Samarqand viloyat hokimligi
Xalq ta'limi boshqarmasi
w w w . s a m x t b . u z

 

MATBUOT ANJUMANI

2017 yil 18 iyul kuni viloyat Matbuot uyida viloyat xalq ta'limi boshqarmasi boshlig‘i Rustam Yuldashevishtirokida Prezidentimizning 2016 yil 29 dekabrdagi “2017-2021 yillarda maktabgacha ta'lim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-2707-sonli qarori ijrosi yuzasidan viloyatda amalga oshirilayotgan ishlar, 2017 yilda faoliyat ko‘rsatayotgan kunduzgi va doimiy  oromgohlar, “Yoz konsepsiyasi – 2017” tadbirlari faoliyati to‘g‘risida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Anjumanda boshqarma boshlig‘i R.Yuldashev mavzu yuzasidan axborot berdi.

Mamlakatimizda o‘quvchi-yoshlarning ijodiy salohiyatlarini, vatanparvarlik tuyg‘ularini va sog‘lom turmush tarzi ko‘nikmalarini rivojlantirish, ular qalbida yot g‘oya ta'sirlariga qarshi mustahkam immunitetni shakllantirish, mustaqil va erkin fikrlovchi, qat'iy e'tiqodga ega bo‘lgan yuksak bilimli, intellektual salohiyatli, mustaqillik tamoyillariga sodiq, jismoniy va ma'naviy jihatdan barkamol avlodni tarbiyalash va yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning mohiyatini yosh avlod ongiga chuqur singdirish maqsadida tadbirlar, ko‘rik-tanlovlar tashkil etilmoqda. Ushbu tanlovlarda viloyatimiz o‘quvchilari ham faol qatnashib, faxrli o‘rinlarni egallamoqdalar.

Shuni alohida e'tirof etish joizki, o‘tgan 2016-2017 o‘quv yilida Ishtixon tumanidagi 1-ixtisoslashtirilgan davlat umumta'lim maktabining 9-«A» sinf o‘quvchisi Dildora O‘roqova ta'lim va fan sohasida erishgan yutuqlari uchun Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibasi bo‘ldi.

Shuningdek, “Jaholatga qarshi ma'rifat” nomli badiiy va ijodiy ishlar tanlovining Respublika bosqichida Rasmlar yo‘nalishi bo‘yicha Samarqand shahridagi 55-maktabning 8-sinf o‘quvchisi Chehrona O‘tayeva 1-o‘rinni, She'rlar yo‘nalishi bo‘yicha Samarqand shahridagi 13-maktabning 9-sinf o‘quvchisi Gulnigor Yazdonqulova 2-o‘rinni, Insholar yo‘nalishi bo‘yicha Samarqand shahridagi 24-maktabning 8-sinf o‘quvchisi Akobir Majidov 3-o‘rinni, “iqtidor.uz”  sayti orqali e'lon qilingan “O‘zbekiston – jannatmakon yurtim” mavzusidagi on-layn insholar tanlovining respublika bosqichida Samarqand tumanidagi  4-umumta'lim maktabi o‘quvchisi Marjona Ro‘ziyeva 2-o‘rinni egalladi.

O‘quvchilarning huquqiy bilimlarini oshirish maqsadida o‘tkazilgan “Huquq bilimdonlari” tanlovining respublika bosqichida Samarqand shahrining “Femida” jamoasi 2-o‘rinni, “Soliq bilimlari – bolalarga”  tanlovining respublika bosqichida Samarqand shahridagi 51-IDUM jamoasi  3-o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Rossiya Federatsiyasining Qozon shahrida 7 ta davlatdan 200 nafarga yaqin o‘quvchilar ishtirok etgan “Jivoy rodnik” nomli xalqaro tanlovda Jomboy tumanidagi 10-son Bolalar musiqa va san'at maktabi an'anaviy xonandalik sinfi o‘quvchisi Dinora Husainova faxrli 1, Tayloq tumanidagi 29-son Bolalar musiqa va san'at maktabi an'anaviy xonandalik sinfi o‘quvchisi Shohruh Nishonov 2, Samarqand shahridagi 1-son Bolalar musiqa va san'at maktabi estrada xonandaligi sinfi o‘quvchisi Mushtariybegim Hamidova hamda Samarqand shahridagi 22-son Bolalar musiqa va san'at maktabi an'anaviy xonandalik sinfi o‘quvchisi Diyorbek G‘aniyev 3-o‘rinlarni egallashdi.

