Samarqand viloyat hokimligi
Xalq ta'limi boshqarmasi
w w w . s a m x t b . u z

 

2015 yil avgust kengashlaridagi viloyat xalq ta'limi boshqarmasi boshlig‘i Azamat Umarovning MA'RUZASI

Yuksak bilimli va intellektual rivojlangan avlodni tarbiyalash –mamlakatni barqaror taraqqiy ettirish va modernizatsiya qilishning eng muhim omili

Yurtimiz mustaqilligining dastlabki kunlaridanoq ta'lim-tarbiya sohasi mamlakatimizning buguni va istiqbolini belgilovchi eng dolzarb masala sifatida muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Mustaqillik yillarida ta'lim muassasalarida yoshlarni ma'naviy yuksak, barkamol insonlar qilib tarbiyalashga jiddiy e'tibor qaratilib, birinchi navbatda ta'lim muassasalarining moddiy negizini mustahkamlash bo‘yicha sezilarli ishlar amalga oshirildi.

"Ta'lim to‘g‘risida"gi Qonun hamda Kadrlar tayyorlash milliy Dasturi mustaqil mamlakatimizning buyuk kelajagini ta'minlaydigan muhim omil sifatida ta'lim-tarbiya, kadrlar tayyorlash sohasini mutlaqo yangi asosda tashkil etishga xizmat qiladigan hujjat sifatida yoshlar manfaatlari, uning muntazam rivojlanib borishi, farovon hayot kechirishi uchun barcha shart-sharoitlarni yaratishga xizmat qilmoqda.  

Viloyat Xalq ta'limi boshqarmasi tasarrufida 1220 ta umumta'lim maktablari, 556 ta maktabgacha ta'lim muassasalari, 17 ta maktabdan tash­qari ta'lim muassasalari, 47 ta Bolalar va o‘smirlar sport maktablari, 34 ta Bolalar musiqa va san'at maktablari, 3 ta Mehribonlik uylari, 14 ta maxsus maktab va maktab-internatlari, 1 ta malaka oshirish instituti faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.

2015 yil Investitsiya dasturiga ko‘ra viloyatdagi 57 ta umumta'lim maktablarida (shundan 7 ta yangi qurilish, 45 tasini rekonstruksiya qilish va 5 tasini mukammal ta'mirlash) 50,931 mlrd. so‘mlik qurilish - ta'mirlash ishlari olib borilib, foydalanishga topshirildi.

Viloyatda 30 ta maktabgacha ta'lim muassasalarida 14,8 mlrd. so‘mlik mukammal ta'mirlash ishlari yakuniga yetkazilmoqda.

2015 yilda Bolalar sportini rivojlantirish jam­g‘armasi mablag‘lari hisobidan 41,982 mlrd. so‘mlik 46 ta bolalar sporti obyektlari qurilishi va rekonstruksiya qilinishi rejalashtirilgan bo‘lib, shundan, 40 ta umumta'lim maktablarining sport zallari, 4 ta Bolalar va o‘smirlar sport maktablari, 1 ta Bolalar musiqa va san'at maktabi hamda 1 ta suzish havzasi qurilishi ishlari amalga oshirilmoqda.

Bugungi kunda umumta'lim maktablarida 46207 nafar o‘qituvchilar faoliyat olib borib, ularning 34770 nafari oliy hamda 11437 nafari o‘rta maxsus ma'lumotli o‘qituvchilarni tashkil qiladi.

O‘qituvchilarning 1210 (2.6 %) nafari oliy toifali, 6441 (13.9 %) nafari birinchi toifali, 16646 (36.0 %) nafari ikkinchi toifali, 21910 (47.4 %) nafari mutaxassis toifali pedagog xodimlardir.

O‘tgan o‘quv yili yakunida umumta'lim maktablarida 688 nafar o‘qituvchilarga ehtiyoj mavjud edi. Joriy yilning fevral - may oylarida kadr­larga ehtiyoji mavjud bo‘lgan ta'lim muassasalari rahbarlari tomonidan Toshkent shahri va viloyatlardagi pedagog kadrlar tayyorlaydigan oliy o‘quv yurtlarining 1110 nafar samarqandlik bitiruvchilari bilan uch tomonlama shartnomalar imzolandi. Hozirgi vaqtda yosh mutaxassislarni ishga qabul qilish ishlari olib borilmoqda.

