Samarqand viloyat hokimligi
Xalq ta'limi boshqarmasi
w w w . s a m x t b . u z

 

Viloyat xalq ta'limi boshqarmasi boshlig‘i Azamat Umarovning 2015 yil 2 iyul kuni o‘tkaziladigan matbuot anjumanidagi MA'RUZASI

Assalomu alaykum, qadrli anjuman ishtirokchilari!

Hurmatli jurnalistlar!

Sizlar bilan 2014-2015 o‘quv yili yakunida uchrashib turibmiz. Har yildagidek bu o‘quv yilida ham yurtimiz farovonligi, jamiyatimiz ravnaqi, farzandlar kamoloti, ta'lim-tarbiyasi yo‘lida amalga oshirgan har bir ishimiz o‘z samarasini berdi deb o‘ylaymiz.

Viloyat Xalq ta'limi boshqarmasi tasarrufida 1210 ta umumta'lim maktablari, 556 ta maktabgacha ta'lim muassasalari, 17 ta “Barkamol avlod” bolalar markazlari, 46 ta bolalar va o‘smirlar sport maktablari, 26 ta Bolalar musiqa va san'ati maktablari, 3 ta Mehribonlik uylari, 10 ta maxsus maktab va maktab-internatlari, 1 ta viloyat xalq ta'limi xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti, 17 ta axborot-resurs markazlari va umumta'lim maktablari qoshida 120 ta axborot-resurs markazlari faoliyat ko‘rsatib kelmoqda (1-slayd).

O‘tgan o‘quv yilida viloyat xalq ta'limi boshqarmasining tasdiqlangan ish rejasi, sohalar bo‘yicha ishlab chiqilgan chora – tadbirlar dasturlari, qaror va buyruqlari asosida xalq ta'limida tizimli ishlar olib borilib, sa'y – harakatlar natijasida sohalar va yo‘nalishlar bo‘yicha ko‘plab yutuqlarga erishildi.

Fidokorona mehnatlari, ta'lim sohasidagi yutuqlari uchun bir qator pedagog xodimlarimiz 2014 yilda davlat mukofotlariga sazovor bo‘ldi. Jumladan, Narpay tumani 64-maktab kimyo fani o‘qituvchisi Boboyeva Nigora “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan xalq ta'limi xodimi” unvoni, Kattaqo‘rg‘on shahri 2-BMSM direktori Sunnatov Odil “Do‘stlik” ordeni, Kattaqo‘rg‘on tumani 20-maktab direktori Berdiyeva Zaynab “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiyi” unvoni, Bulungur tumani 15- maktab matematika fani o‘qituvchisi Isroilova Lola “Fidokorona xizmati uchun” ordeni, Kattaqo‘rg‘on shahri 11- maktab fizika fani o‘qituvchisi Imomova Sayyora “Mehnat shuhrati” ordeni, Paxtachi tumani 10-maktab fizika fani o‘qituvchisi Berdiyev Axmad, Narpay tumani 33-maktab ingliz tili o‘qituvchisi Bobojonova Nargiza, Tayloq tumani 53 – maktab boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Muminova Lola, Ishtixon tumani 51 – maktab matematika fani o‘qituvchisi Tojiyev Raxmonlar “Shuxrat” medali bilan taqdirlanganligi yuqoridagi fikrimizning tasdig‘idir (2-slayd).

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012 yil 10 dekabrdagi “Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora – tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ -1875-sonli qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta'minlashda chet tili o‘qituvchilari salohiyati alohida ahamiyat kasb etishi bois, mutaxassis kadrlarning kasbiy mahorati va tajribasini yanada yaxshilash masalalariga ham jiddiy e'tibor qaratilmoqda. Xalq ta'limi vazirligi tomonidan 2015 yil may oyida ingliz tili fanidan o‘tkazilgan «Yilning eng yaxshi chet tili o‘qituvchisi» respublika ko‘rik-tanlovida Samarqand shahridagi 1-sonli IDUM o‘qituvchisi Mavluda Vafoyeva eng yuqori ball to‘plab, Buyuk Britaniya davlatiga borish uchun yo‘llanmani qo‘lga kiritdi (3-slayd).

