Samarqand viloyat hokimligi
Xalq ta'limi boshqarmasi
w w w . s a m x t b . u z

 

Samarqand viloyati xalq ta'limi boshqarmasi boshlig‘i Saidahmad Saydullayevich Usmonovning tizimda amalga oshirilayotgan ishlar, mavjud muammo va kamchiliklar, 2020 yildagi istiqbolli vazifalarga bag‘ishlangan matbuot anjumanidagi ma'ruzasi

Assalomu alaykum, hurmatli jurnalist va blogerlar, aziz do‘stlar! Barcha sohalar qatori, ta'lim tizimida ham ulkan islohotlar davom etayotgan mana shunday kunlarda Sizlar bilan uchrashib, muloqotda bo‘lib turganimdan, kelgusidagi vazifalarimiz, muammo va kamchiliklar haqida fikr almashish imkoniyatiga ega bo‘lganimdan juda xursandman.

Ochig‘ini aytadigan bo‘lsak, bugun har qanday voqea-hodisalarni Sizlarning xolis va haqqoniy munosabatingizdan, nazoratingizdan xoli tasavvur qilish qiyin. Fidoyilik va jonkuyarlik bilan olib borayotgan ushbu faoliyatingiz har qaysi darajadagi rahbarlar, mas'ul xodimlarni harakatga keltirayotgani, mavjud muammolarga birgalikda, hamkorlikda yechim topilayotgani quvonarlidir. Xususan, keyingi paytlarda xalq ta'limi sohasidagi yillar davomida e'tibordan chetda qolayotgan, xolis va haqqoniy yechimini kutib turgan muammolar Sizlarning tashabbusingiz bilan keng jamoatchilikka havola etilayotgani e'tiborga molik. Internet va bosma nashrlar orqali umumta'lim muassasalaridagi davomad, ta'mirlash va bunyodkorlik ishlaridagi kamchiliklar, farroshlarga maosh to‘lanishidan tortib, boshqa turli masalalarni tanqidiy tahlil etib, holatni joyida o‘rganib, xolis munosabatingizni bildirganingiz tahsinga sazovor. Ayni paytda faoliyatimizga doir yangiliklarni, g‘oya va tashabbuslarni, ma'lum yutuqlarni ham xuddi shunday yoritib kelayotganingizdan minnatdormiz. Kelgusida ham ana shunday o‘zaro hamkorligimizning davom etishi tarafdoriman va doim qo‘llab-quvvatlayman! 2019-2020 o‘quv yili boshidan biz, xalq ta'limi xodimlari “Ta'limda islohot: o‘zgarishni o‘zimizdan boshlaylik!” degan ezgu shior ostida ish boshladik va bugun ham shu asosda sa'y-harakatlarimizni davom ettiryapmiz. Prezidentimiz ilgari surayotgan g‘oya va tashabbuslar, ta'lim to‘g‘risida ochiq-oydin bildirayotgan tanqidiy fikrlari sohada muammolar ko‘pligidan dalolat. Qolaversa, joriy yilga “Ilm-ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”, deb nom berilgani ham tizimda kechiktirib bo‘lmas vazifalarni amalga oshirilishi lozimligini taqozo etdi. Viloyatda xalq ta'limi tizimini rivojlantirishda biz ustoz va murabbiylar salohiyatini oshirish, o‘quvchining bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash bo‘yicha ustuvor vazifalarni belgiladik. To‘g‘ri, hozircha katta yangilik yaratmadik, biror narsani kashf qilmadik, ammo bu borada avvalo o‘zibo‘larchilik, xalq ta'limi sohasida o‘qituvchilarning sovuqqonlik bilan yondashuviga chek qo‘yish, ularni o‘z ustida ishlashga majburlash, eng quyidagi rahbarlarni “uyg‘otishga” qat'iy kirishdik. Yillar davomida izlanmay qo‘ygan, hatto o‘z fanini ham puxta bilmaydigan o‘qituvchilarni baholash maqsadida “Ustozlar bellashuvi”ni tashkil qildik. Bu hozircha maktabning ichida o‘tkazilyapti. Natijalari muhokama qilinyapti. Kelgusida buni viloyat