Jumladan, Samarqand Davlat universitetining 1620 nafar, Samarqand davlat chet tillar institutining 261 nafar, O‘zbekiston milliy universitetining 79 nafar, O‘zbekiston Davlat jahon tillari universitetining 106 nafar, Navoiy davlat pedagogika ins­titutining 262 nafar, Jizzax davlat pedagogika institutining 337 nafar, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat universitetining 79 nafar samar­qandlik bitiruvchilari ta'lim muassasalariga ishga qabul qilinmoqda.

Xalq ta'limi vazirligi tomonidan tasdiqlangan reja asosida har oyda belgilangan rahbar va pedagog hodimlar malaka oshirish institutlarida tashkil qilingan o‘quv kurslarida o‘z malakalarini oshirib keldi.

Jumladan, A.Avloniy nomidagi xalq ta'limi xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutining 2015 yil yanvar-iyun oylari rejasi tahlil qilinganda, Samar­qand va Kattaqo‘rg‘on shaharlari, Qo‘shrabot, Ishtixon, Payariq, Samarqand, Jomboy, Tayloq va Urgut tumanlari 100%ga bajargan bo‘lsa, Past Darg‘om tumani 92 %, Nurobod tumani 94 %, Paxtachi tumani 93 %, Oqdaryo tumani 93%, Narpay tumani 94%, Kattaqo‘r­g‘on tumani 92% va Bulung‘ur tumani 94 %ga bajarganligi sababli viloyat rejasi 5%ga bajarilmasdan qoldi.

2015 yilning yanvar-iyun oylarida malaka oshirishning istiqbol rejasiga asosan Narpay tumani BABM rahbari B.Asliddinov, Paxtachi tumanidagi 9-(B.Mustafoyev) hamda Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 59- (A.Hakimov), Past Dar­g‘om tumanidagi 98-(O‘.Toshev), Nurobod tumanidagi 28-(N.Qal­qonov), 59-(N.Temirov), Oqdaryo tumanidagi 31-(J.Vaydullayev) umumta'lim maktablari direktorlari bosh­qarmaning A.Avloniy nomidagi XTXQTMOIga malaka kurslariga sababsiz bormaganligi uchun ularga nisbatan intizomiy choralar ko‘rildi.

Shuningdek, A.Avloniy nomidagi XTXQTMOIda 2015 yil yanvar-iyun oylarida turli sabablarga ko‘ra sertifikat ola olmagan Nurobod tumanidagi 41-(A.Husanov) va 62- (S.Djumayev), Tayloq tumanidagi 37-(A.Isaxonov), Oqdaryo tumanidagi 51-(M.Rizayeva), Bulun­g‘ur tumanidagi 61-(A.Ahmedov), Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 81-(M.Boynazarov), 32- (F.O‘roqov) va 89-(S.Abdiyev) umumta'lim maktablari direktorlariga nisbatan ham tegishli choralar ko‘rildi.

2014-2015 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligining "Dars muqaddas", "O‘rgan-o‘rgat", "Ustoz-shogird", "Murakkab fan-o‘rganaman", "Yaxshi muallim-sifatli ta'lim" kabi metodik tavsiyalar asosida umumta'lim maktablarida muayyan ishlar olib borildi. Lekin o‘quv yili davomida o‘tkazilgan o‘rganishlarda tuman, shahar Xalq ta'limi muassasalari faoliyatini metodik ta'minlash va tashkil etish bo‘limi mutassadi xodimlarining e'tiborsizligi va loqaydligi tufayli ushbu innovatsion g‘oyalar amaliyotga to‘liq joriy etilmadi.

Bu borada 2014-2015 o‘quv yilida Samarqand va Kattaqo‘r­g‘on shaharlari, Samar­qand tumanida ijobiy ishlar olib borilgan bo‘lsa, qolgan tumanlar Xalq ta'limi muassasalari faoliyatini metodik ta'minlash va tashkil etish bo‘limlarining faoliyati qoniqarsiz ekanligi tashvishli holdir.

"Eng obod ta'lim muassasasi" respublika ko‘rik-tanlovida umumta'lim maktablari o‘rtasida Samarqand tumanidagi 38-umumta'lim maktabi 1-, Urgut tumanidagi 35-umumta'lim maktabi 2-, Bulung‘ur tumanidagi 56-umumta'lim maktabi 3-o‘rinlarni, maktabgacha ta'lim muassasalari o‘rtasida Samarqand shahridagi 72-MTM 1-, Katta­qo‘rg‘on shahridagi 5-MTM 2-, Narpay tumanidagi 6-MTM 3-o‘rinlarni egallagan bo‘lsa, boshqa tumanlar ta'lim muassasalari bu tanlovga panja orasidan qaradi.

