Samarqand viloyat hokimligi
Xalq ta'limi boshqarmasi
w w w . s a m x t b . u z

 

S. Usmonovning viloyat xalq ta'limi tizimi xodimlari, o‘quvchilar hamda ularning ota-onalariga BAYRAM TABRIGI

Yangi yil bayrami munosabati bilan Samarqand viloyati xalq ta'limi boshqarmasi boshlig‘i S. Usmonovning viloyat xalq ta'limi tizimi xodimlari, o‘quvchilar hamda ularning ota-onalariga
BAYRAM TABRIGI

Assalomu alaykum, aziz ustoz va murabbiylar, qadrli o‘quvchi-yoshlar!
Yana sanoqli kunlardan so‘ng jonajon yurtimizga yangi — 2020 yil kirib keladi.
Har birimizning qalbimizda Yangi yilda amalga oshirishni rejalashtirayotgan ulkan maqsadlar, ezgu orzu-istaklar jo‘sh urib turgan shukuhli kunlarda barchangizni ushbu qutlug‘ ayyom bilan tabriklayman! Sizlarga sihat-salomatlik, tinchlik va xotirjamlik, faoliyatingizda yuksak muvaffaqiyatlar tilayman!
Tugashiga sanoqli kunlar qolgan 2019 yil viloyat xalq ta'limi sohasi uchun chinakam sinov yili bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Bu yilda e'tirof etishga loyiq yutuqlar bilan birga, faoliyatimizni tubdan isloh qilish, kasbiy faoliyatimizga munosabatimizni ijobiy jihatdan o‘zgartirishga undovchi kamchiliklarga guvoh bo‘ldik.
Prezidentimizning keyingi yillarda o‘qituvchi kasbi, uning mas'uliyatli faoliyatiga yuksak baho berib, ularga cheksiz g‘amxo‘rlik ko‘rsatayotgani muallimlarimizga shijoat bag‘ishladi. Ayniqsa, 2019 yilda viloyatimizdan 7 nafar pedagoglarimizning davlat mukofotlari bilan taqdirlangani, “Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi” respublika ko‘rik-tanlovida 4 nafar o‘qituvchimizning g‘oliblikni qo‘lga kiritgani fikrimizni tasdiqlaydi. O‘quvchilarimizning respublika va xalqaro nufuzli fan olimpiadalari va sport musobaqalarida qatnashib, faxrli o‘rinlarni egallagani ham davlatimizning sohaga qaratayotgan e'tibori ifodasidir.
Biroq shunga qaramay, faoliyatimizda yillar davomida yig‘ilib qolgan muammolar ko‘p. Ularni tanqidiy tahlil qilish, kamchiliklarni bartaraf etish doimiy e'tibor markazimizda bo‘lishi shart.
Shu o‘rinda avvalroq ham ta'kidlagan bir fikrimni aytmoqchiman. O‘qituvchining o‘z ustida ishlab, sifatli ta'lim-tarbiya berishini nazorat qiluvchi — bu direktor. Agar direktor o‘z vazifasiga sovuqqon va mas'uliyatsiz bo‘lsa ta'lim tizimidagi eng katta fojia ana shu yerdan boshlanadi. O‘ylaymanki, Yangi yilda umumta'lim maktablarida rahbarlik qilayotgan direktorlarimiz kamchiliklardan tegishli xulosa chiqarib, o‘z pedagogik jamoasini ta'lim-tarbiya sifatini oshirish, o‘z ustida ishlash yo‘lida birlashtirib, o‘zi ham namuna bo‘ladi.
Qadrli o‘quvchilar, farzandlarim!
Sizning puxta bilim olish, bo‘sh vaqtingizni mazmunli tashkil etish, sport bilan shug‘ullanish, iqtidoringizni shakllantirish yo‘lida bugungidek yuksak darajada e'tibor qaratilmagan. Buni qalban his etib, ustozlaringiz berayotgan ta'lim-tarbiyani shuuringizga singdirib, uqib, ona Vatanimiz, xalqimiz sizga bildirayotgan ishonchni oqlashingizni istardim.
Aziz ota-onalar!
Jondan aziz dilbandingizni umid va ishonch bilan bizning qo‘limizga topshiryapsiz. Maktab, avvalo, ta'lim maskani. Tarbiya masalasida hali biroz o‘yinqaroq, biroz “xomroq” farzandingizni biz bilan birga nazorat qilmasangiz, biz bilan hamfikr, hammaslak bo‘lmasangiz ko‘zlagan yuqori marralarni zabt etishimiz mushkul! Tilagimiz Yangi yilda ana shunday muhim vazifani biz, ta'lim-tarbiya tizimi xodimlari bilan birgalikda ado etasiz, degan umiddamiz.
Yakuniga yetayotgan yilda maktablarimizning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, o‘quvchi-yoshlar hamda o‘qituvchilar uchun munosib sharoit yaratishga alohida e'tibor qaratildi. Sohaning ravnaq topishida o‘zining munosib hissasini qo‘shgan barcha davlat idoralari, xususan, viloyat hokimligi, korxona va tashkilotlarga o‘zimning cheksiz minnatdorchiligimni bildiraman.
Yangi yilda ham xalqimiz farzandlarini intellektual salohiyatli, yuksak bilim va aqlu zakovatga ega insonlar qilib tarbiyalashda barchamizning birdamlik bilan harakat qilishimizning tilakdoshiman!
Barchangizga mustahkam sog‘lik, tinchlik-xotirjamlik, xonadoningizga fayzu baraka tilayman. Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo bo‘lsin!

Saidahmad Usmonov,
Samarqand viloyati xalq
ta'limi boshqarmasi boshlig‘i


Oxirgi o‘zgarish: 03/01/2020 12:52;   Ko‘rilganligi: 69
 
Material manzili: http://samvxtb.uz/oz/press/speeches/s-usmonovning-viloyat-xalq-talimi-tizimi-xodimlari-oquvchilar-hamda-ularning-ota-onalariga-bayram-tabrigi
Chop etilgan vaqti: 28/02/2020 01:05
Matnni o‘qish uchun ushbu tugmani bosing