Samarqand viloyat hokimligi
Xalq ta'limi boshqarmasi
w w w . s a m x t b . u z

 

MAJBURIY MEHNAT DEB QADRIYATLARIMIZDAN VOZ KECHMAYAPMIZMI YOXUD MAKTABNI KIM OBOD QILADI?

Sarlavhani o‘qib, ayni paytda amaldagi mehnat qonunchiligiga zid qarashlar haqida so‘z borsa kerak, deb o‘ylamang. Biz majburiy mehnat deya ba'zi qadriyatlarimiz, qon-qonimizga singib ketgan xayrli odatlarimizning bugun eskirib qolayotgani haqida ochiqroq gapirmoqchimiz.

Keyingi yillarda jamiyatda o‘qituvchining nufuzi oshgani, ularga ijodiy ishlash uchun keng imkoniyatlar yaratilayotgani haqida ko‘p gapirdik. Aynan shunday sa'y-harakat sabab o‘qituvchilar ko‘cha tozalash, paxta dalalarida sarson-sargardon yurishdan xalos bo‘ldi. Mehnat qonunchiligiga qat'iy amal qilish ham avvalgidan o‘zgardi va majburiy mehnatning oldi olinmoqda. Biroq yaqin bir-bir yarim yil ichida ijtimoiy tarmoqlarda “O‘qituvchi va o‘quvchi majburiy mehnatga jalb qilindi” mavzusidagi ma'lumotlar ko‘payib ketdi. Ushbu holatlarni yaqindan surishtirsak, aksariyati o‘qituvchilarning maktab hududida olib borilgan obodonlashtirish ishlarida qatnashganligi bilan bog‘liq bo‘ladi...

Oxir-oqibat aksariyat muassasalarimizda majburiy mehnat tushunchasi noto‘g‘ri talqin qilindi. Obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish o‘z holiga tashlab qo‘yildi. Axir maktabni kim obod qiladi: farrosh, qorovul va xo‘jalik ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosarigina xolosmi? Inson o‘zi ishlab, bola-chaqasining rizqini topayotgan maskanning toza-ozodaligi, obodligiga qanday befarq qarashi mumkin? Ziyo mas­kanini shu yerdagi ustozlar hamjihat bo‘lib bog‘u rog‘ga aylantirmasa, uni chetdan kelib birov qilib beradimi?

To‘g‘ri, ayni paytda qonunni chetlab o‘tishga hech birimizning haqqimiz yo‘q. Shu bois maktabda direktor, kasaba uyushmasi bosh­lang‘ich tashkiloti rahbari ishtirokida umumta'lim muassasasini obod etishni o‘qituvchilar o‘rtasida ixtiyoriy ovozga qo‘yib, ularning roziligi bilan hashar, obodonlashtirish ishlarini tashkil etish mumkin. Aslida Navro‘z bayramining mazmun-mohiyati avvalambor poklik, toza-ozodalik, saranjom-sarishtalikdan iborat emasmi? Bu savob ishlar esa albatta ko‘pchilikning hamjihat bo‘lib ishlashi, ya'ni hashar vositasida uzoq asrlardan buyon davom etib kelyaptiku. Bu xatti-harakatimiz qonun ustuvorligiga ham, vijdonimiz amriga ham to‘g‘ri keladi. Majburiy mehnatni noto‘g‘ri tushunib, ozodalikka rioya qilmasdan, qadriyatlarimizdan voz kechmasligimiz kerak.

Ayniqsa, bugungi kunda maktablarni obod maskanga aylantirish, sharqona yangi yil — Navro‘zi olamga tayyorgarlik ko‘rish muhim ahamiyatga ega.

Ayni paytda xalq ta'limi muassasalarida ko‘klamga, Navro‘z bayramiga tayyorgarlik ko‘rish lozim. Mamlakat buguni va ertasi bo‘lgan farzandlarimiz ta'lim-tarbiya olib, kamolga yetayotgan umumta'lim muassasalari mutlaqo yangi qiyofaga kirib, eng fayzli, obod maskanga aylanishi zarur. Negaki, toza-ozoda joyda baraka bo‘ladi, avlodlar sog‘lom ulg‘ayadi. Hududlarda rang-barang gullar, manzarali va mevali daraxtlar o‘tqazib, ko‘kalamzorlashtirilsa muassasalar tom ma'noda obod maskanga aylanadi. Aslida ham ta'lim dargohlari mana shunday bo‘lishi lozim.

Saidahmad USMONOV,

viloyat xalq ta'limi boshqarmasi boshlig‘i.


Oxirgi o‘zgarish: 12/03/2020 06:29;   Ko‘rilganligi: 49
 
Material manzili: http://samvxtb.uz/oz/press/speeches/majburiy-mehnat-deb-qadriyatlarimizdan-voz-kechmayapmizmi-yoxud-maktabni-kim-obod-qiladi
Chop etilgan vaqti: 07/04/2020 23:29
Matnni o‘qish uchun ushbu tugmani bosing