Samarqand viloyat hokimligi
Xalq ta'limi boshqarmasi
w w w . s a m x t b . u z

 

Ta'lim-tarbiya sifatini ta'minlash bosh vazifamiz

Viloyat xalq ta'limi boshqarmasi boshlig‘i R.Yuldashevning ma'ruzasi

Assalomu alaykum, aziz ustozlar!

Qadrli konferensiya ishtirokchilari!

Mamlakatimiz tayanchi bo‘lgan yoshlarimizning sog‘lom va barkamol, buyuk ajdodlarimizga munosib bo‘lib voyaga yetishi, ilm-fan sirlarini, zamonaviy bilimlarini chuqur egallashi uchun barcha sharoitlar yaratilgan.

Muhtaram Prezidentimiz tomonidan 2017 yilninng “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb belgilanishida ham biz muallimlarga farzandlar tarbiyasida yanada ko‘proq ota-onalar bilan muloqatda bo‘lish, ularning farzandlarini o‘zlari istagandek tarbiyali va ilmli qilib ta'lim berishdek mas'uliyatli vazifa  qo‘yilgan.

2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta  ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha “Harakatlar strategiyasi”ning 4-Ijtimoiy sohani rivojlantirishnning ustuvor yo‘nalishlari bo‘limida bizning vazifamiz yanada aniq va maqsadli ko‘rsatilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 29 dekabrdagi “2017-2021 yillarda maktabgacha ta'lim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-2707-sonli,  Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 15 martdagi “Umumiy o‘rta ta'lim to‘g‘risida nizom tasdiqlash haqida”gi 140-sonli, 2017 yil 6 apreldagi “Umumiy o‘rta va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limining davlat ta'lim standartlarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 187-sonli, 2017 yil 19 iyuldagi “Maktabgacha ta'lim muassasalarining faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi 528-sonli qarorlari “Harakatlar strategiyasi”ning xalq ta'limi tizimi yo‘nalishi bo‘yicha tub islohotlarning huquqiy asosi bo‘ldi.

Darhaqiqat, bu yilgi Fidoying bo‘lgaymiz seni, O‘zbekiston! shiori ostida o‘tkazilayotgan anjumanimiz Davlat mustaqilligimizning 26 yilligiga yaqin  qolgan kunlar va Xalqaro musiqa festivali boshlanishi  arafasida o‘tmoqda. Bu bizning bugungi ishimizga  ko‘tarinki kayfiyat va o‘zgacha shijoat bag‘ishlaydi.

Haqiqatan ham bugun viloyat xalq ta'limi tizimida o‘tgan o‘quv yilida  olib borilgan ishlarni sarhisob qilish, erishgan yutuq va muvaffaqiyatlarimiz bilan faxrlanish hissini tuyish bilan birgalikda yo‘l qo‘yilgan xato-kamchiliklarni tanqidiy tahlil qilib, yangi o‘quv yilida bor imkoniyatlardan samarali foydalangan holda ularni bartaraf etish choralarini ko‘rish, mumkin qadar muammolarning yechimini topish yuzasidan aniq vazifalarni belgilab olish asosiy maqsadimizdir.

Qayd etilganidek, bugungi kunda viloyat xalq ta'limi boshqarmasi tasarrufida jami 1789 ta ta'lim muassasalari, shundan 1218 ta umumta'lim maktablari, 551 ta maktabgacha ta'lim muassasalari, 17 ta “Barkamol avlod” bolalar markazlari,  3 ta Mehribonlik uylari hamda 1 ta viloyat xalq ta'limi xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti faoliyat ko‘rsatadi. Bu anchagina katta kontingent, ammo bizning hamkasblarimizning barchasi ziyolilar bo‘lib, sohaga sadoqat bilan yondashsa, har bir xodim o‘z oldiga qo‘ygan vazifani vijdonan bajarsa, xato-kamchiliklar kamayib, natijalarimiz esa shunga yarasha bo‘ladi.

Joriy yilda davlat dasturi asosida 1 ta maktab yangi qurilayotgan bo‘lsa, 66 ta maktab va 28 ta MTM kapital rekonstruksiya, 11 ta maktab va 4 ta MTM esa kapital ta'mirlanmoqda.

Mahalliy byudjet hisobidan esa 4 ta MTM mukammal ta'mir, 70 ta maktab va 42 ta MTMlarda joriy ta'mirlash ishlari bajarilmoqda.

Viloyat bo‘yicha bir yilda jami 226ta umumta'lim muassasalarida 101mlr. 800mln. so‘mlik qurilish, bunyodkorlik ishlari olib borilayotganligini inobatga olsak, bundan oldingi yillarga nisbatan juda katta hajmdagi ishlar amalga oshirilmoqda.