Yosh iste'dod egalari 2018 yil iyun oyida AQSHning Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tadigan konsertda ishtirok etish uchun  taklifnomani qo‘lga kiritdilar.

Sport sohasida erishilgan yutuqlar ham salmoqli bo‘lmoqda. 2017 yil  21 aprel — 1 may kunlari Ruminiyaning Yassi shahrida   shaxmat bo‘yicha maktab o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan jahon chempionatida Samarqand shahridagi 42-umumta'lim maktabi  o‘quvchisi Afro‘za Hamdamova WSM  yo‘nalishida shaxmatning tezkor o‘ynaladigan turi bo‘yicha faxrli birinchi o‘rinni qo‘lga kiritib, oltin medal va chempionatning birinchi darajali diplomi bilan taqdirlandi.

Xalq ta'limi tizimida faoliyat olib borayotgan fan o‘qituvchilari orasidan ilg‘or, ijodkor, kompetentli, tashabbuskor, fidoyi o‘qituvchilarni aniqlash, samarali natijalarga erishayotgan o‘qituvchilarning ish tajribalarini ommalashtirish va ularning ish faoliyatini keng ommaga yetkazish maqsadida tashkil etilgan “Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi” ko‘rik-tanlovining Respublika bosqichida Samarqand shahridagi 1-IDUM milliy istiqlol g‘oyasi fani o‘qituvchisi Dilrabo O‘rinova  3-o‘rinni, “Kitobxon maktab” tanlovining respublika bosqichida Samarqand tumanidagi 16-umumta'lim maktabi ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Zarina Olimova faxrli 1-o‘rinni egalladi. Shuni alohida ta'kidlash lozimki, Samarqand viloyati jamoasi   “Kitobxon maktab” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichida to‘rtinchi marotaba g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi tashabbusi bilan tashkil etilgan “Yilning eng yaxshi dars ishlanmasi” on-layn ko‘rik-tanlovining respublika bosqichida Ishtixon tumanidagi 1-IDUM ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi Feruza Tog‘ayeva faxrli 1-o‘rinni, Kattaqo‘rg‘on shahridagi 3-umumta'lim maktabi o‘zbek tili fani o‘qituvchisi Lola Ismoilova 2-o‘rinni va Samarqand shahridagi 51-IDUM o‘zbek tili fani o‘qituvchisi Nigora Amonova 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi.

“Eng obod ta'lim muassasasi-2017” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichida Jomboy tumanidagi 7-umumta'lim maktabi 1, Samarqand shahridagi 9-umumta'lim maktabi 2, Tayloq tumanidagi 14-umumta'lim maktabi va Samarqand tumanidagi 2-ixtisoslashtirilgan davlat umumta'lim maktabi 3-o‘rinni egalladi.

“Eng obod maktabgacha ta'lim muassasasi-2017”  ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichida Samarqand shahridagi 84-maktabgacha ta'lim muassasasi 1, Jomboy tumanidagi 16-maktabgacha ta'lim muassasasi 2, Samarqand tumanidagi 24-maktabgacha ta'lim muassasasi 3-o‘rinni qo‘lga kiritib, respublika bosqichida qatnashish uchun yo‘llanma olishdi.

Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin.

Bugungi kunda viloyat Xalq ta'limi boshqarmasi tasarrufida 1218 ta umumta'lim  maktablari,  551 ta maktabgacha  ta'lim muassasalari, 17 ta “Barkamol avlod” bolalar markazlari, 2 ta Mehribonlik uylari, 9 ta maxsus maktab va maktab-internatlari, 1 ta viloyat xalq ta'limi xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti, 17 ta axborot-resurs markazlari va umumta'lim maktablari qoshida 120 ta axborot-resurs markazlari faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.