O‘tgan o‘quv yili davomida ta'lim jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada faolroq joriy etish, dasturiy ta'minot vositalarini ishlab chiqarishga ham alohida e'tibor qaratildi. Shu maqsadda Xalq ta'limi vazirligi tomonidan 2015 yilning 23-25 aprel kunlari Farg‘ona shahrida o‘tkazilgan “Eng yaxshi elektron axborot – ta'lim resursi” ko‘rik-tanlovning respublika bosqichida Samarqand shahri 11-umumta'lim maktabining informatika fani o‘qituvchisi Zilola Rustamova faxrli 2-o‘rinni egalladi (4-slayd).

Ta'lim muassasalari rahbarlari, o‘qituvchilar, tarbiyachilar va murabbiylarning mehnati samarasini o‘quvchilarimizning nafaqat viloyat, balki respublika va halqaro miqyosdagi musobaqa va tanlovlardagi yutuqlarida ko‘rishimiz mumkin.

So‘nggi yillarda Xalq ta'limi vazirligi tomonidan 5-8 sinflarning iqtidorli o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazib kelinayotgan respublika miqyosidagi bilimlar bellashuvida viloyatimiz o‘quvchilari o‘z iqtidorini munosib namoyish qilib kelmoqdalar. Jumladan, mazkur o‘quv yilida 16 ta fandan o‘tkazilgan bilimlar bellashuvida viloyatimiz jamoasi 10 ta sovrinli o‘rinlarni egallashga muvaffaq bo‘ldi. Ushbu ko‘rsatkichlarni qo‘lga kiritishda Jomboy, Payariq, Ishtixon, Bulung‘ur, Pastdarg‘om tumanlari, Samarqand va Kattaqo‘rg‘on shaharlari umumta'lim maktablari o‘quvchilari munosib hissalarini qo‘shdilar (5-slayd).

2013-2014 o‘quv yilida Respublika bilimlar bellashuvining saralash bosqichida matematika fanidan g‘oliblikni qo‘lga kiritib, Koreya davlatining Tedjon shahrida o‘tkazilgan Xalqaro olimpiadada Bulung‘ur tumani 15- maktab o‘quvchisi Saidqulov Sardor 2- o‘rinni egallagan bo‘lsa, mazkur o‘quv yilida respublika saralash bosqichida Kattaqo‘rg‘on shahri 17- ixtisoslashtirilgan davlat umumta'lim maktabining 8- sinf o‘quvchisi To‘rayev Jahongir 2015 yil 27 iyul- 1 avgust kunlari matematika fanidan Xitoy Xalq Respublikasiniing Chanchun shahrida o‘tkaziladigan Xalqaro musobaqada qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi (6-slayd).

Fidoyi o‘qituvchilarimiz va iqtidorli o‘quvchilarimiz yutuqlari qatorini yana ham davom ettiradigan bo‘lsak, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov asarlarining o‘quvchilar tomonidan chuqur o‘rganilishini rag‘batlantirish, ularda yoritilgan milliy a'analarimiz va qadriyatlarimizning tiklanishi, o‘quvchi-yoshlarning ijtimoiy-siyosiy faolligi va huquqiy bilimlarini yanada oshirish maqsadida Xalq ta'limi vazirligi tomonidan 2015 yil 15 may kuni o‘tkazilgan “Prezident asarlarini o‘rganamiz” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichida Samarqand shahri 60-umumta'lim maktabining 9-sinf o‘quvchisi Fahriyev Shahboz 1-o‘rinni, umumta'lim maktablari o‘quvchilariga soliqlar va soliq to‘lovlari haqidagi dastlabki tushunchalarni berish, soliqlarning tarixi, mohiyati, to‘lash tartiblari haqida boshlang‘ich bilimlarini shakllantirish maqsadida 2015 yil 1 may kuni o‘tkazilgan “Soliq bilimlari - bolalarga” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichida Samarqand shahri 51- IDUMning 4- sinf o‘quvchisi Soliyeva Diana faxrli 2- o‘rinni, o‘quvchilarni o‘zlari yashayotgan hudud tarixini o‘rganishga bo‘lgan qiziqishini oshirish, bilim va ko‘nikmalarini boyitish maqsadida “Qadriyatlar beshigisan, aziz mahallam” shiori ostida “Mahallam tarixini o‘rganaman” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichida Kattaqo‘rg‘on shahri 17-IDUMning 9 - sinf o‘quvchisi Saloxiddinov Umid 1- o‘rinni qo‘lga kiritganligi viloyat xalq ta'limi boshqarmasi tomonidan olib borilayotgan ishlarning mahsuli deb bilamiz (7-slayd).