Buni albatta rahbariyatimizning Samarqand xalq ta'limi tizimiga g‘amxo‘rligi deb bilamiz. Biz shunga munosib bo‘lib,o‘z ish uslubimizni tubdan o‘zgartirib, yosh avlodga sifatli ta'lim berishni o‘z oldimizga maqsad qilib olganmiz.

        O‘tgan o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi tomonidan tasdiqlangan ish reja, sohalar bo‘yicha ishlab chiqilgan chora-tadbirlar dasturi, qaror va buyruqlar asosida viloyatimiz xalq ta'limi tizimida ham bir qator yutuqlarga erishildi.

        Jumladan, fidokorona mehnatlari, xalq ta'limi sohasidagi yutuqlari uchun tajribali o‘qituvchi va murabbiylarimizdan 2016-2017 o‘quv yilida 7 nafari davlatimizning yuksak orden va medallari bilan taqdirlandilar.

       O‘quvchi-yoshlarning ijodiy salohiyatlarini, vatanparvarlik tuyg‘ularini va sog‘lom turmush tarzi ko‘nikmalarini rivojlantirish, ular qalbida yot g‘oya ta'sirlariga qarshi mustahkam immunitetni shakllantirish, mustaqil va erkin fikrlovchi, qat'iy e'tiqodga ega bo‘lgan yuksak bilimli, intellektual salohiyatli, mustaqillik tamoyillariga sodiq, jismoniy va ma'naviy jihatdan barkamol avlodni tarbiyalash maqsadida turli tadbirlar va ko‘rik-tanlovlar tashkil etildi.  

       Ushbu tadbir va tanlovlarda viloyatimiz o‘quvchilari ham faol qatnashib, faxrli o‘rinlarni egalladilar.

         Jumladan, o‘tgan 2016-2017 o‘quv yilida Ishtixon tumanidagi 1-ixtisoslashtirilgan davlat umumta'lim maktabining 9-sinf o‘quvchisi Dildora O‘roqovaning ta'lim sohasida erishgan yutuqlari uchun Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibasi bo‘lganligi faxr bilan qayd etildi. 

        Shuningdek, “Jaholatga qarshi ma'rifat” nomli badiiy va ijodiy ishlar tanlovining respublika bosqichida rasmlar yo‘nalishi bo‘yicha Samarqand shahridagi 55-maktabning 8-sinf o‘quvchisi Chehrona O‘tayeva 1-o‘rinni, she'rlar yo‘nalishi bo‘yicha Samarqand shahridagi 13-maktabning 9-sinf o‘quvchisi Gulnigor Yazdonqulova 2-o‘rinni, insholar yo‘nalishi bo‘yicha Samarqand shahridagi 24-maktabning 8-sinf o‘quvchisi Akobir Majidov 3-o‘rinni, “O‘zbekiston–jannatmakon yurtim” mavzusidagi on-layn insholar tanlovining respublika bosqichida Samarqand tumanidagi  4-umumta'lim maktabi o‘quvchisi Marjona Ro‘ziyeva 2-o‘rinni;

O‘quvchilarning huquqiy bilimlarini oshirishga yo‘naltirilgan “Huquq bilimdonlari” tanlovining respublika bosqichida Samarqand shahrining “Femida” jamoasi 2-o‘rinni, “Soliq bilimlari – bolalarga”  tanlovining respublika bosqichida Samarqand shahridagi 51-IDUM jamoasi 3-o‘rinni qo‘lga kiritganligini ham alohida qayd etmoqchimiz.

2016-2017 o‘quv yilida o‘tkazilgan umumta'lim fanlari olimpiadasida 86 nafar o‘quvchi Xalq ta'limi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirliklarining sertifikatlarini olishga musharraf bo‘ldi hamda akademik litsey va kasb hunar kollejlariga imtiyozli yo‘llanmalar berildi.

Xalq ta'limi tizimida faoliyat olib borayotgan fan o‘qituvchilari orasidan ilg‘or, ijodkor, kompetentli, tashabbuskor, fidoyi o‘qituvchilarni aniqlash, samarali natijalarga erishayotgan o‘qituvchilarning ish tajribalarini ommalashtirish va ularning ish faoliyatini keng ommaga yetkazish maqsadida tashkil etilgan “Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi”ko‘rik-tanlovining respublika bosqichida Samarqand shahridagi 1-IDUMning milliy istiqlol g‘oyasi fani o‘qituvchisi Dilrabo O‘rinova  3-o‘rinni;

“Yil psixologi” ko‘rik tanlovining respublika bosqichida Oqdaryo tumani 1-maktab psixologi Shahlo Latipova 1-o‘rinni;

“Kitobxon maktab” tanlovining respublika bosqichida Samarqand tumanidagi 16-umumta'lim maktabi ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Zarina Olimova faxrli 1-o‘rinni;

Alohida ta'kidlash lozimki, Samarqand viloyati jamoasi “Kitobxon maktab” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichida to‘rtinchi marotaba g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.

