqiyatli qatnashib, diplom sohibi bo‘ldi. Dildora izlanuvchan va tirishqoq qiz bo‘lganligi uchun faqat matematika fani bilan kifoya¬lanib qolmasdan, maktabda o‘tkaziladigan barcha tanlovlarda faol ishtirok etadi. 2016 yilning dekabr oyida «Konstitusiya-baxtimiz poydevori» mavzusidagi tanlovning tuman va viloyat bosqichlarida faxrli 1-o‘rinni egallab, Respublika bosqichida ham qatnashdi. Qizg‘in va murosasiz bahslarga boy bo‘lgan tanlovning Respublika bos¬qichida ham unga omad kulib boqdi. Xalq ta'limi vazirligi tomonidan 1-darajali diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi. 2017 yil «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati tomonidan o‘tkazilgan «Eng faol kitobxon» tanlovining viloyat bosqichida u sardorlik qilgan jamoa 3-o‘rinni egallashdi. Dildora O‘roqovaning ta'lim va fan sohasida erishgan yutuqlari munosib baholandi. U Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibasi bo‘ldi. Uning oila a'zolari, maktabdosh do‘stlari, ustozlari va mahalladoshlari bu ulkan muvaffaqiyatdan juda sevinishdi.

— Bu quvonchli kun umr kitobimning zarvaraqlariga bir umrga muhrlanadi, — deydi Dildora. — Negaki, ushbu nufuzli mukofotga sazovor bo‘lishning o‘zi bir baxt bo‘lsa, mukofotni muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning o‘z qo‘llaridan olish ulkan sharafdir. Shu bilan birga fan sirlarini egallashim, o‘z iqtidorim va salohiyatimni ishga solgan holda mustaqil davlatimiz taraqqiyotiga o‘z hissamni qo‘shishim uchun ulkan mas'uliyat ham yuklaydi.

Darhaqiqat, Dildora sinf sardori sifatida sinf rahbari Shuhrat Xo‘janazarovning eng yaqin ko‘makdoshi. Maktab «Orasta qizlar» to‘garagi sardori. Maktab boshlang‘ich xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan tashkil etiladigan barcha tadbirlarning faol ishtirokchisi. «Kamolot» YOIH boshlang‘ich tashkiloti sardori. Zulfiyaxonim izdoshi — Dildora O‘roqova va uning ustozlariga yuksak mukofot muborak bo‘lsin, deya maktab jamoasini yaqinlashib kelayotgan ulug‘ ayyom – Navro‘zi olam bilan samimiy qutlaymiz.


Oxirgi o‘zgarish: 24/11/2017 08:56;   Ko‘rilganligi: 90
 
Material manzili: http://samvxtb.uz/oz/press/news/zulfiyaxonim-izdoshi
Chop etilgan vaqti: 17/06/2019 20:09
Matnni o‘qish uchun ushbu tugmani bosing