miqyosida o‘tkazishni rejalashtirganmiz. Bugun o‘qituvchidan, maktab direktorlaridan faqat ta'lim sifati va samaradorligini talab qiladigan vaqt keldi. Ammo xalq ta'limi sohasidagi yangiliklar, berilayotgan topshiriqlar joylargacha yetib bormayotgan holatlariga guvoh bo‘ldik. Ayni paytda direktor ishlamasa, o‘z vazifasini sidqidildan bajarmasa, o‘z jamoasiga shaxsiy namuna bo‘lmasa barcha sa'y-harakatlarimiz befoyda. Shu bois ularning mas'uliyatini oshirish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilish, muammolarni o‘z vaqtida hal etish maqsadida viloyatimizdagi 1236 ta maktab direktorlari, tuman va shahar xalq ta'limi bo‘limlari mas'ul rahbarlari ishtirokida 16 ta shahar va tumandagi studiyalar orqali videoselektor tarzida yig‘ilishlar o‘tkazishni yo‘lga qo‘ydik. Unda umumta'lim maktablaridagi ta'lim sifati, o‘qituvchilarning faoliyati davomida erishayotgan natijalari, o‘quvchilarning bilim darajasi to‘plangan ma'lumotlar asosida muhokama etilib, tanqidiy tahlil etilmoqda. Albatta, bu o‘z samarasini bera boshladi. Yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalanish maqsadida, turli fanlardan malakali o‘qituvchilarning onlayn tarzda mahorat darslarini tashkil etishni ham rejalashtiryapmiz. Umumta'lim maktablarida tajriba-sinov tariqasida variativ (o‘zgaruvchan) o‘quv rejalarning joriy etilganidan xabaringiz bor. Viloyatda 42 ta umumta'lim maktablarida variativ (o‘zgaruvchan) o‘quv reja asosida darslar tashkil etilib, ularga jami 1734 nafar 10-11-sinf o‘quvchilari jalb qilingan, Ushbu tajriba-sinov orqali bitiruvchilarimizning oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga kirish ko‘rsatkichlari ortishi kutilmoqda. *** Shu o‘rinda bugun keng jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘layotgan va ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan ba'zi masalalarga to‘xtalib o‘tsam. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan “O‘qituvchining ehtiyotsizligi sababli o‘quvchining ikki tirnog‘i uzilib tushdi” nomli maqola bo‘yicha Ijtimoiy tarmoqlarda joriy yilning 4 fevral kuni “O‘qituvchining ehtiyotsizligi sababli o‘quvchining ikki tirnog‘i uzilib tushdi” nomli maqola e'lon qilinib, keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Ma'lum bo‘lishicha, hodisa joriy yilning 21 yanvar kuni sodir bo‘lgan. Haqiqatdan ham, shu kuni 16-umumta'lim maktabining fizika fani o‘qituvchisi, ayni paytda maktab direktorining o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari 8-“G” sinfda dars mashg‘uloti o‘tayotgan paytda o‘quvchilar Daler Shumelin va Eldor Rashidovlar o‘zaro tortishib turadi. Kamoliddin Usanov ularni tinchlantirish va tanbeh berish maqsadida Eldor Rashidovni sinfxonadan tashqariga chiqaradi. Ularning ortidan Daler Shumelin ham ergashib, sinfxonadan chiqmoqchi bo‘lganda o‘qituvchi Kamoliddin Usanov Dalerdan chiqmaslikni talab qilib, jahl ustida eshikni qattiq yopadi. Afsuski, eshikdan qo‘lini olib ulgurmagan o‘quvchi Daler Shumelinning o‘ng qo‘l o‘rta va nomsiz barmoqlari qattiq shikastlanadi. Shu paytning o‘zida o‘qituvchi Kamoliddin Usanov hamda ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Aziz Bekmurodov