Umumta'lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan fan olimpiadasi barcha ko‘rsatkichlarning ko‘zgusi ekanligi barchaga ma'lum. 2015 yilda o‘tkazilgan fan olimpiadasida Samarqand shahri o‘quvchilari jamoasi 17 ta, Oqdaryo va Tayloq tumanlari o‘quvchilari 9 tadan, Katta­qo‘rg‘on, Past Darg‘om tumanlari va Kattaqo‘rg‘on shahri o‘quvchilari jamoasi 7 tadan, Urgut va Samarqand tumani o‘quvchilari jamoasi 6 tadan sov­rinli o‘rinlarni egallab, yuqori natijalarni qo‘lga kiritishgan bo‘lsa, Nurobod, Qo‘shrabot, Bulung‘ur tumanlari o‘quvchilari jamoalarining ishtirokini samarali deb bo‘lmaydi. Ayniqsa, viloyat bo‘yicha Narpay tumanidan eng ko‘p, ya'ni 52 nafar o‘quvchilar ishtirok etib, birorta ham sov­rinli o‘rinlarni qo‘lga kirita olmaganligini tuman XTMFMTTE bo‘limi mutasaddi rahbarlari qanday izohlaydi?

Fan olimpiasida ishtirok etgan jamoalarning ko‘rsatkichlari tahlil etilganda Bulung‘ur tumanidan 21 nafardan atigi 5 nafari (23,8%), Narpay tumanidan 52 nafardan 5 nafari (9,6%), Nurobod tumanidan 24 nafardan 5 nafari (20%), Qo‘shrabot tumanidan 33 nafardan atigi 3 nafari (1%), Kattaqo‘rg‘on shahridan 8 (42,1%), Kattaqo‘rg‘on tumanidan 11 (52,4%), Narpay tumanidan 5 (9,6%), Paxtachi tumanidan 5 (26,3%) nafari, Samarqand shahridan 20 (42,6%), Samarqand tumanidan 12 (42,9%), Past Darg‘om tumanidan 12 (30%) nafar o‘quvchilar 76 balldan yuqori natijalarga erishgan, xolos.

Achinarlisi, tumanda eng iqtidorli deb topilgan o‘quvchilar fan olimpiadasining viloyat bosqichida 50 balldan past natijalarga erishgan. Jumladan, Paxtachi tumanidan 5 (26,3%), Narpay tumanidan 23 (44,2%), Samarqand shahridan 6 (12,8), Samarqand tumanidan 3(10,7), Past Darg‘om tumanidan 11 (27,5%), Nurobod tumanidan 5 (26,3%), Oqdaryo tumanidan 3 (10 %), Payariq tumanidan 4 (19%), Ishtixon tumanidan 9 (27,3%), Qo‘shrabot tumanidan 11 (35,5%), Bulung‘ur tumanidan 8 (38%), Jomboy tumanidan 8 nafar ishtirokchilar 50 balldan­ past natijani qayd etishgan.

Fan olimpiadasining mantiqiy davomi sifatida joriy etilgan Bilimlar bellashuvi natijalarini tahlil qilar ekanmiz, o‘tgan o‘quv yilida matematika fanidan Bulung‘ur tumanidagi 15- umumta'lim maktabining 7- sinf o‘quvchisi Sardor Saidqulov Koreya davlatida o‘tkazilgan Xalqaro olimpiadada kumush medal olganligi, bu yil esa Kattaqo‘r­g‘on shahridagi 17-IDUMning 8-sinf o‘quvchisi J.To‘rayev Xitoy Xalq Respublikasining Chanchun shahrida o‘tkazilgan Xalqaro olimpiadada kumush medalni qo‘lga kiritganligi qalbimizni faxrga to‘ldirdi.

Lekin 2014-2015 o‘quv yilidagi ayrim fanlarning natijalari Samarqand viloyati salohiyatiga mutlaqo mos kelmaydi. Mazkur jarayonning 3-bosqichida Samarqand va Kattaqo‘r­g‘on shaharlari 7 tadan, Bulung‘ur tumani 5 ta, Past Darg‘om va Oqdaryo tumanlari 4 tadan, Ishtixon va Jomboy tumanlari 3 tadan, Tayloq, Narpay, Payariq va Kattaqo‘rg‘on tumanlari 2 tadan, Nurobod, Urgut va Samar­qand tumanlari 1 tadan birinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, Paxtachi va Qo‘shrabot tumanlari o‘quvchilari birorta ham birinchi o‘ringa erishmadi.