   O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi tashabbusi bilan tashkil etilgan “Yilning eng yaxshi dars ishlanmasi” on-layn ko‘rik-tanlovining respublika bosqichida Ishtixon tumanidagi 1-IDUM ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi Feruza Tog‘ayeva faxrli 1-o‘rinni;

Kattaqo‘rg‘on shahridagi 3-umumta'lim maktabi o‘zbek tili fani o‘qituvchisi Lola Ismoilova 2-o‘rinni va Samarqand shahridagi 51-IDUM o‘zbek tili fani o‘qituvchisi Nigora Amonova 3-o‘rinni;

          Shuningdek, “Eng obod ta'lim muassasasi-2017” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichida Jomboy tumanidagi 7-umumta'lim maktabi 1-o‘rinni, Samarqand shahridagi 9-umumta'lim maktabi 2-o‘rinni, Tayloq tumanidagi 14-umumta'lim maktabi va Samarqand tumanidagi 2-ixtisoslashtirilgan davlat umumta'lim maktabi 3-o‘rinni;

         “Eng obod maktabgacha ta'lim muassasasi-2017”  ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichida Samarqand shahridagi 84-maktabgacha ta'lim muassasasi 1-o‘rinni; Jomboy tumanidagi 16-maktabgacha ta'lim muassasasi 2-o‘rinni, Samarqand tumanidagi 24-maktabgacha ta'lim muassasasi 3-o‘rinni qo‘lga kiritib, tanlovning respublika bosqichida qatnashish uchun yo‘llanma olganligi hammamiz uchun qadrli. Ushbu hamkasblarimizdan barchamiz minnnatdormiz.

         Hurmatli anjuman qatnashchilari!

Bugun bizning oramizda davlat mablag‘ini talon-taroj qiladigan rahbarlar bo‘lmasligi lozim. Bu holatlarga ko‘z yumgan mudirlarga ham endi qonuniy chora ko‘rilishi muqarrar. Ayni vaqtda Muhtaram Prezidentimiz takror va takror ta'kidlaganlaridek “Har kim o‘z aravasini tortish vaqti keldi. Aravani torta olmagan safimizdan chiqib qolishi aniq”.

Hurmatli anjuman ishtirokchilari!

Bugungi kunga kelib, barcha turdagi ta'lim muassasalarida yangi o‘quv yili hamda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari yakunlanmoqda.

Joriy ta'mirlash rejalashtirilgan 70 ta maktablardan 54 tasi (77,1%), 42 ta maktabgacha ta'lim muassasasidan 31 tasi (73,8%), 1860 m2 deraza oynalari to‘liq (100 %) almashtirildi va ajratilgan 22,830 ming tonna ko‘mir yoqilg‘isidan 5,190 ming tonna (23,0%) ta'lim muassasalariga yetkazildi va bu boradagi ishlar davom etmoqda.

2017-2018 o‘quv yilida jami 584565 nafar 1-10 sinf o‘quvchilariga 4073436 dona darsliklar va o‘quv metodik qo‘llanmalarga buyurtmalar berilgan va o‘quvchilar to‘liq darsliklar bilan ta'minlanadi.

“O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma olti yillik bayrami”ga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha barcha maktablarda “Fidoying bo‘lgaymiz seni, O‘zbekiston!” nomli chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan va shiorlar ilingan.  

10-sinflar tashkil etilishi munosabati bilan shu sinflarda dars berishi kutilayotgan 15489 nafar fan o‘qituvchilarini o‘z mutaxassisliklari bo‘yicha o‘qitish maqsadida viloyat malaka oshirish instituti qoshida 539 nafar trener-o‘qituvchilar uchun “Qisqa muddatli kurs”lar tashkil etilib, ular to‘liq o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar bilan ta'minlandi.

 2017 yilning 20 avgustiga qadar ushbu o‘quvlar yakunlanib, yangi o‘quv yili uchun ish rejalar tasdiqlanishi va 29-31 avgust kunlari ped kengashlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Barcha umumta'lim maktablarga “Mustaqillik darslari”, “Ertalabki saflanish”, “Tarbiyaviy soat” va “Ochiq dars”larni o‘tkazish yuzasidan tavsiyanomalar hamda ta'lim muassasalarida “Mustaqillik bayramini tashkil etish va o‘tkazish” bo‘yicha ishlab chiqilgan namunaviy ssenariylar joylarga yetkazilgan.