Daler Shumelinni shifoxonaga olib borgan va onasiga xabar bergan. Sodir bo‘lgan holat yuzasidan maktab rahbariyati 21 yanvar va undan keyingi kunlar davomida shahar xalq ta'limi bo‘limiga ham, huquq-tartibot organlariga ham xabar bermagan. Kamoliddin Usanov o‘quvchi Daler Shumelinning olgan jarohatlarini davolash xarajatlari va uning yaqinlari ko‘rgan zararni qoplashga va'da bergan. Uch-to‘rt kun davomida xarajatlarni to‘lab, o‘quvchining uyiga oziq-ovqat mahsulotlarini olib borib turgan. Ammo keyinchalik oilaviy ahvoli tufayli yordam bera olmagan. Bo‘lib o‘tgan hodisalardan shahar xalq ta'limi bo‘limi xabar topgach, ushbu holat yuzasidan 16-umumta'lim maktabida ishchi guruh o‘rganish ishlarini olib bordi. Maktab o‘quvchi va o‘qituvchilari bilan suhbat o‘tkazilib voqeaga to‘liq oydinlik kiritildi. Daler Shumelinning onasi bilan suhbatlashib, unga moddiy yordam hamda oziq-ovqat mahsulotlari berildi. Kamoliddin Usanov undan keyingi xarajatlarni ham to‘lashni zimmasiga oldi. O‘quvchining shifokor nazoratidan o‘tishi uchun uni shifoxonaga olib borib kelish uchun mas'ul tayinlandi. Bugungi kunda Daler Shumelinning jarohatlari bitmoqda. U “Doktor Aralov medikal” mas'uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli xususiy klinikasi shifokori Alisher Lutfullayevning doimiy nazoratida. O‘quvchi bilan munosabatlarda ehtiyotsizlikka yo‘l qo‘ygan Kamoliddin Usanovga nisbatan shahar xalq ta'limi bo‘limi mudirining 2020 yil 5 fevraldagi 29-K-sonli buyrug‘i bilan, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksining 181-moddasiga muvofiq, “Xayfsan” intizomiy jazo chorasi qo‘llanildi. Bu kabi holatlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha o‘qituvchilar orasida tushuntirish-targ‘ibot ishlari olib borildi. *** Oqdaryo tumanidagi 63-maxsus maktab-internatdagi holat viloyat xalq ta'limi boshqarmasi, tuman hokimligi va jurnalistlar tomonidan o‘rganildi. Aniqlanishicha, 63-sonli imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan davlat ta'lim muassasasining 5 “A”-sinf o‘quvchisi S.I. Samarqand viloyati Narpay tumani Oqtosh shahri A.Ravshanov ko‘chasi, 32 - uyda ota-onasi bilan birga yashaydi. Tarbiyalanuvchi ushbu muassasaga 2015 yilda “Oligofreniya debillik darajasi nutq nuqson”li tashxisi bilan qabul qilingan. 2020 yil 23 yanvar kuni tarbiyachi Sh.T. navbatchiligi vaqtida, ertalab soat 6:00 larda tashqariga chiqqan. Shu vaqtda tarbiyalanuvchi S.I. ham uning orqasidan tashqariga chiqqan. Bundan xabardor bo‘lmagan holda tarbiyachi Sh.T. o‘z ishi bilan mashg‘ul bo‘lgan. Shundan so‘ng tarbiyalanuvchi S.I. 30-40 minut oralig‘ida tashqarida qolib ketgan. Shu vaqt mobaynida tarbiyalanuvchida “Talvasa sindromi” kuzatilgan. Tarbiyalanuvchini yotoqxona binosiga olib kirishgan. Muassasaning ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Z.Fozilova tuman tibbiy tez yordam bo‘limiga qo‘ng‘iroq qilgan. Tibbiy tez yordam xodimlari yetib kelgunga qadar tarbiyalanuvchi S.I.ga birinchi yordam ko‘rsatish maqsadida oyog‘ining tag qismiga issiq suv solingan baklashka qo‘yib, issiq pokrival bilan o‘ragan. Ehtiyotsizlik oqibatida bolaning oyog‘ining tag qismi kuyib, pufakcha hosil