Samarqand viloyat hokimligi
Xalq ta'limi boshqarmasi
w w w . s a m x t b . u z

 

“Yoshlar va kitobxonlik: an'anaviy va zamonaviy usullar” mavzusidagi media-tur PRESS-RELIZI

“Yoshlar va kitobxonlik: an'anaviy va zamonaviy usullar” mavzusida media-tur

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 12 yanvardagi “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida” farmoyishining qabul qilinishi sohada bu borada tizimli ishlarni olib borishga keng imkon yaratib berdi.

Xalq ta'limi vazirligi tomonidan o‘quvchi-yoshlar orasida kitobxonlikni targ‘ib qilish, mutolaa madaniyatini shakllantirish va o‘quvchilarda kitobxonlikni targ‘ib qilish maqsadida bir qator tadbirlar o‘tkazib kelinmoqda.

         Bugungi kunda xalq ta'limi tizimida 9576 ta axborot-kutubxona muassasalari mavjud bo‘lib, shundan 12 tasi viloyat, 199 tasi tuman (shahar) va 928 tasi maktab axborot-resurs markazlari hamda 8648 tasi maktab kutubxonalari hisoblanadi. Ularga jami 4 047 738 nafar o‘quvchilar a'zo bo‘lgan.

Axborot-resurs markazlari, kutubxonalarda bugungi kunda jami 23 mln. dan ortiq kitob fondi mavjud. Ularning kitob fondini boyitish maqsadida har yili o‘quvchilarga sinfdan tashqari mutolaa uchun badiiy adabiyotlar xarid qilinadi.

2014 yilda 1-4 sinf o‘quvchilariga mo‘ljallangan 27 nomdagi jami 847 293 nusxa badiiy adabiyotlar xarid qilingan bo‘lsa, joriy yilda 5-9-sinf o‘quvchilari uchun “Maktab kutubxonasi” turkumida 28 nomdagi 1,2 mln nusxa jahon va o‘zbek bolalar adabiyotining sara asarlari xarid qilinmoqda.

O‘quvchilar orasida kitobxonlikni targ‘ib qilish maqsadida turli madaniy-ma'rifiy, intellektual tadbirlar o‘tkazib kelinmoqda. O‘quvchilar va ularning ota-onalari o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilish va rag‘batlantirish maqsadida ta'lim muassasalarida “Kitob taqdimoti”, “Adabiyot kunlari”, “Kitobim-oftobim” nomli ma'rifiy tadbirlar, “Maktab-kutubxona-oila-jamoat tashkilotlari” xayriya tadbiri va ota-onalar ishtirokida “Bir farzandga - uch kitob” aksiyalarini hamda “Eng yaxshi kitobxon o‘quvchi” va “Kitobxon maktab” tanlovlarini o‘tkazish yo‘lga qo‘yilgan.

Ta'lim muassasalarida o‘quvchilar va o‘qituvchilar o‘rtasida kitobxonlik muhitini yaratish maqsadida umumta'lim maktablarida “Kitobxonlik soatlari”ni tashkil qilish, xonadonlarda oilaviy kutubxona tashkil etish va kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish, ota-onalar o‘rtasida oilaviy kitobxonlikni targ‘ib qilish maqsadida “Eng yaxshi kitobxon oila” respublika ko‘rik-tanlovi o‘tkazib kelinmoqda.

Xalq ta'limi vazirligi tashabbusi bilan 2016 yildan boshlab axborot-kutubxona muassasalarida “Mutolaa madaniyati” haftaligi tashkil etildi. Haftalik doirasida bolalar adabiyoti ko‘rgazmasi, bolalar shoir va yozuvchilari bilan ijodiy uchrashuvlar, taqdimotlar, turli viktorina va intellektual tanlovlar, ma'rifiy tadbirlar, mahorat darslari va anjumanlar tashkil etib kelinmoqda.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi bilan hamkorlikda bolalar yozuvchi va shoirlari ishtirokida on-line muloqotlar tashkil etilmoqda.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi bilan hamkorlikda ijodkor yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Mening birinchi kitobim” loyihasi doirasida iqtidorli yoshlarning kitoblari davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan chop etilib, maktab kutubxonalariga tarqatib kelinmoqda.

Xalq ta'limi vazirligi tomonidan kitobxonlikni targ‘ib qilishda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari imkoniyatlaridan samarali foydalanishga katta e'tibor qaratilmoqda.

Bugungi kunda jami 587 nomdagi elektron axborot-ta'lim resurslari yaratilgan va amaliyotga joriy etilgan. Ulardan 119 nomdagisi vazirlik buyurtmasiga asosan boshqa tashkilotlar tomonidan, qolgan 468 nomdagisi Multimedia umumta'lim dasturlarini rivojlantirish markazi tomonidan yaratilgan.

Jumladan, Multimedia markazi tomonidan 2014 yilda 76 nomdagi, 2015 yilda 93 nomdagi, 2016 yil davomida esa 134 nomdagi elektron darsliklar, video va audiodarslar, interaktiv va animatsiyali virtual laboratoriya ishlari, testlar, ta'limiy o‘yinlar, boshqa qo‘shimcha ta'lim resurslari tayyorlangan.

Mazkur metodik qo‘llanmalar va elektron axborot-ta'lim resurslarining elektron varianti Xalq ta'limi vazirligining www.eduportal.uz axborot-ta'lim portalining “Elektron kutubxona” bo‘limiga yuklab olish va foydalanish uchun joylashtirildi.

2017 yil 24 fevral kuni Xalq ta'limi vazirligi tomonidan “Yoshlar va kitobxonlik: an'anaviy va zamonaviy usullar” mavzusida ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun media-tur tashkil etildi. Media-tur ishtirokchilari Toshkent shahri Mirobod tumanidagi 328-maktabga tashrif buyurib, mazkur muassasa misolida tizimda kitobxonlikni targ‘ib qilish, bunda zamonaviy AKT imkoniyatlaridan samarali foydalanish borasida qilinayotgan ishlar bilan tanishadilar.

Tadbir doirasida bolalar adabiyoti ko‘rgazmasi, namunaviy maktab kutubxonasi faoliyati, taniqli bolalar yozuvchi va shoirlari bilan ijodiy uchrashuvlar, umumta'lim fanlarini o‘qitishda elektron darslik va axborot resurslardan unumli foydalanish, zamonaviy AKTdan foydalangan holda darslarni o‘tish jarayonlari namoyish etiladi.

Boshqarma axborot xizmati

Telefon: 233-37-65

E-mail: samarqand_vxtb@xtv.uz

www.pastdargom.xtb.uz


Kiritilgan vaqti: 01/03/2017 08:25;   Ko‘rilganligi: 80
 
Material manzili: http://samvxtb.uz/oz/press/press-releases/yoshlar-va-kitobxonlik-ananaviy-va-zamonaviy-usullar-mavzusidagi-media-tur-press-relizi
Chop etilgan vaqti: 17/06/2019 20:15
Matnni o‘qish uchun ushbu tugmani bosing