2016-2017 o‘quv yili yakuni va 9-sinf bitiruvchilarini ta'limning keyingi bosqichi bilan qamrab olish ishlari:

2016-2017 o‘quv yilida umumta'lim maktablarining 9-sinfini 55340 nafar  o‘quvchi bitirdi.

Ota-onalar va o‘quvchilar o‘rtasida o‘tkazilgan suhbatlar natijalariga ko‘ra, ularning 39142 nafari (70,7%) umumta'lim maktablarining 10-sinfida, 1165 (2,1%) nafari akademik litseylarda, 15000 (27,1%) nafari kasb-hunar kollejlarida o‘qishini davom ettirish istagini bildirishdi.

Shu maqsadda o‘quvchilar xohishiga ko‘ra 1110 ta maktabda 1573 ta 10-sinflar tashkil etildi.Ushbu maktablarning moddiy texnik bazasi qayta inventarizatsiya qilinib, tegishli xulosalar O‘zbekiston Respublika xalq ta'limi vazirligiga taqdim etildi. Haftasiga 8 soatlik o‘quv ishlab chiqarish amaliyotlarini kasb-hunar kollejlari bazasi va umumta'lim maktablaridagi “O‘quv ishlab chiqarish majmualari”da tashkil etish ortiqcha sarf-xarajatni oldini olish va xavfsizlikni ta'minlash uchun zamin bo‘lishi inobatga olindi.

Yangi o‘quv yilidan boshlab “Mahalla” va Ichki ishlar bo‘limlari bilan yangicha tizim yaratilib, o‘zaro hamkorlikning yanada kuchaytirilganligi ayni muddao bo‘ldi. O‘ylaymanki, bu hamkorlik o‘zining katta ijobiy natijasini beradi.

Hurmatli hamkasblar!

O‘tgan o‘quv yili yakunlariga ko‘ra maktablarda 1 stavka hisobidan 532 nafar pedagogga extiyoj mavjud bo‘lgan. Tahlil qiladigan bo‘lsak ushbu ehtiyojning asosiy qismi  tarix, geografiya, kimyo, matematika, fizika, informatika, ingliz tili va boshqa fan o‘qituvchilariga to‘g‘ri keladi.

Boshqarma va tuman, shaharlar xalq ta'limi bo‘limlari hamda ta'lim muassasalari rahbarlari tomonidan  joriy yilning aprel-may oylarida pedagogik yo‘nalishdagi oliy o‘quv yurtlarini tugatayotgan 1013 nafar yosh mutaxassislar bilan shartnomalar imzolangan.

Yangi ish o‘rinlarini yaratish maqsadida tuman (shahar) xalq ta'limi bo‘limlariga qarashli  ta'lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan pedagog xodimlarni faqat mutaxassisligi bo‘yicha ishlashga ruxsat berish va tarifikatsiyadan o‘tkazish jarayonida ish yuklamasi 1 stavkadan oshmasligi qat'iy belgilab berildi va buninng natijasida ham salmoqli ish o‘rinlari yaratiladi.

2017 yilda Samarqand davlat universiteti,  Samarqand davlat chet tillari instituti, Jahon tillari universiteti, Navoiy davlat pedagogika instituti, O‘zbekiston Milliy universiteti va Jizzax davlat pedagogika institutlarini 2 mingdan ziyod yosh mutaxassislar tugatayotganligi sababli ularni Narpay,  Payariq, Kattaqo‘rg‘on, Nurobod, Pastdarg‘om, Bulung‘ur, Paxtachi tumanlaridagi ta'lim muassasalariga ishga jalb qilish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

Aziz anjuman qatnashchilari, barchangiz xuda yaxshi bilasiz, xalq talimi faoliyati samaradorligining eng asosiy mezonlaridan biri bu respublika  “Bilimlar bellashuvi” natijasi hisoblanadi.

2016-2017 o‘quv yilida  tuman, shaharlarda “Bilimlar bellashuvi” Xalq ta'limi vazirligining 2017 yil  16 yanvardagi “Pedagogik jamoalar va hududiy Xalq ta'limi boshqaruvi idoralarining ta'lim muassasalari va hududiy Xalq ta'limi boshqaruv idoralari reytingini aniqlash hamda umumta'lim fanlari bo‘yicha bilimlar bellashuvini tashkil etish to‘g‘risida”gi 13-sonli buyrug‘i  asosida o‘tkazildi.

