Samarqand viloyat hokimligi
Xalq ta'limi boshqarmasi
w w w . s a m x t b . u z

 

“Bolalarni maktab ta'limiga sifatli tayyorlashda maktabgacha ta'lim muassasalarining o‘rni va yangicha yondashuvi” mavzusidagi matbuot anjumani PRESS-RELIZI

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2017-2021 yillarda maktabgacha ta'lim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida “Bolalarni maktab ta'limiga sifatli tayyorlashda maktabgacha ta'lim muassasalarining o‘rni va yangicha yondashuvi” mavzusida

MEDIA-TUR

Mustaqillik yillarida respublikada milliy ta'lim va tarbiya tizimi davlat siyosatining asosiy ustuvor yo‘nalishi darajasiga ko‘tarildi. O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning bevosita rahbarligida ishlab chiqilgan va jahon hamjamiyati tomonidan keng e'tirof etilgan Kadrlar tayyorlash milliy dasturining muvaffaqiyatli joriy etilishi natijasida mamlakatda noyob uzluksiz ta'lim tizimi barpo etildi.

Maktabgacha ta'lim sohasi mazkur tizimning ilk bo‘g‘ini hisoblanadi va butun ta'lim-tarbiya tizimining asosiy maqsadi bo‘lgan – barkamol avlodni tarbiyalashga erishishda muhim ahamiyat kasb etadi.

O‘zbekistonda amaliyotga tatbiq etilgan uzluksiz ta'lim tizimida maktabgacha ta'lim bolaning sog‘lom, har tomonlama kamol topib shakllanadigan, uning o‘qishga intilishini va bilim olishga bo‘lgan dastlabki qiziqishini uyg‘otadigan muhim bosqichga aylantirildi.  

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 29 dekabrdagi “2017-2021 yillarda maktabgacha ta'lim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining qabul qilinganligi bolalarning har tomonlama intellektual, axloqiy, estetik va jismoniy rivojlanishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratib beradi.

Ushbu Dastur 2017-2021 yillarga mo‘ljallangan keng ko‘lamli kompleks tadbirlarni amalga oshirishni ko‘zda tutadi. Unda bolalarni maktabga tayyorlash darajasini tubdan yaxshilash, ta'lim-tarbiya jarayoniga zamonaviy ta'lim dasturlarini tadbiq etish, bolalarni har tomonlama intellektual, ahloqiy, estetik va jismoniy rivojlantirish uchun shart-sharoitlarini yaratish belgilangan. Jumladan, maktabgacha ta'lim sifatini oshirish, bolalarni maktabga sifatli tayyorlashni tubdan yaxshilash chora-tadbirlariga alohida urg‘u beriladi.

Dasturda maktabgacha ta'lim muassasalarida 5-6 yoshli bolalarni maktab ta'limiga tayyorlash bo‘icha an'anaviy maktabga tayyorlash shakllari bilan bir qatorda uning muqobil shakllarini yaratish va rivojlantirish ham ko‘zda tutilgan. Jumladan, yurtimiz bo‘yicha maktabagcha ta'lim muassasalarida 6100 ta qisqa muddatli guruhlar tashkil etilishi rejalashtirilgan. Maktabgacha ta'lim muassasidagi qisqa muddatli guruhlarni tashkil etish bolalarni maktab ta'limiga tayyorlashning samarali shakli bo‘lib qoladi.

Keyingi yillarda maktabgacha ta'lim muassasalarining faoliyat samaradorligini oshirish va moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga yo‘naltirilgan qator tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Birgina 2015-2016 yillar davomida 459 ta maktabgacha ta'lim muassasasi mukammal ta'mirlandi va zamonaviy talablarga mos ravishda jihozlandi.

Shu bilan birga, bugungi kunda maktabgacha ta'lim muassasalarining ta'lim dasturlari va o‘quv-tarbiyaviy rejalariga qo‘yilgan davlat talablarini takomillashtirish dolzarb masalaligicha qolmoqda. Aksariyat maktabgacha ta'lim muassasalarining moddiy-texnika bazasi zamon talablariga javob bermaydi. Bolalarni maktabgacha ta'limga qamrab olish ko‘rsatkichi hamon pastligicha qolmoqda.

Mavjud muammolarni amaliy bartaraf etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2017-2021 yillarda maktabgacha ta'lim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Dastur asosida quyidagi keng ko‘lamli kompleks tadbirlarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan:

  • bolalarning har tomonlama intellektual, axloqiy, estetik va jismoniy rivojlanishi uchun ilg‘or xorijiy tajribalarni inobatga olgan holda zarur shart-sharoitlar yaratish;
  • maktabgacha ta'lim muassasalari uchun pedagog kadrlarni tayyorlash va malakasini oshirish o‘quv reja va dasturlarini zamonaviy pedagogik texnologiya va metodlarni inobatga olgan holda takomillashtirish;
  • 2200 ta maktabgacha ta'lim muassasasining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, jumladan qishloq aholi punktlarida yangi maktabgacha ta'lim muassasalarini qurish, ularni zamonaviy talablarga javob beradigan inventar, uskunalar, o‘quv-metodik qo‘llanmalar, multimedia resurslari bilan ta'minlash. Ushbu tadbirlarni amalga oshirish uchun jami 2.2 trillion so‘m mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilmoqda.