Umumta'lim maktablaridagi fan to‘garaklariga 252927 nafar, sport to‘garaklariga 118055 nafar, musiqa to‘garaklariga 6294 nafar o‘quvchilar jalb qilingan.

Viloyatdagi 67 ta maktabdan tashqari ta'lim muassasalaridagi to‘garaklarga 48240 nafar bolalar jalb etilgan. Shundan, 17 ta “Barkamol avlod” bolalar markazlariga 12120 nafar, 29 ta Bolalar musiqa va san'at maktablariga 6294 nafar, 21 ta Bolalar va o‘smirlar sport maktablariga 29826 nafar bolalar jalb etilgan.

MAKTABGACHA TA'LIM MUASSASALARI.

Viloyatda bugungi kunda 551 ta maktabgacha ta'lim muassasalari faoliyat yuritayotgan bo‘lib, shundan 6 ta maxsus va 9 ta nodavlat maktabgacha ta'lim muassasalari faoliyat yuritmoqda.

Maktabgacha ta'lim muassasalarida 4768 nafar pedagog xodimlar faoliyat yuritmoqda. Ulardan 551 nafarimudiralarni tashkil etib, barchasi oliy ma'lumotli.  3259 nafar tarbiyachilardan 1027 nafari oliy, 2232  nafario‘rta maxsus ma'lumotli.

Viloyatda 2-7 yoshli bolalar soni 285077 nafarni tashkil etadi. Viloyatdagi maktabgacha ta'lim muassasalarining quvvati 65112 nafar bolalarga mo‘ljallangan bo‘lib, 71055 nafar bolalar qamrab olingan.

INVESTISIYA DASTURI BO‘YICHA.

Viloyatdagi 551 ta  maktabgacha ta'lim muassasalaridan 318 tasi zamonaviy tipda qurilgan binolarda, 286 tasi esa moslashtirilgan binolarda faoliyat yuritmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 29 dekabrdagi “2017-2021 yillarda maktabgacha ta'lim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-2707-sonli qaroriga asosan 2017-2021 yillarda  viloyatda 281 (50,9%) ta maktabgacha ta'lim muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash,  jumladan, 7 ta 740 o‘rinli yangi MTM binolari qurish, 251 ta 24590 o‘rinli MTMlarni rekonstruksiya qilish, 23 ta 3710 o‘rinli MTM binolarini kapital ta'mirlash va ularni zamonaviy talablarga javob beradigan inventar, uskunalar, o‘quv-metodik qo‘llanmalar, multimedia resurslari bilan ta'minlash ishlarini amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

Mazkur tadbirlarni amalga oshirish uchun jami 311,4 mlrd so‘m (qurilish-ta'mirlash ishlariga 275,550 mlrd so‘m,mebel-jihoz inventarlar bilan ta'minlash uchun 29,362 mlrd so‘m, mahalliy byudjet hisobidan obodonlashtirish ishlariga 6,496 mlrd so‘m) mablag‘ ajratilishi rejalashtirilgan.

Shu jumladan, 2017 yilda viloyat bo‘yicha jami 32 ta MTM binosida (28 ta 1955 o‘rinli MTM binosini kapital rekonstruksiya, 4 ta 440 o‘rinli MTM binosini kapital ta'mirlash) qurilish-ta'mirlash ishlari uchun 22,969 mlrd. so‘mlik  qurilish-ta'mirlash ishlari amalga oshirilishi belgilangan bo‘lib, hozirgi vaqtda ushbu obyektlarning barchasiga loyiha-smeta hujjatlari tayyorlanib, eskpetizadan o‘tkazilgan va tender savdolari o‘tkazilib, pudratchi tashkilotlar aniqlangan. Hozirgi vaqtda barcha obyektlarda pudratchi tashkilotlar tomonidan qurilish-montaj ishlari boshlab yuborilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 7 apreldagi “2017 yilda ijtimoiy soha obyektlarida qurilish, rekonstruksiya va mukammal ta'mirlashni tashkil etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-2873-sonli qaroriga asosan 2017 yilda viloyat bo‘yicha jami 78 ta umumta'lim maktablarida (1 ta yangi qurilish, 66 ta kapital rekonstruksiya, 11 ta kapital ta'mirlash) 66,667 mlrd. so‘mlik qurilish-ta'mirlash ishlari amalga oshirilishi rejalashtirilib, bugungi kunda ushbu obyektlar uchun tender savdolari o‘tkazilgan. Hozirgi vaqtda barcha obyektlarda pudratchi tashkilotlar tomonidan qurilish-montaj ishlari amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2014 yil 19 fevraldagi 2133-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturining 94-bandi ijrosi bo‘yicha maktabgacha ta'lim muassasalariga jalb qilinmagan bolalar va qisqa muddatli guruhlar uchun 5 nomdagi 258615 to‘plam o‘quv- metodik qo‘llanmalar ota-onalarga yetkazilgan.