bo‘lgan. Shu sababli hozircha oyoqqa turgani yo‘q. Tuman tibbiyot xodimlari bolaning umumiy ahvoli yaxshi ekanligi, 1 hafta-10 kunda tuzalib, maktabga qaytishi mumkinligini bildirishgan. Ushbu holat bo‘yicha o‘z xizmat vazifasiga mas'uliyatsizlik bilan yondashganligi uchun muassasa tarbiyachisi Sh.T. va tungi enaga O.T. lar maktab direktorining 2020 yil 25 yanvardagi №-9, №10-sonli buyruqlari asosida vazifasidan ozod etilgan. Xodimlarga nisbatan yetarlicha e'tiborda bo‘lmaganligi sababli muassasaning ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Z.F., bosh tarbiyachi H.A. va tungi enaga G.T. larga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksining 181-moddasi 1-bandiga asosan “Hayfsan” intizomiy jazo chorasi qo‘llanilgan. Bolaning onasi bilan o‘tkazilgan suhbatda S.I. 5 yildan buyon ushbu maktabda o‘qiyotganligini, ushbu holat tasodifan bo‘lganligini, maktab rahbariyati va o‘qituvchilariga hech qanday e'tirozi yo‘qligini aytgan. *** Joriy yilning yanvar oyi dastlabki kunlari Ishtixon tumanidagi 3-umumta'lim maktabida o‘qituvchi o‘quvchini ikkinchi qavatdan itarib borganligi bilan bog‘liq ijtimoiy tarmoqlarda turli ma'lumotlar tarqaldi. Ushbu holat zasidan tegishli tartibda olib borilgan ishlar yuzasidan 2020 yil 13 yanvar sanasi bilan Ishtixon tuman IIBning “Jinoyat ishini qo‘zg‘atishni rad etish haqida”gi qarori tasdiqlangan. Unda ta'kidlanganidek, Ishtixon tumanidagi 3-umumta'lim maktabining 10-sinf o‘quvchisi Suhrob Qarshiboyevning otasi Dilshod Pirnazarovning 2020 yil 3 yanvarda shu maktabda ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari bo‘lib ishlab kelayotgan Adham Ro‘ziyevning o‘g‘liga tan jarohati yetkazib, uni maktab binosining ikkinchi qavatidagi derazadan itarib yuborganligi to‘g‘risida ariza bilan murojaat qilgan. Holat yuzasidan Ishtixon tuman IIB huzuridagi TB surishtiruvchisi, kapitan F. Nosirov tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borgan hamda Ishtixon tuman Sud-tibbiy ekspertiza bo‘limining eksperti Hasan Abdumo‘minovning xulosalari o‘rganilgan. Suhrob Qarshiboyevdan otasi Dilshod Pirnazarovning ishtirokida video tasvir orqali tushuntirish xati olinganda o‘quvchi qarindoshlariga dastlab direktor o‘rinbosari Adham Ro‘ziyevning ikkinchi qavat derazasidan itarib yuborganligi to‘g‘risida yolg‘on ma'lumot berganligi, aslida Adham Ro‘ziyevdan tanbeh eshitmaslik uchun o‘zini pastga tashlaganligini ta'kidlagan. Ayni paytda Adham Ro‘ziyevdan da'voyi yo‘qligini ma'lum qilgan. Tergovga qadar tekshiruv ishlari davomida holat bo‘yicha guvohlar Ziyoda G‘ofurova, Shohida O‘tayeva, Malika Samadova, Xumora Shamsiyevalarning tushuntirish xatlari, Adham Ro‘ziyevning ko‘rsatmalari asosida to‘plangan hujjatlarga ko‘ra, Adham Ro‘ziyevning xatti-harakatlarida jinoyat alomatlari aniqlanmaganligi sababli jinoyat ishini rad etish bo‘yicha qaror qabul qilingan. Bunday holatlarni takrorlanmasligi, o‘qituvchilarning o‘z kasbiga mas'uliyat bilan yondashishlari bo‘yicha barcha sa'y-harakatlarni amalga oshiryapmiz. *** Bugun hurmatli viloyat hokimimiz E.Turdimov rahbarligida o‘tkazilayotgan sayyor qabullar, aholi murojaatlari va shikoyatlarining asosiy mazmuni