Bellashuvning respublika bosqichida 2 nafar o‘quvchi 2-o‘rinni, 8 nafar o‘quvchi 3 o‘rinni egallab, jami sovrinli o‘rinlar soni 10 tani tashkil qildi. Bilimlar bellashuvi joriy etilgandan buyon Samar­qand viloyati bunday past natijalarga erishmagan edi.

Iqtidorli o‘quvchilarni tayyorlamasdan, o‘quvchilarda zaruriy bilim va ko‘nikmalarni shakllantirmasdan yuqori natijalarga erishib bo‘lmaydi.

Ta'lim sifati haqida gapirar ekanmiz, o‘tgan o‘quv yilida saylanma tarzda Past Darg‘om, Jomboy va Tayloq tumani Xalq ta'limi muassasalari faoliyatini metodik ta'minlash va tashkil etish bo‘limlari tasarrufidagi maktablarning 5, 7-sinflarida yozma ish, diktant va test­lar yordamida tashqi monitoring o‘tkazilgan bo‘lib, 3 ta tuman bo‘yicha o‘zlashtirish ko‘rsatkichi o‘rtacha 69,4 foizni tashkil etdi. Jumladan, 360 nafar 5-sinf o‘quvchilarining o‘rtacha o‘zlashtirishi 68,7%ni, 402 nafar 6-sinf o‘quvchilarining o‘rtacha o‘zlashtirishi 69,4%ni, 380 nafar 7-sinf o‘quvchilarining o‘rtacha o‘zlashtirishi 70,1%ni tashkil etdi.

Respublika bo‘yicha ta'lim sifati reytingi aniqlanganda, Past Darg‘om tumanidagi 1, 28-IDUMlar, Samarqand shahridagi 51, 43, Kattaqo‘r­g‘on shahridagi 3, 6, Oqdaryo tumanidagi 45, Qo‘shrabot tumanidagi 50, Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 1-IDUM, Ishtixon tumanidagi 1-IDUM reyting­da birinchi o‘ntalikni egallagan bo‘lsa, Past Darg‘om tumanidagi 60, Narpay tumanidagi 2, 48, Qo‘shrabot tumanidagi 33, 66, 84, Ishtixon tumanidagi 80, Payariq tumanidagi 49 va Bulung‘ur tumanidagi 64-umumta'lim maktablari respublika reytingida 1200 o‘rindan keyingi o‘rinlarda turibdi. Ushbu natijalarni tuman va shaharlar kesimida tahlil qiladigan bo‘lsak, eng past natijalar Nurobod (262,3), Urgut (229,6), Paxtachi (221,7) tumanlarida qayd etildi.

Shu bois ham yuqorida tahlil qilingan tanlovlarimizda iqtidorli o‘quvchilar ishtiroki qoniqarsiz bo‘lgan. Bugun tizim rahbarlari mana shu sabablarni to‘liq bartaraf etmasdan turib, yutuqlarga erisha olmasligini to‘liq anglashi lozim.

Ma'lumki, davlatimiz rahbarining 2012 yil 10 dekabrdagi "Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi PQ-1875-sonli qaroriga asosan viloyatdagi 1220 ta umumta'lim maktablarida tashkil etilgan 4352 ta chet tili xonalarini zaruriy mebel, maishiy texnika, o‘quv va ko‘rgazmali qurollar bilan to‘liq jihozlash uchun 1.8 mlrd. so‘m mablag‘ sarflangan.

2015-2016 o‘quv yilida chet tillarining o‘qitilishi 1, 3-sinflarda davom ettirilishi munosabati bilan 1131 nafar pedagog kadr­larga 1 stavka miqdorida ehtiyoj yuzaga keldi. Bu ehtiyojni qoplash maqsadida chet tillari yo‘nalishi mavjud bo‘lgan 8 ta oliy ta'lim muassasalarining 420 nafar samar­qandlik bitiruvchilari to‘g‘risidagi ma'lumotlar banki shakllantirildi.