2017-2021 yillarda qisqa muddatli guruhlar tarmog‘ini kengaytirish orqali qamrov foizini oshirish maqsadida har yili 84 ta MTMlarda 4200 nafardan bolalarni qisqa muddatli guruhlarga jalb etish rejalashtirilib, 2021 yilda MTMlarga jami 115323 nafar bola jalb qilinishi orqali qamrov foizini 40 foizga oshirish ko‘zda tutilgan.

“O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2017-2021 yillarda maktabgacha ta'lim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-2707-sonli qarorining ijrosini amaliyotga joriy etish yuzasidan viloyatdagi maktabgacha ta'lim muassasalarida jami 413 ta kichik kutubxonalar tashkil etilib, 1894 ta  badiiy adabiyotlar, 2525 dona ertak kitoblar va  938 dona o‘quv qo‘llanmalar bilan ta'minlangan.

Ta'limda global hamkorlik tashkiloti granti asosida O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi tomonidan Jahon banki bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan “Maktabgacha va umumiy o‘rta ta'limni rivojlantirish” loyihasi doirasida 84 ta maktabgacha ta'lim muassasalari 24 nomdagi zarur mebel jihozlari, o‘quv-metodik materiallar va resurslar bilan ta'minlangan. Bugungi kunda yetkazib berilgan jihozlar o‘rnatilgan tartibda joylashtirilib, 156 ta qisqa muddatli guruhlarda ulardan samarali foydalanilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligining 2017 yil 25 martdagi  “Yilning eng yaxshi tarbiyachisi” tanlovini o‘tkazish to‘g‘risida”gi  90-sonli buyrug‘i  asosida joriy yilning 3-4 may kunlari  mazkur tanlovning viloyat bosqichi o‘tkazilib, tanlovda Samarqand tumanidagi 14-maktabgacha ta'lim muassasasi tarbiyachisi Gulruh Qodirovag‘oliblikni qo‘lga kiritdi.

Bugungi kunda maktabgacha ta'lim muassasalari 5 va 6 kunlik ish tartibida faoliyat ko‘rsatmoqda.

Maktabgacha ta'lim muassasalarida kam ta'minlangan oilalar uchun imtiyozlar mavjud. Muassasa qoshida tashkil etilgan vasiylik kengashi ta'lim muassasasiga qatnaydigan   kam ta'minlangan oilalar farzandlarini (bolalar sonidan 15 % ini) ota – ona badalidan ozod etishda ko‘maklashmoqda.

Qaror bilan tasdiqlangan Dastur asosida keng ko‘lamli kompleks tadbirlarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Buning uchun, birinchidan, bolalarni har tomonlama intellektual, axloqiy, estetik va jismoniy rivojlanishi uchun ilg‘or xorijiy tajribalarni inobatga olgan holda zarur shart-sharoitlarni yaratish; ikkinchidan, maktabgacha ta'lim muasasalari uchun pedagog kadrlar sifatini yaxshilash va malakasini oshirish ishlarini o‘quv reja va dasturlarini zamonaviy pedagogik texnologiya va metodlarni inobatga olgan holda takomillashtirish; uchinchidan, 281 (50,9%) ta maktabgacha ta'lim muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash. Jumladan, qishloq aholi punktlarida yangi maktabgacha ta'lim muassasalarini qurish, ularni zamonaviy talablarga javob beradigan inventar, uskunalar, o‘quv-metodik qo‘llanmalar, multimedia resurslari bilan ta'minlash ishlarini bajarish zarur bo‘ladi. Ushbu tadbirlarni amalga oshirish uchun jami 311,4 mlrd so‘m mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilmoqda.