“Bilimlar bellashuvi”ning viloyat uchinchi bosqichi joriy yilning 28-29 aprel kunlari Samarqand shahridagi 45-umumta'lim maktabida Nizomda belgilangan talablar asosida xolisona va adolatli o‘tdi.

Bellashuvda jami  427 nafar o‘quvchilar qatnashib, 28 nafar iqtidorli o‘quvchilar saralab olinib, respublika bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, g‘oliblar quyidagicha aniqlandi;

Samarqand shahri 12ta, Ishtixon tumani 10ta, Pastdarg‘om va Kattaqo‘rg‘on tumanlari 9 tadan, Kattaqo‘rg‘on shahri  8 ta, Oqdaryo  va Jomboy  tumanlari 7tadan, Narpay tumani 6ta, Bulung‘ur va Nurobod  tumanlari 5tadan, Urgut  va  Payariq tumanlari 4tadan, Tayloq,  Samarqand,  Qo‘shrabot va Paxtachi tumanlari 1tadansovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritdilar.

Viloyat miqyosida o‘tkazilgan mazkur bellashuvda 28 nafar o‘quvchi 1-o‘rin, 30 nafar o‘quvchi 2-o‘rin va 29 nafar o‘quvchi 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Bellashuvda faxrli 1-o‘rinni egallagan 28 nafar o‘quvchilarimiz  joriy yilning 15-27 iyun kunlari Toshkent viloyatidagi “Quyoshli” oromgohida dam oldirilib, ular Xalq ta'limi vazirining  diplomi, ko‘krak nishoni va qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlandi.

2, 3, 4, 5 o‘rinni egallagan g‘olib o‘quvchilar Urgutdagi “Chor chinor”  oromgohida dam oldirildi.

Tuman-shaharlar reytingi:

Kompleks parametrlar asosida tuman va shaharlarning reyting o‘rinlari 26 ta mezonlar asosida belgilab chiqildi. Ta'lim sifatining kompleks ko‘rsatgichlari sifatida umumta'lim muassasalari o‘quvchilarining umumta'lim fanlari bo‘yicha bilimlar bellashuvi, ta'lim sifati monitoringi, fan olimpiadasining viloyat bosqichi natijalari, ta'lim muassasalarini attestatsiyadan o‘tkazish rejasini bajarilishi, ingliz tili bilimdonlari, “Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi”, “Yilning eng yaxshi maktab direktori”, “Eng yaxshi maktab veb-sayti”, “Eng yaxshi o‘qituvchi veb-sayti”, “Yilning eng yaxshi tarbiyachisi”, “Eng obod ta'lim muassasasi”, “Yilning eng yaxshi ma'naviyat targ‘ibotchisi” ko‘rik-tanlovlari natijalari asos qilib olingan.

O‘tgan o‘quv yilida  barcha ko‘rsatkichlar bo‘yicha Samarqand shahar 1-, (o‘tgan yilda 1-o‘rinni), Ishtixon  tumani 2-, (o‘tgan yilda 5-o‘rinni), Samarqand tumani  3- (o‘tgan yilda 6-o‘rinni) o‘rinni egallagan.

Narpay tumani o‘tgan yilda 10-o‘rinda bo‘lgan bo‘lsa, 2016-2017 o‘quv yilida 16 o‘ringa tushgan.   

Bu masalani biz yil yakuni bo‘yicha Hay'at yig‘ilishida muhokama etib, tegishli choralarni qo‘llaganmiz va tuman shaharlar kesimida ham har bir ta'lim muassasasining reytingi aniqlangan.  

Fan olimpiadasiningviloyat bosqichida 461 nafar g‘olib o‘quvchi ishtirok etdi. 3-bosqich fan olimpiadasida jami 86 nafar o‘quvchi,bular:  Samarqand shahar 19 nafar, Tayloq tumani 4 nafar,Kattaqo‘rg‘on, Pastdarg‘om tumanlari 9nafardan,  Kattaqo‘rg‘on shahri 7 nafar, Ishtixon tumani 6 nafar, Urgut tumani 3 nafar, Samarqand, Narpay, Oqdaryo  tumanlari 5 nafardan, Jomboy, Paxtachi, Bulung‘ur, Qo‘shrabot tumanlari  2 nafardan, Nurobod tumani 1 nafardan o‘quvchi sovrinli o‘rinlarni egallab,  yuqori natijalarni qo‘lga kiritishdi.

Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisiko‘rik-tanlovining tuman  bosqichida 15 ta fandan 29549 nafar o‘qituvchi ishtirok etib, ulardan 25 nafari sovrinli o‘rinlarni egallagan.