2015-2016 o‘quv yilida 1811 nafar 3-sinflarda dars beradigan o‘qituvchilardan 1556 nafari malaka kurslaridan o‘tgan bo‘lib, reja 86 foizga bajarildi. Malaka oshirish rejasi Payariq tumanida 72,5 %ga (38 nafar), Past Darg‘om tumanida 83,9 %ga (31nafar), Ishtixon tumanida 81,5%ga (14 nafar), Urgut tumanida 83,3 %ga (34 nafar), Kattaqo‘rg‘on shahrida 80 % ga(6 nafar) bajarilganligi sababli to‘liq ta'minlanmadi.

Tayanch maktablarida tashkil etilgan har haftalik ­kurslarni o‘tkazish ­jarayoniga   XTMFMTTE­ bo‘limlari va ta'lim muassasalari rahbarlari tomonidan yetarlicha nazorat o‘rnatilmaganligi, bu kurslarning mazmun-mohiyati o‘qituvchilarga to‘liq yetkazib berilmaganligi oqibatida barcha ­in­gliz tili o‘qituvchilarining mashg‘ulotlarga to‘liq qatnashishi ta'minlanmadi.

Uzluksiz (juma kunlari) malaka oshirish kurslaridagi o‘qituvchilar davomati bo‘yicha respublika ko‘rsatkichlariga asosan Bulung‘ur tumani 24-o‘rinda, Samarqand tumani 33- o‘rinda, Payariq tumani 37- o‘rinda bo‘lsa, qolgan tumanlar 41-60-o‘rinlarda turibdi.

Shuningdek, 1857 nafar ing­liz tili o‘qituvchilaridan 162 (8,7%) nafari mazkur kurs mashg‘ulotlariga muntazam qatnashmagan va tinglovchilar safidan chiqarilgan. Samarqand shahrida 10,3% (37 nafar), Past Darg‘om tumanida 9,4% (16 nafar), Jomboy tumanida 10,1% (9 nafar), Bulung‘ur tumanida 6,5% (8 nafar) o‘qituvchilar muntazam darslarga qatnashmagan va tinglovchilar safidan chiqarilgan bo‘lsa-da, Xalq ta'limi muassasalari faoliyatini metodik ta'minlash va tashkil etish bo‘limlari tomonidan tegishli choralar ko‘rilmagan.

Joriy yilning 15-20 iyun kunlari o‘tkazilgan 1-bosqich yakuniy attestatsiya jarayoniga tavsiya etilgan 1857 nafar o‘qituvchilardan 162 nafari tinglovchilar safidan chiqarilgan. 149 nafari turli sabablar bilan (97 nafari sababsiz) qatnashmagan. Samarqand shahridan 26, Past Dar­g‘om tumanidan 21, Kattaqo‘r­g‘on tumanidan 8, Samarqand tumanidan 9 nafar va qolgan tumanlardan 3, 5 nafardan o‘qituvchilar sababsiz ishtirok etmagan bo‘lsa-da, XTMFMTTE bo‘limlari rahbarlari bu holatning sabablariga aniqlik kirgizmagan va tegishli xodimlarga nisbatan intizomiy choralar ko‘rmagan.

Yakuniy attestatsiyada qatnashgan 1546 nafar o‘qituvchilarning atigi 216 nafari (11,6%)"Tinglash" (Listening), "O‘qish" (Reading),"Til va metodika" (Lexical, Grammar and Methodological), "Yozish" (Writing), "Gapirish" (Speaking) ko‘nikmalarining har biridan 75 balldan yuqori natijaga erishib, yakuniy attestatsiyadan muvaffaqiyatli o‘tgan.

O‘quv mashg‘ulotlarida o‘quvchilar davomati, mashg‘ulotlarning sifati, trener - o‘qituvchilarning mashg‘ulotlarga tayyorgarligi va dars o‘tish metodikalari to‘liq nazoratga olinmaganligi bois viloyat bo‘yicha 1330 nafar (86,0%) tinglovchilar yetarli ball to‘play olmaganligi sababli yakuniy attestatsiya­dan o‘ta olmagan. Bu holat tahlil etilganda Bulung‘ur tumanidan 114 nafardan 12 nafari, Nurobod tumanidan 34 nafardan 3 nafari, Past Dar­g‘om tumanidan 130 nafardan 25 nafari, ­Payariq tumanidan 116 nafardan 8 nafari, Tayloq tumanidan 121 nafardan 9 nafari, Paxtachi tumanidan 71 nafardan 3 nafari, Samar­qand shahridan 282 nafardan 59 nafari kurslardan o‘tgan, xolos.

Ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha tumanlarimizning respublikadagi o‘rni tahlil qilinganda, Kattaqo‘rg‘on shahri 48-o‘rin, Samarqand shahri 55-o‘rin, Past Darg‘om tumani 64-o‘rinlarni egallagan bo‘lsa, qolgan tumanlar 93-165-o‘rinlarga erishganligi achinarli holdir.

Nahotki, 72 soatlik maxsus kurs mashg‘ulotlari nomigagina tashkil etildi? Yoki nima sababdan shunday jiddiy masalaga loqaydlik bilan yondashildi, trener-o‘qituvchilar noto‘g‘ri tanlandimi yoki o‘qituvchilarimiz yaratilgan imkoniyatdan to‘g‘ri foydalanmasdan o‘zlarining vaqtini behuda sarflashdimi?

Shahar, tuman Xalq ta'limi muassasalari faoliyatini metodik ta'minlash va tashkil etish bo‘limlari mudirlari buning uchun qanchadan-qancha mablag‘ sarflanganligi to‘g‘risida o‘ziga savol berganmikan?

O‘quv yili yakunlari bo‘yicha chet tilidan 10 ta yo‘nalish bo‘yicha, jumladan, 1, 2-sinf o‘quvchilarining bilim samaradorligi, 7, 8-sinf o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan ing­liz tili fanidan Bilimlar bellashuvi, 9-sinf o‘quvchilari o‘rtasida chet tili fanidan o‘tkazilgan olimpiadasining respublika bosqichi, 5, 9-sinf o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan "Ingliz tili bilimdonlari" ko‘rik-tanlovi natijalari, chet tili o‘qituvchilarining salohiyati, "Eng yaxshi chet tili o‘qituvchisi" ko‘rik-tanlovi natijalari, uzluksiz malaka oshirish kurs­laridagi o‘qituvchilar davomati, ularning oraliq va yakuniy o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari bo‘yicha viloyatlar va tumanlarning respublikadagi reytingi aniqlandi.

Ushbu ko‘rsatkichlar bo‘yicha Samarqand viloyatida ahvol achinarli holatda bo‘lib, Samar­qand shahri (8-o‘rin), Oqdaryo (38-o‘rin) va Samar­qand (53-o‘rin) tumanlari nisbatan yuqori o‘rinlarga erishgan bo‘lsa, Bulung‘ur tumani 163-o‘rinni, Paxtachi tumani 164-o‘rinni, Qo‘shrabot tumani 157-o‘rinni, Nurobod tumani 156-o‘rinni, Kattaqo‘rg‘on tumani 143-o‘rinni, Narpay tumani 142-o‘rinni, Ishtixon tumani 137-o‘rinni, Payariq tumani129-o‘rinni, Past Darg‘om tumani 128-o‘rinni egallaganligi rahbarlarning loqaydligi, mas'uliyatsizligi tufaylidir.

Chet tilidan Bilimlar bellashuvi natijalariga ko‘ra respublikamiz tumanlari o‘rtasida Oqdaryo tumani 176-o‘rinda, Narpay 183, Urgut 175, Payariq 173, Past Dar­g‘om 161, Samarqand shahri 129-o‘rinda bo‘lishi ham Samar­qand viloyati salohiyatiga munosib emas, albatta.

Chet tili o‘qituvchilarining salohiyatiga nazar soladigan bo‘lsak, atigi 48 nafar chet tili o‘qituvchilari oyiga 15 %­ va 30 % ustama olish huquqiga ega bo‘lgan. Bulung‘ur (140/1), Jomboy(120/1), Kattaqo‘rg‘on (119/1) tumanlaridan atigi bir nafardan o‘qituvchi ustama olayotgan bo‘lsa, Ishtixon   (104/0),­ Paxtachi (96/0), Qo‘shrabot (76/0) tumanlaridan esa birorta ham chet tili o‘qituvchisi ustama olmayapti.

Ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha respublikadagi o‘rinlarimiz tahlil qilinganda, Oqdaryo tumani 26-o‘rinda, Kattaqo‘rg‘on shahri 38-o‘rinda, Samarqand shahri 44-o‘rinda, Narpay tumani 58-o‘rinda bo‘lsa, qolgan tumanlar 122-155 oralig‘idagi o‘rinlarga erishgan, xolos.  

