Samarqand viloyat hokimligi
Xalq ta'limi boshqarmasi
w w w . s a m x t b . u z

 

Saidahmad USMONOV: Mas'uliyat ham, tizim ham zamonga mos bo‘lsin

Maktab hayotida yillar davomida yig‘ilib kelgan kamchiliklarga bugun barham berilmoqda. Ko‘z yumilgan muammolar muhokama qilinmoqda. Viloyat xalq ta'limi boshqarmasi boshlig‘i Saidahmad USMONOV bilan suhbatimiz shu haqda bo‘ldi.

- Viloyat maktablarining reytingi respublikada past ko‘rsatkichdaligi aniqlandi. O‘qituvchilarning kasbiy mahoratini oshirishda viloyatda qanday ishlar qilinmoqda?

- Yashirib nima qilamiz, bundan bir necha yil avval o‘qituvchini mensimadik, unga ko‘cha tozalatdik, binolar qurilishiga safarbar qildik, paxta terimiga jalb etdik... To‘g‘risi, jamiyatda xalq ta'limiga e'tibor susaydi. O‘qituvchi manfaatini o‘ylamadik, sohadan bezitdik. Oqibatda farzandlarimiz “Kelajakda muallim bo‘laman!” deyishga cho‘chiy boshladi. Oliy ta'lim muassasalarini bitirgan eng yaxshi kadrlar “yog‘li” joylarga ishga ketdi, hech qayerda o‘rnini topa olmagan, bilimi va salohiyati haminqadar kadrlarning aksariyatini maktabga ishga oldik. Ularning bilimi, layoqati bilan deyarli hech kim qiziqmadi. Bugun mana shu xatti-harakatlarimiz uchun eski qoliplardan to‘liq voz kecha olmay qiynalyapmiz.

Nafaqat Samarqand viloyati xalq ta'limi tizimi, balki boshqa viloyatlarda ham milliy reyting ko‘rsatkichining ayanchli holati mana shunday omillar bilan bog‘liq.

Bunday holatlarga barham berish, o‘qituvchining jamiyatdagi nufuzini oshirishda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev bosh tashabbuskor sifatida soha vakillarining oldiga ulkan vazifalar qo‘ydi. Xususan, ta'lim sohasiga ilg‘or xorijiy mamlakatlar tajribasini tatbiq etish, tizimda mehnat qilayotgan pedagoglarni moddiy va ma'naviy rag‘batlantirishga alohida e'tibor qaratilmoqda.

Biz, avvalambor, o‘qituvchini izlanishga, o‘z ustida ishlashga, bilimini oshirishga undayapmiz. Endilikda o‘qituvchilarning bilimi, kasbiy malakasiga “Bilimlar bellashuvi”, “Bilimlar festivali” doirasida har oyda bir marta o‘tkazilayotgan tanlovlar orqali baho beryapmiz. Uning natijalari har bir maktabning o‘qituvchilar xonasiga ilib qo‘yilmoqda. Bu esa bir oy davomida past ko‘rsatkichni qayd etgan o‘qituvchini o‘z ustida ishlashga, bilim va pedagogik ko‘nikmasidagi kamchiliklarini to‘g‘rilashga undamoqda.

Shu bilan birga, biz umumta'lim maktablarida “Ustoz-shogird” an'anasini qayta ko‘rib chiqyapmiz. Jumladan, joriy yilning oktyabr oyida Kattaqo‘rg‘on shahridagi 14-umumiy o‘rta ta'lim maktabida o‘qituvchilar ishtirokida o‘tkazilgan metodik o‘quv-seminarda bu masalaga alohida e'tibor qaratib, haqiqiy holatni muhokama qildik.

Shu asosda sohada mehnat qilib, ulkan tajriba to‘plagan, qator yutuqlarga erishgan o‘qituvchilarga shogirdlar biriktiryapmiz. Shuningdek, viloyatdagi yetakchi o‘qituvchilar faoliyat olib borayotgan, muayyan fan bo‘yicha tajriba to‘plangan 395 ta maktabni “Tayanch maktablar” sifatida belgilab, u yerda har oy davomida tuman yoki shahar maktablari fan o‘qituvchilarining o‘zaro tajriba almashinuviga, mavjud bo‘shliqlarini to‘ldirishiga imkoniyat yaratib, oliy ta'lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining mahorat darslarini o‘tkazishni yo‘lga qo‘yayapmiz.

- Maktablar reytingi, nufuzi o‘quvchilarning oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga kirishi bilan ham belgilanadi. Shu jihatdan viloyatimizda joriy yilda 11-sinfni bitirgan o‘quvchilarning necha foizi institut va universitetlarga o‘qishga kirdi?

- 2019-2020 o‘quv yilida umumiy o‘rta ta'lim maktablari 11-sinf o‘quvchilarining oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga kirish ko‘rsatkichlari ko‘ngildagidek bo‘lmadi. O‘tgan o‘quv yilida maktablarimizni 30316 nafar 11-sinf o‘quvchisi bitirgan bo‘lsa, ularning 2128 nafari yurtimizdagi institut va universitetlarga, 105 nafari O‘zbekistondagi xorijiy oliy ta'lim muassasalariga, 285 nafari esa chet el oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga kirdi.

