Samarqand viloyat hokimligi
Xalq ta'limi boshqarmasi
w w w . s a m x t b . u z

 

MATBUOT ANJUMANIDA JURNALISTLARNI QANDAY SAVOLLAR QIZIQTIRDI?

Viloyat Matbuot uyida viloyat xalq ta'limi boshqarmasi tomonidan tizimda amalga oshirilayotgan ishlar, mavjud muammo va kamchiliklar, 2020 yildagi istiqbolli vazifalarga bag‘ishlangan matbuot anjumani tashkil etildi. Unda boshqarmaning rahbar xodimlari hamda jurnalist va blogerlar ishtirok etdi.

Dastlab, viloyat xalq ta'limi boshqarmasi boshlig‘i Saidahmad Usmonov tizimda islohotlarga hamohang amalga oshirilayotgan ishlar, mavjud muammolar, kelgusidagi vazifalar, haqida to‘xtalib o‘tdi. —Keyingi paytlarda xalq ta'limi sohasidagi yillar davomida e'tibordan chetda qolayotgan, xolis va haqqoniy yechimini kutib turgan muammolar bevosita ommaviy axborot vositalarida ko‘tarib chiqilayotgani, keng jamoatchilikka havola etilayotgani e'tiborga molik, — dedi Saidahmad Usmonov. — Ushbu yo‘nalishdagi hamkorligimizning yanada mustahkamlanishi, tanqidiy materiallar bilan birga muammolarning yechimiga doir taklif va tashabbuslar ko‘rsatilishi maqsadga muvofiqdir. Matbuot anjumanida ta'kidlanganidek, “Ta'limda islohot: o‘zgarishni o‘zimizdan boshlaylik!” shiori ostida bugun viloyat xalq ta'limi tizimidagi muammolarni bartaraf etish, ta'lim sifati va samaradorligini oshirishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, o‘qituvchini o‘z ustida ishlashga undash maqsadida “Ustozlar bellashuvi” o‘tkazilayotgani, direktorlarning mas'uliyatini oshirish maqsadida ta'limdagi islohotlarni ularga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazish uchun har bir shahar va tumanda studiyalar tashkil etilib, bir paytning o‘zida 1236 ta maktab direktorlari bilan videoselektor tashkil etilmoqda. 2019 yilning 26 noyabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Zamonaviy maktab”larni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Qarorga muvofiq, 2020-2022 yillarda umumiy o‘rta ta'lim muassasalarini “Zamonaviy maktab” talablari asosida yangidan qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal ta'mirlash va jihozlashning asosiy parametrlari tasdiqlandi. Xususan, 2020 yilda Samarqand viloyatidagi 16 ta umumiy o‘rta ta'lim maktabida rekonstruksiya, 5 tasida mukammal ta'mirlash, 2021 yilda 31 ta, 2022 yilda esa 30 ta, jami 82 ta umumiy o‘rta ta'lim maktabida rekonstruksiya hamda mukammal ta'mirlash ishlari amalga oshirilishi belgilandi. Tuman va shaharlar kesimida olib qaraganimizda 2020-2021 yillarda Samarqand va Jomboy tumanlarida bittadan, Toyloq, Ishtixon va Narpay tumanlarida ikkitadan, Nurobod va Paxtachi tumanlarida to‘rttadan, Urgut va Kattaqo‘rg‘on tumanlarida oltitadan maktablar, shuningdek, Qo‘shrabot tumanidagi 3 ta, Samarqand shahridagi 8 ta, Payariq tumanidagi 9 ta, Pastdarg‘om tumanidagi 12 ta hamda Oqdaryo tumanidagi 16 ta maktablarda rekonstruksiya va mukammal ta'mirlash ishlari amalga oshiriladi. Shuningdek, joriy yil davomida “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari asosida jami 28 ta umumta'lim maktablarida ta'mirlash va bunyodkorlik ishlari amalga oshiriladi. Matbuot anjumani davomida keyingi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lgan Ishtixon tumanidagi 3-umumta'lim maktabi, Oqdaryo tumanidagi 63-maxsus maktab-internati, Samarqand shahridagi 16-umumta'lim maktablarida pedagog xodimlarning ehtiyotsizligi sababli kelib chiqqan noxush holatlarga munosabat bildirildi. Shuningdek, voyaga yetmaganlar o‘rtasida jinoyatchilikka qarshi kurashish borasidagi amaliy ishlarga to‘xtalib o‘tildi. —2019 yil davomida 26 ta holatda 32 nafar (2018 yilda 40 ta) maktab o‘quvchilari tomonidan jinoyatlar sodir etilgan, — deydi viloyat xalq ta'limi boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Ozod Jangirov. — Bunday salbiy holatning kamaygani bilan xotirjamlikka berila olmaymiz. Negaki, voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilgan bitta bo‘lsa ham huquqbuzarlik favqulodda holat hisoblanadi. Shu bois, bunday noxush holatlarga yo‘l qo‘ymaslik, oldini olish maqsadida jinoyatlarning kelib chiqish sabablari tahlil qilinib, mohiyatiga yetyapmiz. Kamchiliklarimizni bartaraf etish yuzasidan, avvalo, o‘quvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, umumta'lim maktablarida Prezidentimizning 5 ta muhim tashabbusining keng quloch yoyishiga sharoit yaratishga e'tibor qaratyapmiz. Bugungi kunda 13166 nafar o‘quvchi teatr to‘garaklariga, 320 765 nafari sport, 39949 nafari kompyuter texnologiyalari, 620 105 nafari esa kitobxonlik to‘garaklariga jalb qilingan. Bu, albatta, o‘z samarasini berayotgani keng jamoatchilikka ayon. Jurnalistlar PISA Xalqaro tadqiqotlari, variativ (o‘zgaruvchan) o‘quv reja, umumta'lim maktablarida o‘quvchi qamrovining ortib ketishi natijasida sinfxonalar yetishmasligi, korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob olishdi. Samarqand viloyati xalq ta'limi boshqarmasi axborot xizmati

Oxirgi o‘zgarish: 12/02/2020 13:55;   Ko‘rilganligi: 14
 
Material manzili: http://samvxtb.uz/oz/press/seminars-briefings/matbuot-anjumanida-jurnalistlarni-qanday-savollar-qiziqtirdi
Chop etilgan vaqti: 23/02/2020 00:26
Matnni o‘qish uchun ushbu tugmani bosing