Qarorning yana bir o‘ziga xosligi shundaki, unda maktabgacha ta'lim tizimiga ta'lim-tarbiya jarayonini yanada yaxshilashga qaratilgan muqobil dasturlarni joriy etish nazarda tutilgan bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi tomonidan mazkur dasturlarni 2017 yilda ishlab chiqib, amaliyotga tatbiq qilish ko‘zda tutilgan. Yangilangan dasturlar bolalarni maktabga yanada sifatli tayyorlashga, ularning intellektual qobiliyati va mantiqiy fikrlash salohiyatini yuksaltirishga, oldingidan farqli o‘laroq, yozish va o‘qishni yanada jadal o‘rganishiga xizmat qiladi.

2017 yilda faoliyat ko‘rsatadigan kunduzgi oromgohlar

2017 yil yozgi sog‘lomlashtirish mavsumida viloyatda jami 55 ta kunduzgi oromgohda 11500 nafar, shundan 1-davrada 3883 nafar, 2-davrada 3867 nafar, 3750 nafar bolalarning dam olishi rejalashtirilgan.

55 ta kunduzgi oromgohning barchasi umumta'lim maktablarida tashkil etilishi belgilangan.

Viloyat hokimining 2017 yil 18 maydagi 118-F-sonli “2017 yil yozgi mavsumda kunduzgi oromgohlar faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi farmoyishiga asosan 2017 yilda kunduzgi oromgohlar soat 08.30 dan 14.00 gacha faoliyat ko‘rsatishi belgilangan bo‘lib, yoz mavsumi davomida kunduzgi oromgohlarda bolalarning bir kunlik o‘rtacha ovqatlanish puli 10 kunga 30.000 so‘mni, bir nafar bola uchun amalga oshiriladigan to‘lov miqdori homiylar hisobidan 22.500 so‘m (75%), ota-onalar tomonidan 7.500 so‘m (25%) etib belgilandi (11500 nafar bolaga 345. 000 000, shundan 258. 750. 000 so‘m homiylar, 86. 250. 000 so‘m ota-onalar badali to‘lanadi).

Viloyatdagi 55 ta kunduzgi oromgohning barchasi “O‘zbektelekom” AK Samarqand filiali tomonidan telefon aloqa vositalari bilan ta'minlandi.

Bugungi kunda viloyatdagi 55 ta kunduzgi oromgohning 1-davrasida 3883 nafar bolalar dam oldirildi. 2-davrada  50 ta kunduzgi oromgohda 3497 nafar bolalar sog‘lomlashtirilmoqda. Oromgohlarda bolalarning yozgi ta'til davrini mazmunli o‘tkazish maqsadida barcha sharoitlar yaratib berilgan. Turli ko‘rik-tanlovlar, kitobxonlik tadbirlari va sport musobaqalari tashkil etilmoqda.

Doimiy oromgohlar faoliyati to‘g‘risida

2017 yilda bolalarni yozgi sog‘lomlashtirish mavsumini namunali tashkil etish va o‘tkazish hamda viloyat hokimining 2017 yil 6 martdagi 93-Q-sonli va viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi Kengashi rayosatining 2017 yil 6 martdagi 8-7-“s”-sonli “Viloyatda bolalarning 2017 yil yozgi sog‘lomlashtirish mavsumini namunali tashkil etish va o‘tkazish to‘g‘risida”gi Qo‘shma qarori ijrosini ta'minlash maqsadida boshqarmaning 2017 yil 10 martdagi 55-sonli buyrug‘i chiqarilib, ishchi guruh tarkibi tuzildi va joylarga ijro uchun yuborildi.

