Samarqand viloyat hokimligi
Xalq ta'limi boshqarmasi
w w w . s a m x t b . u z

 

TA'LIM SIFATINI OSHIRISHGA BAG‘ISHLANGAN VILOYAT SEMINARI

“Islohotlar samaradorligini ta'minlash, o‘qituvchilarning kasbiy mahoratini  oshirish, ta'lim sifati nazoratini kuchaytirish hamda tarbiya sohasida zamonaviy uslublarni qo‘llash ishlarini tashkillashtirish, “Oila-mahalla-maktab-oliy ta'lim” hamkorligini mustahkamlash” pirovard maqsadimiz” mavzusidagi seminarning

PRESS-RELIZI

 

Samarqand viloyati                                                                      4.12.2019

 

2019 yil 4 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta'lim sifatini nazorat qilish Davlat inspeksiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi, Ta'lim sifatini baholash bo‘yicha xalqaro tadqiqotlarni amalga oshirish milliy markazi hamkorligida Samarqand viloyati Oqdaryo tumanidagi 41-umumiy o‘rta ta'lim maktabida “Islohotlar samaradorligini ta'minlash, o‘qituvchilarning kasbiy mahoratini  oshirish, ta'lim sifati nazoratini kuchaytirish hamda tarbiya sohasida zamonaviy uslublarni qo‘llash ishlarini tashkillashtirish, “Oila-mahalla-maktab-oliy ta'lim” hamkorligini mustahkamlash” pirovard maqsadimiz” mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi. Seminarda Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi hamda uning hududiy vakillari, viloyat xalq ta'limi boshqarmasi rahbar xodimlari, tuman (shahar) xalq ta'limi bo‘limlarining mudirlari, bo‘limlarning rus tili va adabiyoti, xorijiy tillar, amaliy fanlar, boshlang‘ich ta'lim, ijtimoiy fanlar metodistlari, maktab direktorlari, oliy ta'lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari ishtirok etdi.

Seminarda so‘zga chiqqanlar mamlakatimizda ta'lim sifati va samaradorligini oshirish, faoliyatni tanqidiy tahlil etish orqali sohadagi kamchiliklarni aniqlash, bu borada ayni paytda amalga oshirilayotgan ishlar xususida to‘xtalib o‘tishdi. Ta'lim sifatini oshirish maqsadida qator xorijiy tajribalarni hayotga tatbiq etish, pedagoglarning malakasini oshirishdagi ustuvor vazifalarni tilga olishdi. Shuningdek, o‘qituvchilarning kasbiy mahoratini  oshirish, ta'lim sifati nazoratini kuchaytirish hamda tarbiya sohasida zamonaviy uslublarni qo‘llash ishlarini tashkillashtirish xususida taklif va tavsiyalar bildirildi.

Shundan so‘ng, aniq, tabiiy va ijtimoiy gumanitar fanlar bo‘yicha oliy ta'lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining mahorat darslari boshlandi. Professor-o‘qituvchilar umumiy o‘rta ta'lim maktablarining fan o‘qituvchilariga o‘z ustida ishlash, dars mashg‘ulotlarida noan'anaviy metodlarni qo‘llash, puxta bilim, keng dunyoqarashga ega avlodni voyaga yetkazishga oid malaka va tajribalari bilan o‘rtoqlashdi. O‘qituvchilar malakali mutaxassislardan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.

Darhaqiqat, bugun umumiy o‘rta ta'lim maktablarida ta'lim sifati va samaradorligini oshirish, o‘quvchilar bilimini baholashda xorijiy dasturlarni keng hayotga tatbiq etishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Jumaladan, PISA tizimi o‘quvchilarning ta'lim sohasidagi yutuqlarini baholash bo‘yicha xalqaro dastur bo‘lib, dasturning asosiy maqsadi — 15 yoshli o‘quvchilarning o‘qish savodxonligi, matematik savodxonlik va tabiiy fanlar bo‘yicha savodxonlik darajalarini turli xil testlar ko‘rinishida baholashdan iborat. Ushbu loyihalar o‘quvchi yoshlarning ijodiy va tanqidiy fikrlashlari, olgan bilimlarini hayotda qo‘llay olish qobiliyatlariga baho berish va keyinchalik bu ko‘nikmalarni hosil qilishga undashdir.

Ushbu dastur 1997 yilda joriy etilgan bo‘lib, har uch yilda bir marta o‘tkazib kelinadi. Birinchi marta 2000 yilda o‘tkazilgan bo‘lib, 43 ta mamlakatdan o‘quvchi yoshlar o‘z bilimlarini sinab ko‘rgan. 2003 yilda 41, 2006 yilda 55, 2009 yilda 75, 2012 yilda 65, 2015 yilda 71 va 2018 yilda 78 ta mamlakatdan o‘quvchi yoshlar ishtirok etganini ko‘rish mumkin.

Dastur mamlakatdagi jami 15 yoshli o‘quvchi yoshlarning 3 foizini qamrab oladi. Har 3 yilda bitta fan yo‘nalishiga afzallik berilib, 2000 yilda ilk bor o‘qish savodxonligiga urg‘u berilgan holda o‘tkazilgan. Demak, uch yilda bir marotaba o‘tkazilishini inobatga oladigan bo‘lsak 2021 yilda matematik savodxonlikka urg‘u beriladi.

PISA dasturining asosiy maqsadi mamlakatlar ichida ta'lim siyosati sohasidagi qarorlar qabul qilishni qo‘llab-quvvatlashdan iborat. Uch yillik sikllar davomida dasturni amalga oshirilishi esa o‘z navbatida mamlakatlarga o‘z vaqtida axborot berish, tegishli dasturlarning ta'sirini tahlil qilish uchun ma'lumotlarni taqdim etish imkoniyatini yaratib beradi.

15 yoshli o‘quvchi yoshlar o‘rtasida dasturni amalga oshirilishini sababi esa ushbu yoshda aksar iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkilotiga a'zo davlatlarning o‘quvchi yoshlari majburiy ta'limning oxirgi bosqichiga o‘tadi.

Ushbu dasturning mukammalligi shundaki, u butun dunyo bo‘yicha aynan 15 yoshli o‘quvchi yoshlarning bilim va ko‘nikma darajalarini o‘lchovchi yagona dastur bo‘lib xizmat qiladi.


Oxirgi o‘zgarish: 05/12/2019 16:27;   Ko‘rilganligi: 159
 
Material manzili: http://samvxtb.uz/oz/press/press-releases/talim-sifatini-oshirishga-bagishlangan-viloyat-seminari
Chop etilgan vaqti: 07/04/2020 23:33
Matnni o‘qish uchun ushbu tugmani bosing