Samarqand viloyat hokimligi
Xalq ta'limi boshqarmasi
w w w . s a m x t b . u z

 

MAKTAB YARMARKALARINI tashkil etilishi bo‘yicha MEDIA-TUR

MAKTAB YARMARKALARINI

tashkil etilishi bo‘yicha

MEDIA-TUR

Yangi o‘quv yili boshlanishi munosabati bilan umumta'lim maktablari o‘quvchilarini asosiy turdagi o‘quv qurollari, darsliklar, maktab formasi, kiyim-kechaklar va poyabzallar bilan ta'minlash hamda ota-onalar uchun qulaylik yaratish maqsadida joriy yilning 10 avgustidan 10 sentyabrigacha respublikamizda jami 1325 ta maktab yarmarkalari tashkil etiladi.

Maktab yarmarkalarining 927 tasi umumiy o‘rta ta'lim maktablarida (ularga 5685 ta maktablar biriktirilgan) tashkil etilib, ulardan 2,776 mln. nafar o‘quvchi, 205 ta akademik litsey va kasb-hunar kollejlarida o‘tkaziladigan yarmarkalardan 1,185 mln. nafar o‘quvchi, 193 ta aholi gavjum bo‘lgan bozorlarda 2.191 mln. nafar o‘quvchilar foydalanishi rejalashtirilgan.

Respublikadagi barcha maktab yarmarkalarida 26 turdagi zaruriy o‘quv qurollari va jihozlari sotuvi tashkil etiladi. Bular: o‘quvchi daftari, umumiy daftar, kundalik daftari, rasm daftari, ruchka, portfel (ranets), chizg‘ich, sirkul, akvarel buyoqlari, rangli qalamlar, flomaster, vatman qog‘ozi, o‘chirg‘ich, plastilin, yelim (kley), rangli qog‘oz, qalam yo‘ng‘ich, qalamdon (penal), nota daftari, idora daftari, tush, oddiy va rangli bo‘r, barxat qog‘oz, qiz bolalar va o‘g‘il bolalar uchun poyabzallar, bolalar sport kiyimlari.

Maktab yarmarkalari faoliyatini uyushqoqlik bilan tashkil etish va muvofiqlashtirish maqsadida mahalliy hokimliklarda mutasaddi tashkilotlar vakillaridan iborat Ishchi guruhlar tuzilgan.

Joylarda tashkil etiladigan maktab yarmarkalariga asosiy turdagi mahsulotlarni aniqlangan ehtiyoj asosida O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi, “O‘zbekengilsanoat” kompaniyasi, “O‘zbekcharmpoyabzali” uyushmasi, “O‘zdavkitob – taminotsavdo”, “Sharq ziyokori” MCHJ va “Sharq” kompaniyasi yetkazib beradi. Yetkazib berilgan mahsulotlarning saqlanishi, ularni yong‘indan saqlash, sanitariya holatini yaxshilash hamda boshqa zaruriy xavfsizlik choralari tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda amalga oshiriladi. Yarmarkalar tashkil etiladigan ta'lim muassasalarining hovli va foyelarida alohida joylar ajratilib, zarur javonlar bilan jihozlangan.

Mahalliy hokimliklar xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda maktab yarmarkalarida savdosi tashkil etilayotgan mahsulotlarning O‘zbekiston Respublikasidagi amaldagi standartlar talablariga javob berishini hamda ularning sifatini nazorat qiladi.

Maktab yarmarkalarida sotiladigan mahsulotlar narx-navolarining sun'iy ravishda oshib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik hamda ularda to‘lov terminallarining uzluksiz ishlashini yo‘lga qo‘yish maqsadida mahalliy hokimliklar va davlat soliq qo‘mitasi tomonidan doimiy nazorat yo‘lga qo‘yilgan.

Yarmarkalarda savdo ishlarini amaldagi soliq va bank qonunchiligiga to‘liq rioya qilgan holda o‘tkazish hamda aholiga qo‘shimcha qulaylik yaratish maqsadida savdo tashkilotlari va xususiy tadbirkorlik subyektlarida barcha turdagi to‘lov terminallari o‘rnatilishi belgilandi.

Joylarda tashkil etiladigan maktab yarmarkalarining manzillari, ulardagi mavjud mahsulotlar turlari haqida ommaviy axborot vositalari orqali targ‘ibot ishlari olib borilmoqda.

2017 yil 7 avgust kuni “Barkamol avlod" respublika bolalar badiiy ijodiyot markazida maktab o‘quv qurollari, adabiyotlar, bolalar kiyim-kechaklari hamda poyabzallar Respublika ko‘rgazmasi o‘tkaziladi. Ko‘rgazmada mahalliy ishlab chiqaruvchilar, maktab yarmarkasini tashkil etishga mas'ul tashkilot va idoralar mutaxassislari, ommaviy axborot vositalari xodimlari va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etadi.

Boshqarma axborot xizmati

Telefon: 233-37-65

E-mail: samarqand_vxtb@xtv.uz

www.pastdargom.xtb.uz


Kiritilgan vaqti: 10/08/2017 08:46;   Ko‘rilganligi: 21
 
Material manzili: http://samvxtb.uz/oz/press/press-releases/maktab-yarmarkalarini-tashkil-etilishi-boyicha-media-tur
Chop etilgan vaqti: 21/04/2019 01:38
Matnni o‘qish uchun ushbu tugmani bosing