Shuningdek, viloyat hokimligining 2017 yil 6 martdagi 05/3-140-sonli yig‘ilish bayoni ijrosini ta'minlash maqsadida boshqarmaning 2017 yil 18 martdagi chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi va joylarga ijro uchun yuborildi.

2017 yil yozgi sog‘lomlashtirish mavsumida viloyatda 24 ta doimiy oromgohda 11 200 nafar bolalar dam olishi rejalashtirilgan.

2017 yil yoz mavsumida faoliyat ko‘rsatadigan 24 ta doimiy oromgohlar viloyat, tuman (shahar) ARMlari tomonidan ko‘chma kutubxonalar tashkil qilinib, ular 13160 dona badiiy, ijtimoiy, ilmiy ommabop adabiyotlar hamda gazeta va jurnallar bilan ta'minlandi.

Tuman (shahar) xalq ta'limi muassasalari faoliyatini metodik ta'minlash va tashkil etish bo‘limlari tomonidan 24 ta doimiy oromgohlarda ma'naviyat va ma'rifat xonalari tashkil etildi. Ular Davlat ramzlari, turli mavzudagi ko‘rgazmalar, plakatlar, bayroqchalar bilan bezatildi.

Xalq ta'limi tizimidagi “Barkamol avlod” bolalar markazlari tomonidan oromgohlarda dam oluvchilarning qiziqishlarini inobatga olgan holda to‘garaklar tashkil etilgan.

Viloyatdagi iqtidorli bolalar uchun “Chorchinor” bolalar oromgohida qo‘shimcha 4-davrada “Intellektual rivojlantirish” oromgohi tashkil etilib, unda 100 nafar bolalarni sog‘lomlashtirish rejalashtirilgan.

YOZ KONSEPSIYASI-2017

Xalq ta'limi vazirligining 2017 yil 19 maydagi videoselektor yig‘ilishining 8-sonli bayoni bilan tasdiqlangan “O‘quvchilarning yozgi ta'til davrini mazmunli tashkil etish konsepsiyasi”si, Xalq ta'limi vazirligining 2017 yil 6 iyundagi 03-03/1-5-72-sonli xatida ko‘rsatilgan e'lonlar bo‘yicha viloyat xalq ta'limi boshqarmasining 2017 yil 7 iyundagi 1819-sonli xati chiqarildi va joylarga ijro uchun yuborildi.

“O‘quvchilarning yozgi ta'til davrini mazmunli tashkil etish konsepsiyasi”sini 2017 yilgi Investitsiya dasturiga kirgan maktablardan tashqari viloyatdagi barcha  1104 ta maktablar, “Barkamol avlod” bolalar markazlari, Axborot-resurs markazlarida tashkil etilmoqda. (qurilish va ta'mirlash bo‘yicha dasturga tushgan maktablar bundan mustasno).

Ta'lim muassasalarida madaniy – ma'rifiy va sport tadbirlari umumta'lim maktablarining 1-6-sinf o‘quvchilari uchun soat 08:00dan – 12:00 gacha, 7-9-sinf o‘quvchilari uchun soat – 17:00 dan – 20:00 gacha, “Barkamol avlod” bolalar markazlarida 1-9-sinf o‘quvchilari uchun soat 08:00 dan 12:00 gacha, Axborot-resurs markazlarida1-9-sinf o‘quvchilari uchun soat 08:00 dan 13:00 gacha faoliyat ko‘rsatmoqda.

Ta'lim muassasalarida belgilangan vaqtlarda o‘quvchilarning yosh xususiyatlari inobatga olingan holda davra suhbatlari, o‘yinlar, viktorinalar, sport musobaqalari, kitobxonlik bahslari, ingliz tili saboqlari, musiqa to‘garagi kabi turli tadbirlar tashkil etilmoqda.

Anjumanda jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javoblar qaytarilib, kelgusi vazifalar belgilab olindi.


Kiritilgan vaqti: 20/07/2017 08:09;   Ko‘rilganligi: 203
 
Material manzili: http://samvxtb.uz/oz/press/seminars-briefings/matbuot-anjumani
Chop etilgan vaqti: 19/08/2019 03:01
Matnni o‘qish uchun ushbu tugmani bosing