Yangi qurilayotgan maktabgacha ta'lim muassasalarida avvalgilaridan farqli ravishda yangi loyiha asosida qurilishi rejalashtirilgan. Xususan, bolalarning yangi shakldagi va qulay sharoitga ega yozgi ayvonchalarini, suzish basseynlarini qurish inobatga olingan. Bunday qulayliklar kichkintoyning jismoniy va ma'nan sog‘lom, barkamol avlod bo‘lib o‘sishida katta ahamiyat kasb etadi.

Shuni alohida ta'kidlab o‘tish kerakki, maktabgacha ta'lim muassasalarining aksariyati qishloqlarda joylashgan. Aholi gavjum joylarda 120 o‘rinli maktabgacha ta'lim muassasalari quriladi. Dastur asosida ikkita tipdagi maktabgacha ta'lim muassasalarini qurish mo‘ljallangan: 120 nafar tarbiyalanuvchi uchun 70 o‘rinli, 170 nafar tarbiyalanuvchi uchun 120 o‘rinli muassasa.

Qaror bilan belgilangan kompleks tadbirlarning amalga oshirilishi natijasida quyidagilarga erishiladi:

  • yuqori sifatli maktabgacha ta'limni ta'minlash, bolalarni sifatli maktabga tayyorlashni tubdan yaxshilash, ta'lim-tarbiya jarayoniga muqobil dasturlarni joriy etishga;
  • bolalarni maktabga tayyorlashning muqobil shakli bo‘lgan 6100 ta qisqa muddatli guruhni tashkil etishga;
  • 3-6 yoshdagi maktabgacha ta'lim muassasalariga qamrab olinmagan bolalarni ularning ota-onalarini metodik qo‘llanmalar bilan ta'minlash orqali maktab ta'limiga tayyorlashni tashkil etishga;
  • maktabgacha ta'lim muassasalari tarmog‘ini 50 ta yangi qurilish hamda mavjud muassasalarning 1167 tasini rekonstruksiya qilish va 983 tasini mukammal ta'mirlash orqali kengaytirishga;
  • qishloq joylardagi maktabgacha ta'lim muassasalarida ota-onalar badal to‘lovini 30 foizgacha kamaytirishga;
  • bolalarning maktabgacha ta'limga qamrovini 1,5 barobar oshirishga.

Dasturning samarali amalga oshirilishi unda ko‘zda tutilgan ko‘rsatkichlar ijrosining borishini tizimli monitoring qilib borish orqali Xalq ta'limi vazirligining doimiy nazoratida bo‘ladi.

Qarorning amalga oshirilishi davlat siyosatining asosiy ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida respublikamizning uzluksiz ta'lim tizimini yanada isloh qilish borasidagi rivojlanish yo‘lining uzviy va bosqichma-bosqichligini ta'minlaydi.

Qisqa sarlarda:

  • Bugungi kunda respublika bo‘yicha jami davlatga qarashli 4916 ta maktabgacha ta'lim muassasalarida 668 497 nafar bolalar tarbiyalanmoqda;
  • 194 ta nodavlat maktabgacha ta'lim muassasasiga 11 746 nafar tarbiyalanuvchilar qamrab olingan;
  • yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida maktabgacha ta'limning yangi muqobil shakli yaratildi. Unga ko‘ra qisqa muddatli (3-4 soatlik mashg‘ulotlar) maktabga tayyorlash guruhlari tashkil etildi;
  • hozirda respublika bo‘yicha 2302 ta ana shunday guruhlar faoliyat ko‘rsatib, ularda 49 243 nafar bolajonlar ta'lim-tarbiya olmoqda;
  • bugungi kunda respublikadagi 2931 ta maktabgacha ta'lim muassasasida ma'naviyat xonalari, 526 ta muassasada muzeylar, 485 ta maskanda kutubxonalar ishlab turibdi;
  • maktabgacha ta'lim muassasalarida jami 55 692 nafar pedagoglar faoliyat ko‘rsatmoqda;
  • farzandi maktabgacha ta'lim muassasasiga qamrab olinmagan ota-onalarga ko‘maklashish maqsadida 5 nomdagi qo‘llanmalar tayyorlanib, 2,5 mln. nusxada tarqatildi.

Boshqarma axborot xizmati

Telefon: 233-37-65

E-mail: samarqand_vxtb@xtv.uz

www.pastdargom.xtb.uz


Kiritilgan vaqti: 30/01/2017 08:32;   Ko‘rilganligi: 347
 
Material manzili: http://samvxtb.uz/oz/press/press-releases/bolalarni-maktab-talimiga-sifatli-tayyorlashda-maktabgacha-talim-muassasalarining-orni-va-yangicha-yondashuvi-mavzusidagi-matbuot-anjumani-press-relizi
Chop etilgan vaqti: 19/08/2019 07:13
Matnni o‘qish uchun ushbu tugmani bosing