O‘quvchilarning oliy o‘quv yurtlariga kirish ko‘rsatkichlarini tuman va maktablar kesimida tahlil qildik. Umumiy o‘rta ta'lim maktablarni bitirgan 30,8 foiz o‘quvchi talaba bo‘la olmagan. Bunday past ko‘rsatkich Payariq, Nurobod va Urgut tumanlariga to‘g‘ri kelmoqda.

- Ota-onalar maktablarda turli sabablar bilan pul yig‘ish ishlari davom etayotganidan norozi. Bunday holatlarni qanday izohlaysiz?

- Besh qo‘l barobar bo‘lmaganidek, maktablarda noqonuniy pul yig‘imlari qat'iyan taqiqlanganiga qaramasdan ba'zi noxush holatlar kuzatilgan. Joriy o‘quv yilida 11 ta umumiy o‘rta ta'lim maktablarida 14 holatda, ya'ni ta'mirlash, sinf va maktab fondi, tug‘ilgan kun uchun o‘quvchilarning ota-onalaridan noqonuniy pul yig‘ish aniqlandi. O‘z navbatida, ularning barchasiga ogohlantirish hamda intizomiy jazo choralari qo‘llanildi.

Bundan tashqari, ayni shunday noxush holatlarning oldini olish maqsadida ta'lim muassasalari xodimlari hamda ota-onalar o‘rtasida targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borildi. Shuningdek, viloyat xalq ta'limi boshqarmasining (66) 233-93-60, 233-93-57 raqamli “Ishonch telefoni”ga yoki boshqarma boshlig‘ining +99899-778-55-01 telegram raqamiga murojaat qilish bo‘yicha tavsiyalar har bir ta'lim muassasalariga ilib qo‘yilgan. Bunday muammolarning oldini olishda biz har doim ota-onalar va keng jamoatchilikning hamkorligidan manfaatdormiz.

- Umumiy o‘rta ta'lim maktablarida fan o‘qituvchilari yetarlimi? Ayniqsa, qishloq joylarda ingliz, rus tilidan dars beradigan o‘qituvchilar bormi?

- 2019-2020 o‘quv yilida viloyatning tuman, shaharlaridagi umumiy o‘rta ta'lim maktablarida fanlar kesimida jami 163 nafar o‘qituvchilarga ehtiyoj mavjud bo‘lib, eng ko‘p ehtiyoj ingliz tili (49 nafar), rus tili va adabiyoti (28 nafar) fanlariga to‘g‘ri keladi.

Ta'lim muassasalarini oliy ma'lumotli pedagog kadrlar bilan ta'minlash maqsadida pedagogik yo‘nalishdagi Samarqand davlat universiteti, Samarqand davlat chet tillar instituti, O‘zbekiston Milliy universiteti, Jizzax davlat pedagogika instituti, Navoiy davlat pedagogika instituti, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti, Toshkent davlat pedagogika universitetlari bilan hamkorlik dasturi tuzilgan bo‘lib, bitiruvchilarni ish bilan ta'minlash yo‘lga qo‘yilgan. Bundan tashqari, har yili oliy ta'lim muassasalari bitiruvchilarini bo‘sh ish o‘rinlariga ishga taklif etish bo‘yicha joylarda uchrashuvlar o‘tkazilib, bitiruvchilar bilan uch tomonlama ishga qabul qilish bo‘yicha shartnomalar imzolanib kelinmoqda. Ehtiyoj mavjud bo‘lgan darslar bo‘yicha o‘qituvchilarning dars soatini oshirish, o‘rindoshlik, pensioner o‘qituvchilar va yuqori kurs talabalarini jalb qilish hisobiga qoplanmoqda. Samarqand shahrida ehtiyoj faqatgina ta'lim rus tilida olib boriladigan maktablarda mavjud.

Shu o‘rinda umumiy o‘rta ta'lim maktablarida faoliyat olib borayotgan har bir pedagog xodimga, rahbarlariga qarata aytmoqchimanki, maktabga qadam qo‘yib kelgan har bir o‘quvchini o‘z farzandingizdek qabul qiling. O‘zingiz o‘zingizga bir savol bering: bilimi past, layoqatsiz, o‘z ustida hech qachon ishlamaydigan o‘qituvchi sizning farzandingizga saboq berishini istarmidingiz? Direktori ta'lim-tarbiya sifatiga befarq, biror marta o‘qituvchisining darsiga kirib tahlil qilmaydigan maktabga bolangizni berarmidingiz? Yo‘q, sizning bugun ulg‘aytirayotgan farzandingizdan umidingiz katta. Unga eng yaxshi ustozlar ta'lim-tarbiya berishini xohlaysiz, ilg‘or maktabda saboq olishini istaysiz. Bilingki, bugun har bir ota-ona bundan-da yuksak umid va ishonch bilan sizning qo‘lingizga farzandini topshiryapti, undan xuddi sizdek umidlari katta. O‘ylaymanki, ana shu haqiqat, muhim tushuncha bilan faoliyat olib borsangiz, o‘z ustingizda tinimsiz ishlab, xalq farzandiga sifatli ilm bersangizgina ta'lim rivojlanadi, yurt ravnaq topadi.

Xurshida ERNAZAROVA suhbatlashdi.


Oxirgi o‘zgarish: 05/12/2019 16:22;   Ko‘rilganligi: 152
 
Material manzili: http://samvxtb.uz/oz/press/speeches/saidahmad-usmonov-masuliyat-ham-tizim-ham-zamonga-mos-bolsin
Chop etilgan vaqti: 30/03/2020 03:05
Matnni o‘qish uchun ushbu tugmani bosing