Umumta'lim maktablari chet tili o‘qituvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan "Yilning eng yaxshi chet tili fani o‘qituvchisi" ko‘rik-tanlovi natijalariga ko‘ra Samar­qand va Kattaqo‘r­g‘on shahri hamda Samarqand tumani respublikada oldingi 1, 20-o‘rinlarni egallagan bo‘lsa, Past Darg‘om, Tayloq, Bulung‘ur, Qo‘shrabot, Nurobod tumanlaridan birorta ingliz tili o‘qituvchisi ko‘rik-tanlovda ishtirok etmaganligi sababli mazkur yo‘nalishda respublikada eng oxirgi o‘rinlarni egallagan.

O‘tgan o‘quv yili yakunida Tayloq tumanidagi 21, 28, Paya­riq tumanidagi 59, 86, 92, 97, Ishtixon tumanidagi 40, 48, Jomboy tumanidagi 12, 27, Qo‘shrabot tumanidagi 12, 13, 23, 69,70, Nurobod tumanidagi 4, 5, 36, 69-umumta'lim maktablari faoliyati o‘rganilganda, 3, 4-sinflarda 2 soatdan to‘garak mashg‘ulotlari tashkil etilmagan, to‘garak jurnallari yuritilmagan, chet tili xonalarida meva, hayvonlar mulyajlari yetishmasligi aniqlangan. Maktab pedagogik yig‘ilishlarida chet tili o‘qitilishi ko‘rib chiqilmagan, uslubiy birlashmalarda o‘quvchilar bilimidagi bo‘shliqlarni to‘ldirish yuzasidan dars ishlanmalari yaratilmagan.

Ta'lim jarayoniga axborot texnologiyalari shiddat bilan kirib kelayotgan bir paytda aksariyat ta'lim muassasalari rahbarlari eskicha ish uslubidan voz kecha olmayapti. Boshqarma va shahar, tuman xalq ta'limi muassasalari faoliyatini metodik ta'minlash va tashkil etish bo‘limlarining veb-sayti mavjud bo‘lib, internet tarmog‘idan pastdargom.xtb.uz manzili bilan ro‘yxatdan o‘tgan. Boshqarmaning veb-sayti 16 ta bo‘limdan iborat bo‘lib, ma'lumotlar 3 tilda, o‘zbek, rus va ing­liz tillarida kiritilib borilmoqda.

2014-2015 o‘quv yilida viloyatdagi 1220 ta umumta'lim maktablarini 54703 nafar 9-sinf o‘quvchilari bitirib chiqdi. Shundan 27834 nafari (50,9%)o‘g‘il bolalarni va 26869 nafari(49,1%) qiz bolalarni tashkil etadi.

9-sinf bitiruvchilarining 54614 nafari (99,8%) o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasalariga hujjat topshirgan. Shundan akademik litseylarga 2750 nafar va kasb-hunar kollejlariga 51864 nafar, boshqa viloyatlarga ketganlar 565 nafarni, diniy qo‘mita tasarrufidagi ta'lim muassasalariga hujjat topshirgan bitiruvchilar soni 31 nafarni tashkil etgan.

2014-2015 o‘quv yilida ­­"Ye-maktab" elektron dasturiga jami 54703 nafar o‘quvchilar kiritilgan bo‘lib, ulardan respublikadan tashqariga ko‘chib ketganlar 31 nafarni, VKK xulosasi bilan (kasalligi sababli) 57 nafar, vafot etgan 1 nafar, jazoni o‘tash muassasasida 2 nafar, jami 89 nafar o‘quvchilar ta'limning keyingi bosqichiga tortilmadi.

Umumta'lim maktablaridagi 527130 nafar o‘quvchilarning 237418 nafari maktabdagi fan, ijodiy to‘garaklar va sport seksiyalariga, 7836 nafari "Barkamol avlod" bolalar markazlaridagi to‘garaklarga, 49498 nafari Bolalar va o‘smirlar sport maktablariga, 4407 nafari Bolalar musiqa va san'at maktablariga, 20150 nafari mahallalarda tashkil etilgan Usta-shogird yo‘nalishidagi to‘garaklarga jalb qilingan. Shu bilan birga "Kamalak" bolalar tashkiloti tomonidan tashkil etilgan to‘garaklarga 12585 nafar (63%) o‘quvchilar jalb qilingan.