  Yangi o‘quv yilining har choragida fanlar kesimida nazorat (yozma) ishlar olib borilishi rejalashtirilmoqda. Bunda o‘qituvchining savodxonligi, husnixatiga ham e'tibor qaratilishi belgilab qo‘yilgan. Turli axborot xurujlari avj olayotgan, o‘quvchining dunyoni anglashga bo‘lgan qiziqishi tobora oshib borayotgan davrda o‘qituvchi zamon talablariga mos bo‘lmasa, o‘z bilim salohiyati ustida ishlamasa, DTSlarini o‘quvchi ongiga singdira olmasa, axborot kommunikatsiya texnologiyalaridan unumli foydalanmasa o‘qituvchi sifatida o‘z o‘rnini topa olmaydi.

Darsliklar ta'minoti:

2017-2018 o‘quv yili uchun jami 4 073 634dona darsliklar va o‘quv-metodik qo‘llanmalarning umumta'lim maktablari kesimidagi taqsimoti amalga oshirildi.

Jumladan, ta'lim o‘zbek, rus va tojik tillarida 1-, 4-, 6-, 7-sinf darsliklariga to‘liq to‘plamda va 3-, 4-, 5-sinflarga chet tili darsliklariga jami 3 079 383 dona, 2-, 3-, 4-sinflarga jami 979 073 dona ish daftarlari, 1-, 4-, 6-, 7-sinf o‘qituvchilari uchun jami 14 012 dona metodik qo‘llanmalari (multimedia ilovali), maxsus maktab internatlari uchun jami 1 166 dona maxsus darsliklar hamda brayl darsliklari tashkil etadi.

Ma'naviy-ma'rifiy ishlar natijadorligi.

O‘quvchilarning bo‘sh vaqtini ko‘ngilli tashkil etish bo‘yicha: viloyat umumta'lim maktablaridagi 526 899 nafar o‘quvchilarning 175991nafari maktablardagi fan to‘garaklariga, 18270 nafari qiziqishlari bo‘yicha maktablardagi ijodiy va kasbga yo‘naltiruvchi to‘garaklarga, 131624 nafari maktablardagi sport to‘garaklariga, 11307nafari BABMlardagi to‘garaklarga, 31222 nafari BO‘SMga, 6448nafari BMSMga, 20150 nafari mahallalarda tashkil etilgan usta-shogird yo‘nalishidagi to‘garaklarga jalb qilingan. Bu esa jami o‘quvchilarning 70,3%ni tashkil etadi.

Viloyatdagi tuman va shahar xalq ta'limi bo‘limlari tasarrufida 17 ta «Barkamol avlod» bolalar markazlarida jami 519 nafar pedagoglardan 129 nafari (25%) oliy, 389 nafari (75%) o‘rta-maxsus ma'lumotga ega. Markazlarda 447 ta to‘garaklarga 11307 nafar o‘quvchilar qamrab olingan.

Ularda asosiy 4 ta yo‘nalish mavjud bo‘lib, ular badiiy ijodiyot yo‘nalishi (6676 nafar o‘quvchilar qamrab olingan), texnika yo‘nalishi (2097 nafar o‘quvchilar qamrab olingan), ekologiya va o‘lkashunoslik yo‘nalishi (1854 nafar o‘quvchilar qamrab olingan) va chet tili yo‘nalishi (680 nafar o‘quvchilar qamrab olingan)dan iborat.

Viloyatda 17 ta axborot-resurs markazlari va umumta'lim maktablari qoshida 120 ta axborot-resurs markazlari mavjud.

Shuningdek, umumta'lim maktablarida 1088 ta kutubxonalar faoliyat ko‘rsatmoqda. Axborot-resurs markazi va maktab kutubxonalarida 1519 nafar xodimlar ishlab kelmoqda. Jami kitob fondi 1689056 tani tashkil etib, shundan, 589053 tasi axborot-resurs markazlarida, 1100003 tasi maktab kutubxonalariga to‘g‘ri keladi.

Axborot-kutubxona muassasalarining foydalanuvchilari soni 808205 nafarni tashkil etadi. Shundan, 647445 nafari 16 yoshgacha, 93678 nafari 16 yoshdan yuqorilardir.