O‘quvchi – yoshlarimizga ta'lim berish bilan birga ularning ma'naviy dunyoqarashini shakllantirish, milliy g‘oyalarimiz asosida tarbiyalash, jismoniy rivojlanishi va har tomonlama barkamol bo‘lib voyaga yetishiga ham alohida e'tibor bilan qarab kelinmoqda. 2014-2015 o‘quv yilida umumta'lim maktablarida 527130 nafar o‘quvchilar ta'lim - tarbiya olib, ularning 237418 nafari (63%) maktablardagi fan va ijodiy to‘garaklar, sport seksiyalari, 7836 nafari «Barkamol avlod» bolalar markazlaridagi to‘garaklar, 49498 nafari Bolalar va o‘smirlar sport maktablariga, 4407 nafari Bolalar musiqa va san'at maktablariga, 20150 nafari mahallalarda tashkil etilgan usta - shogird yo‘nalishidagi to‘garaklarga, “Kamalak” bolalar tashkiloti tomonidan tashkil etilgan to‘garaklarga 12585 nafar o‘quvchilar jalb qilingan (8-slayd).

Maktabdan tashqari ta'lim muassasalarida yaratilgan zamonaviy sharoitlar, amalga oshirilayotgan chora – tadbirlar ham besamar ketmayapti.

Viloyatimizda faoliyat yuritayotgan 17 ta “Barkamol avlod” bolalar markazlari to‘garaklariga hamda viloyat axborot – resurs markaziga a'zo bo‘lgan o‘quvchilarning erishayotgan yutuqlari ham quvonarli bo‘lmoqda. Jumladan, Xalq ta'limi vazirligi tomonidan 2015 yil iyun oyida o‘tkazilgan “Kitobxon maktab” ko‘rik-tanlovning respublika bosqichida Samarqand shahri 13-umumta'lim maktabi kutubxonachisi Naima Mirzayeva 1-o‘rinni egalladi (9-slayd).

O‘tgan o‘quv yili davomida turli ko‘rik-tanlov va festivallarning respublika bosqichida Bolalar musiqa va san'at maktablarining 39 nafar iqtidorli o‘quvchilari g‘oliblikni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, 21nafari Ozarbayjon, Ruminiya, Turkmaniston, Rossiya, Belarussiya, Latviya kabi davlatlarda bo‘lib o‘tgan Xalqaro ko‘rik-tanlov va festivallarda g‘oliblikka erishdi (10-slayd).

Eng quvonarlisi, ushbu yutuqlarga nafaqat Samarqand shahridagi, balki qishloq joylaridagi Bolalar musiqa va san'at maktablari o‘quvchilari ham salmoqli hissalarini qo‘shmoqda. 2015 yilning 13-16 fevral kunlari Rossiyaning Sankt-Peturburg shahrida bo‘lib o‘tgan “Okno v Yevropu” nomli Xalqaro tanlovda Urgut tumani o‘quvchisi Mamasoliyev Akbar, Samarqand tumani o‘quvchisi Qudratova Shaxlo, Paxtachi tumani o‘quvchisi Usmonov Salohiddin 3-o‘rinni hamda Oqdaryo tumani o‘quvchisi Qanoatova Madina 2-o‘rinni egallaganligi buning misolidir (10-slayd).

Viloyatimizda bolalar sportini, ayniqsa qizlar sportini rivojlantirish va chekka hududlardagi o‘quvchi – yoshlarni sport turlariga keng qamrab olish borasida ham samarali ishlar olib borilmoqda.

2014-2015 o‘quv yilida viloyatimizning iqtidorli sportchi o‘quvchi-yoshlari turli respublika va xalqaro musobaqalarda munosib qatnashdi. Umumta'lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan “Umid nihollari -2015” sport musobaqalarining saralash bosqichida basketbol (o‘g‘il), voleybol (qiz, o‘g‘il), qo‘l to‘pi va boks turlaridan ishtirok etib, respublika final o‘yinlarida qatnashish yo‘llanmalarini qo‘lga kiritdilar.