Yoshlarga mamlakatimizdagi tinchlik va barqarorlikning ahamiyatini to‘laqonli tushuntirish maqsadida ta'lim muassasalarida siyo­siy partiyalar a'zolari, ijodkorlar, ziyoli­lar va yoshlar ishtirokida "Tinchlik va osoyishtalik uchun kurashmoq kerak", "Yoshlar tinchlik istaydi","Yoshlar giyohvandlik,­ jinoyatchilik va terrorizmga qarshi" mavzularida o‘quv yili davomida 1450 dan ortiq turkum madaniy-ma'rifiy tadbirlar o‘tkazildi.

Olib borilayotgan sa'y - harakatlar natijasida "Yilning eng faol ma'naviyat targ‘ibotchisi" ko‘rik-tanlovining respublika bosqichida Bulung‘ur tumanidagi 18-umumta'lim maktabi direktorining ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Umida Ravshanova 3-o‘rinni, "Jaholatga qarshi ma'rifat" nomli badiiy ijodiy ishlar tanlovining respublika bosqichida she'rlar yo‘nalishida Samarqand tumanidagi 7-umumta'lim maktabining 8-sinf o‘quvchisi Ulug‘oy Mamat­qulova 1-o‘rinni, "Odam savdosi-davr muammosi" mavzusidagi insholar tanlovining respublika bosqichida Samarqand shahridagi 28-umumta'lim maktabining 9-sinf o‘quvchisi Sabina Usmonova faxrli 1-o‘rinni egalladi.

"Barkamol avlod" bolalar markazlari to‘garak a'zolari o‘rtasida o‘tkazilgan ko‘rik-tanlovning respublika bos­qichida faxrli 14 ta o‘rin qo‘lga kiritildi. Jumladan, "Sog‘lom bola - sog‘lom oila" shiori ostida respublika fotosuratlar tanlovida Samar­qand tumanidagi "Barkamol avlod" bolalar markazi to‘garak a'zosi Mirzobek Narziyev 1-o‘ringa, "Yosh ijodkor" respublika ko‘rik-tanlovida Nurobod tumani "Barkamol avlod" bolalar markazi to‘garak a'zosi Bibixonim Xo‘jaqulova 1-o‘ringa, "Samo bilan bo‘ylashar varragim" varraklar sayli musobaqasida viloyat "Barkamol avlod" bolalar markazi to‘garak a'zosi Shaxzod Qodirov 1-o‘ringa sazovor bo‘ldi.

Viloyat Axborot-resurs markazi faoliyati ham ancha jonlanib, 2014-2015 o‘quv yilida respublikada faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritdi. Jumladan, "Men, ota-onam, bobom va buvim - kitobxon oila" respublika tanlovida Oqdaryo tumanidagi 10-umumta'lim maktabining 8-sinf o‘quvchisi Xumora Ismatova va uning onasi Shahlo Azimova 3-o‘rinni, "Kitobxon maktab" tanlovida Samar­qand shahridagi 13-umumta'lim maktabi jamoasi 1-o‘rinni egalladi.

Umumiy o‘rta ta'lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida "Mustaqil yurt farzandiman!" mavzusida rasmlar tanlovining respublika bosqichida Qo‘shrabot tumanidagi 85-umumta'lim maktabining 7-sinf o‘quvchisi Mustafo Mamatkarimov 2-o‘rinni, "Yo‘l harakati yosh nazoratchilari"ning respublika slyotida Samar­qand tumanidagi 38-umumta'lim maktabining "Yashil chiroq" jamoasi oliy o‘rinni qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldi.

Xulosa o‘rnida aytadigan bo‘lsak, 2015-2016-o‘quv yilida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalarimiz ko‘lami keng. O‘quvchilarimizning bilim samaradorligini yanada oshirish, ularning respublika va Xalqaro ko‘rik-tanlovlarda ishtirokini ta'minlash, ta'lim muassasalari hududlarini obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish, kuz-qish mavsumini betalofat o‘tkazish va boshqa muhim vazifalarni amalga oshirish siz-u bizning zimmamizda.

Azamat Umarov,
viloyat Xalq ta'limi boshqarmasi boshlig‘i


Kiritilgan vaqti: 28/08/2015 08:18;   Ko‘rilganligi: 514
 
Material manzili: http://samvxtb.uz/oz/press/speeches/2015-yil-avgust-kengashlaridagi-viloyat-xalq-talimi-boshqarmasi-boshligi-azamat-umarovning-maruzasi
Chop etilgan vaqti: 20/11/2019 05:41
Matnni o‘qish uchun ushbu tugmani bosing