Samarqand viloyat hokimligi
Xalq ta'limi boshqarmasi
w w w . s a m x t b . u z

 

MINNATDORLIK

Joriy yilning 30 yanvar kuni Samarqandda bevosita Xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatovning tashabbusi bilan tashkil etilgan “Umumta'lim maktablarida 5 tashabbus” festivali g‘olib va sovrindorlarini taqdirlash marosimi ko‘tarinki saviyada o‘tkazildi.

Avvalo, o‘quvchi-yoshlarimizning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni madaniyat va san'at, kasb-hunar va sportga keng jalb etish, kompyuter savodxonligini oshirish, ularning iqtidor va qiziqishlarini qo‘llab-quvvatlashda Prezidentimizning 5 ta muhim tashabbusi dasturilamal bo‘layotganini alohida ta'kidlamoqchiman. “Umumta'lim maktablarida 5 tashabbus” festivali bu boradagi ishlarni jadal rivojlantirishda amaliy ahmiyatga ega bo‘ldi. Taqdirlash marosimining Samarqand shahridagi 61-son eshitishida nuqsoni bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maxsus maktab-internatida tashkil etilgani, ushbu maktab jamoasining 1- va 5-yo‘nalishlarda g‘olib topilib, qimmatbaho sovg‘alar berilgani o‘ksik qalblarga bir olam quvonch ulashdi. Darhaqiqat, festival g‘olib va sovrindorlariga qimmatbaho musiqa asboblari, kompyuter jamlanmalari, badiiy adabiyotlar, sport anjomlari va kiyimlari, hunarmandchilik asbob-uskunalaridan iborat sovg‘alar topshirilgani ushbu umumta'lim muassasalarida 5 tashabbusni tatbiq etish uchun yanada ko‘proq imkoniyat yaratildi. Ayni jihatdan festival puxta o‘ylanganini e'tirof etish joiz. Samarqand viloyati xalq ta'limi boshqarmasi tasarrufidagi 12 ta umumta'lim maktablaridan yo‘nalishlar kesimida jami 15 ta g‘olib va sovrindorlar aniqlangani bizni quvontiradi. Sovg‘a sifatida taqdim etilgan jihozlar, musiqa asboblariyu sport anjomlari o‘quvchilarimizning orzu-umidlariga qanot bag‘ishladi. Ularning shodligi cheksiz. Eng muhimi, biz ushbu jihozlardan unumli foydalanib, farzandlarimizning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga asosiy etibor qaratamiz. O‘quvchilarimizning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish va umumta'lim muassasalarimiz moddiy-texnika bazasini mustahkamlashda amaliy yordam berganligi, bu borada tashabbus ko‘rsatganligi uchun hurmatli Sherzod Xotamovichga, ushbu tashabbusning amalga oshirishda o‘z hissasini qo‘shgan Xalq ta'limi vazirligining barcha rahbar va mas'ul xodimlariga Samarqand viloyati xalq ta'limi tizimi xodimlari nomidan minnatdorchilik bildiramiz.

Samarqand viloyati xalq ta'limi xodimlari nomidan, boshqarma boshlig‘i Saidahmad USMONOV


Oxirgi o‘zgarish: 01/02/2020 08:39;   Ko‘rilganligi: 26
 
Material manzili: http://samvxtb.uz/oz/press/speeches/minnatdorlik
Chop etilgan vaqti: 22/02/2020 23:59
Matnni o‘qish uchun ushbu tugmani bosing