“Oila, mahalla, ta'lim muassasasi” hamkorligi asosida “Ota-onalarning farzand oldidagi mas'uliyatini oshirish”, “O‘quvchilarni turli diniy oqimlar ta'siridan saqlash va ular tomonidan sodir etilishi mumkin bo‘lgan jinoyatchilikni oldini olish”, “Behayolik, zo‘ravonlik va shafqatsizlikni targ‘ib qiluvchi mahsulotlarni tayyorlash, O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish, tarqatish, reklama qilish va namoyish etilishining oldini olish”, “O‘z joniga qasd va suiqasd qilishni oldini olish” bo‘yicha 2017 yilning 6 oyi davomida 8100 dan ortiq uchrashuvlar o‘tkazildi.

O‘quvchilarni darslarni tashlab masjidlarga “Juma namozi”ni o‘qish uchun chiqib ketishlarini oldini olish maqsadida, haftaning har juma kunlari mahalla raislari, imom xatiblari, IIB vakillari ishtirokida hududlardagi masjidlarda 14 marotaba reydlar o‘tkazildi.

IIB xodimlari bilan hamkorlikda haftaning har juma kunlari “Profilaktika kuni” tadbirlari o‘tkazilmoqda.

 Kelgusida  har xil noxush holatlarning oldini olish uchun har bir bolaga o‘z farzandimizdek munosabatda bo‘lib, ta'lim –tarbiya berishimiz shart deb hisoblayman.

Maktabgacha ta'lim muassasalari faoliyati:

Hurmatli yig‘ilish qatnashchilari yuqorida ta'kidlanganidek hozirgi kunda viloyatda 551 ta maktabgacha ta'lim muassasalari mavjud bo‘lib, shundan 6 ta maxsus va 11 ta nodavlat maktabgacha ta'lim muassasalaridir.

Maktabgacha ta'lim muassasalarida 4768 nafar pedagog xodimlar faoliyat ko‘rsatishadi. Mudiralarning barchasi oliy ma'lumotli. 3259 nafar tarbiyachilardan esa1027 nafari oliy, 2232  nafari o‘rta maxsus ma'lumotli. 

 Viloyatda 2-7 yoshli bolalar soni 285077 nafarni tashkil etadi. Maktabgacha ta'lim muassasalarining quvvati 65112 nafar bolalarga mo‘ljallangan bo‘lib, 71055 nafar(24,6%) bolalar qamrab olingan. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 29 dekabrdagi “2017-2021 yillarda maktabgacha ta'lim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-2707-sonli qaroriga asosan 2017-2021 yillarda  viloyatda 281(50,9%)ta maktabgacha ta'lim muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash,  jumladan, 7 ta 740 o‘rinli yangi MTM binolari qurish, 251 ta 24590 o‘rinli MTMlarni rekonstruksiya qilish, 23 ta 3710 o‘rinli MTM binolarini kapital ta'mirlash va ularni zamonaviy talablarga javob beradigan inventar, uskunalar, o‘quv-metodik qo‘llanmalar, multimedia resurslari bilan ta'minlash ishlarini amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

2017-2021 yillarda qisqa muddatli guruhlar tarmog‘ini kengaytirish orqali qamrov foizini oshirish maqsadida har yili 84 ta MTMlarda 4200 nafardan bolalarni qisqa muddatli guruhlarga jalb etish rejalashtirilib, 2021 yilda MTMlarga jami 115323 nafar bolalar jalb qilinishi orqali qamrov foizini 40 foizga oshiriladi.

Bugungi kunda 84 ta maktabgacha ta'lim muassasasida 156 ta qisqa muddatli guruhlar tashkil etilib  3820 nafar bolalar  qamrab olingan.

 Ta'limda global hamkorlik tashkiloti granti asosida O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi tomonidan Jahon banki bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan “Maktabgacha va umumiy o‘rta ta'limni rivojlantirish” loyihasi doirasida 84 ta maktabgacha ta'lim muassasalari 24 nomdagi zarur mebel jihozlari, o‘quv-metodik materiallar va resurslar bilan ta'minlangan. Bugungi kunda yetkazib berilgan jihozlar o‘rnatilgan tartibda joylashtirilib, 156 ta qisqa muddatli guruhlarda ulardan samarali foydalanilmoqda.

Maktabgacha ta'lim muassasalarida jami 413 ta kichik kutubxonalar tashkil etilib, 1894 ta  badiiy adabiyotlar, 2525 dona ertak kitoblar va  938 dona o‘quv qo‘llanmalar bilan ta'minlangan.

             Fuqarolar murojaati va ijro intizomi ahvoli:

Hurmatli hamkasblar, anjuman qatnashchilari,

Muhtaram Prezidentimiz bugun har birimizning oldimizga o‘z faoliyatimizni  tanqidiy tahlil, qat'iy tartib-intizom, shaxsiy mas'uliyat va javobgarlik hissini to‘liq anglab, unga kundalik faoliyatimizda to‘liq rioya etib, tashkil etishni to‘g‘ri va qat'iy talab qilmoqda. Viloyat rahbariyati esa fuqarolar murojaati bilan har kuni, uzluksiz ishlamoqda.