umumta'lim maktablarining ta'mirtalab ahvolda ekanligi, sinfxonalar yetishmasligi bilan bog‘liq. Haqiqatdan ham bu borada kamchiliklar bor va bu barchaga ayon. 2019 yilning 26 noyabrdagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Zamonaviy maktab”larni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Qarorga muvofiq, 2020-2022 yillarda umumiy o‘rta ta'lim muassasalarini “Zamonaviy maktab” talablari asosida yangidan qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal ta'mirlash va jihozlashning asosiy parametrlari tasdiqlandi. Xususan, 2020 yilda Samarqand viloyatidagi 16 ta umumiy o‘rta ta'lim maktabida rekonstruksiya, 5 tasida mukammal ta'mirlash, 2021 yilda 31 ta, 2022 yilda esa 30 ta, jami 82 ta umumiy o‘rta ta'lim maktabida rekonstruksiya hamda mukammal ta'mirlash ishlari amalga oshirilishi belgilandi. Tuman va shaharlar kesimida olib qaraganimizda 2020-2021 yillarda Samarqand va Jomboy tumanlarida bittadan, Toyloq, Ishtixon va Narpay tumanlarida ikkitadan, Nurobod va Paxtachi tumanlarida to‘rttadan, Urgut va Kattaqo‘rg‘on tumanlarida oltitadan maktablar, shuningdek, Qo‘shrabot tumanidagi 3 ta, Samarqand shahridagi 8 ta, Payariq tumanidagi 9 ta, Pastdarg‘om tumanidagi 12 ta hamda Oqdaryo tumanidagi 16 ta maktablarda rekonstruksiya va mukammal ta'mirlash ishlari amalga oshiriladi. Qarorda nazarda tutilmagan umumiy o‘rta ta'lim maktablarini O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Xalq ta'limi vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda “Zamonaviy maktab” talablari asosida kompleks rivojlantirishni amaliyotga tatbiq etish uchun xalqaro moliya institutlari kredit va grantlari jalb etiladi. Umumta'lim muassasalarini zamonaviy mebel va jihozlar, o‘quv laboratoriya asbob-uskunalari, o‘quv-uslubiy materiallar, kompyuter va multmedia hamda video-kuzatuv vositalari bilan jihozlanishiga alohida e'tibor qaratilib, yangi me'yorlar qo‘llaniladi. “Zamonaviy maktab”larning darsliklar va o‘quv qo‘llanmalar, badiiy va boshqa adabiyotlar bilan ta'minlanganligiga, o‘quv-tarbiya jarayoni, o‘quvchilarning sport bilan shug‘ullanishiga hamda darsdan tashqari faoliyatiga alohida e'tibor qaratiladi. Shuningdek, zamon talablaridan kelib chiqqan holda rahbar va pedagog xodimlariga qo‘yiladigan talablar ishlab chiqiladi. Shuningdek, joriy yil davomida “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari asosida jami 28 ta umumta'lim maktablarida ta'mirlash va bunyodkorlik ishlari amalga oshiriladi. Bir so‘z bilan aytganda, sohada o‘z yechimini kutayotgan muammolar talaygina. Tinimsiz izlanish, doimiy harakat va kasbga sadoqat bilan ushbu muammolarni birgalikda hal etishimiz mumkin. Endi ruxsatlaringiz bilan, bevosita savol-javoblarga o‘tsak.


Oxirgi o‘zgarish: 13/02/2020 09:16;   Ko‘rilganligi: 81
 
Material manzili: http://samvxtb.uz/oz/press/speeches/samarqand-viloyati-xalq-talimi-boshqarmasi-boshligi-saidahmad-saydullaevich-usmonovning-tizimda-amalga-oshirilayotgan-ishlar-mavjud-muammo-va-kamchiliklar-2020-yildagi-istiqbolli-vazifalarga-bagishlangan-matbuot-anjumanidagi-maruzasi
Chop etilgan vaqti: 07/04/2020 22:02
Matnni o‘qish uchun ushbu tugmani bosing