Viloyat gimnastika bolalar va o‘smirlar sport maktabi badiiy gimnastikachi qizlari Shamsiyeva Maftuna, Irgasheva Ruxshonalar O‘zbekiston terma jamoasi a'zolari bshlib, joriy yilda Irgasheva Ruxshona sport yo‘nalishi bo‘yicha “Zulfiya” davlat mukofoti sohibasi bo‘ldi.

Bundan tashqari Bolalar va o‘smirlar sport maktablarining fidoyi murabbiylarining mashaqqatli mehnati evaziga gimnastikachi qizlarimiz Ikromova Taxmina AQSHning Mayyami shtatida, Aleksandrova Kseniya, Axmedova Asallar Ispaniya davlatida, Usmonova Nuriniso Fransiya davlatida o‘tkazilgan Xalqaro musobaqalarda 1- o‘rinnlarni egallashga muvaffaq bo‘ldilar (11-slayd).

Viloyat shaxmat - shashka sport maktabi tarbiyalanuvchilari Xursandova Farida Hindiston davlatida o‘tkazilgan XII-Xalqaro Osiyo birinchiligida 1- o‘rin, Saydaliyev Akobirxon 6 yoshgacha bo‘lgan shaxmatchilar o‘rtasida Jahon chempionatida 3- o‘rin, Alimova Sevinch O‘zbekiston birinchiligida 1- o‘rin, yengil atletika bo‘yicha respublika birinchiligida   A. Maraxovskaya 1- o‘rin, N.Gasanov 2 -o‘rin, M.Akkuziyeva 2- o‘rin, yunon-rum kurashi bo‘yicha Ukraina davlatida o‘tkazilgan Xalqaro turnirda Nakibov Doniyorxon 1- o‘rin, Ahrorov Umid 2- o‘rin, boks bo‘yicha o‘tkazilgan respublika musobaqalarida Norqulov Abdulaziz 2- o‘rin, Dusmatov Oxun 1 -o‘rin, Shukurullayev Baxtiyor   2- o‘rin, Mavlonov Akobir 1 -o‘rin, Toshniyozov Olim va Nabiyev Suxroblar 3 - o‘rinlarni egallaganligi bejiz emas, albatta (11-slayd). Bularning barchasining zamirida tinimsiz mehnat, murabbiylarning doimiy ravishda o‘z ustida ishlashi va tajribasini oshirib borishi va eng asosiysi, o‘z kasbiga bo‘lgan mas'uliyati deb o‘ylaymiz.

Hurmatli tadbir ishtirokchilari!

2014-2015 o‘quv yilida ta'lim sohasida qo‘lga kiritilgan yutuqlar hamda amalga oshirilgan ishlar bu bilan cheklanib qolmagan, albatta. Hali oldimizda bajarishimiz lozim bo‘lgan ishlar ko‘lami keng bo‘lib, foydalanmagan imkoniyatlarimiz ham mavjud. Biz shu masalada joriy yilning 10 iyul kuni barcha ta'lim muassasalari rahbarlari ishtirokida o‘tgan o‘quv yili yakunlariga bag‘ishlangan tahliliy hisobot yig‘ilishlarini o‘tkazishni rejalashtirgan bo‘lib, yo‘l qo‘ygan xato – kamchiliklarimizni tanqidiy tahlil qilishni, yuzaga kelgan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha aniq va ta'sirchan choralarni hamda kelgusi o‘quv yilidagi asosiy vazifalarmizni belgilab olishni maqsad qilib qo‘yganmiz.

Biz aminmizki, kelgusi o‘quv yili bundan ham barakaliroq va sermazmun bo‘ladi.

E'tiborlaringiz uchun rahmat!


Kiritilgan vaqti: 03/07/2015 07:53;   Ko‘rilganligi: 212
 
Material manzili: http://samvxtb.uz/oz/press/speeches/viloyat-xalq-talimi-boshqarmasi-boshligi-azamat-umarovning-2015-yil-2-iyul-kuni-otkaziladigan-matbuot-anjumanidagi-maruzasi
Chop etilgan vaqti: 16/10/2019 08:50
Matnni o‘qish uchun ushbu tugmani bosing