            Yangi 2017-2018 o‘quv yili oldidan o‘zimizning ustuvor vazifalarimizni belgilab olishimiz kerak.

“Ta'lim to‘g‘risida”gi Qonun hamda “Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi” ijrosini to‘liq ta'minlash, o‘qish jarayonida “Dars-muqaddas”, “O‘rgan –o‘rgat”, “Ustoz-shogird”, “Murakkab fan o‘rganaman”, “Sog‘lom muhit –sog‘lom jamoa”, “Uzluksiz va uzviy”, “Mahorat maktablari”, “Uzluksiz metodik yordam”  tadbirlari asosida ta'lim muassasalarida ishlarni tashkil etish maqsadida asosiy ustuvor vazifalar;

  1. O‘qituvchilarning malakasini ular ehtiyojidan kelib chiqib tashkil etish.
  2. Metodik yordam faoliyatini takomillashtirish, o‘qituvchilarda aniqlangan bo‘shliqlarni to‘ldirish choralarini ko‘rish.
  3. Fanlar kesimida o‘tkaziladigan fan olimpiadalari va “Bilimlar bellashuvi” musobakalarini xolisona va oshkora o‘tkazilishini ta'minlash.
  4. Voyaga yetmaganlar o‘rtasida o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish borasida tarbiyasi og‘ir, kam ta'minlangan oila farzandlari, notinch oila bolalariga ko‘proq e'tiborni qaratish va ular tarbiyasi bilan jiddiy shug‘ullanish.
  5. Ta'lim muassasalarida “Yoshlar yetakchisi” faoliyatini bor kuch va shijoat bilan ishlaydigan xodim bilan ta'minlash.
  6. Tuman (shahar)larda ayrim fanlar chuqur o‘qitiladigan sinflar sonini ko‘paytirish, ularga dars beradigan o‘qituvchi salohiyatini oshirishga qaratish.
  7. Respublika, viloyat kesimida o‘tkaziladigan turli tanlovlar, ped o‘qishlarda faol ishtirok etish,  fanlarga oid jurnallarda o‘qituvchilarning o‘z ish uslubi bilan ishtirokini ta'minlash..
  8. Ta'lim muassasalarida dars berayotgan o‘qituvchilarning shaxsga qaratilgan ta'limni estetik did bilan boyitilgan faoliyatini tashkil etish.
  9. 2017-2021 yillarga mo‘ljallangan “Harakatlar strategiyasi” hamda “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari” yili Davlat dasturida belgilangan tadbirlarni amalga oshirish.
  10. O‘quv reja asosida darslarni taqsimlash va o‘qitilishi monitoringini olib borish.
  11. Ta'lim muassasalarida Vasiylik Kengashi faoliyatini Nizom asosida yuritish.
  12. Ta'lim muassasalarida ta'lim sifatini oshirish chora-tadbirlarini ishlab chiqish, korrupsiyaga qarshi kurashish, turli bahonalar bilan sababsiz pul yig‘ilishi oldini olish.
  13. 1-10 sinflar uchun mo‘ljallangan DTSlarining o‘quvchilar ongiga

  singdirilishiga erishish.

         Hurmatli anjuman qatnashchilari!

Bugungi anjumanimizda o‘tgan o‘quv yilida amalga oshirilgan ishlar, qo‘lga kiritilgan yutuqlar va mavjud muammolar to‘g‘risida to‘xtaldik.  Kelgusida har birimiz barkamol avlod ta'lim-tarbiyasi yo‘lidagi faoliyatimizni tanqidiy tahlil qilib, aniq vazifalarni o‘z oldimizga maqsad qilib qo‘yishimiz va uni amalga oshirishimiz lozim.   

 Mashaqqatli va mas'uliyatli kasbingizga zafarlar tilab, 2017-2018 o‘quv yilidagi vazifalar, ma'rifat va ma'naviyat yo‘lidagi ishlaringizda  ulkan zafarlar tilayman!

E'tiboringiz uchun rahmat.


Kiritilgan vaqti: 30/08/2017 09:47;   Ko‘rilganligi: 473
 
Material manzili: http://samvxtb.uz/oz/press/speeches/talim-tarbiya-sifatini-taminlash-bosh-vazifamiz
Chop etilgan vaqti: 12/11/2019 12:30
Matnni o‘qish uchun ushbu tugmani bosing