Samarqand viloyat hokimligi
Xalq ta'limi boshqarmasi
w w w . s a m x t b . u z

 

Viloyat xalq ta'limi boshqarmasi boshlig‘i R.Yuldashev ishtirokida “Davlatimiz mustaqilligining 26 yili davomida ta'lim tizimida amalga oshirilgan islohotlarning mazmun-mohiyati to‘g‘risida

Viloyat xalq ta'limi boshqarmasi boshlig‘i R.Yuldashev ishtirokida “Davlatimiz mustaqilligining 26 yili davomida ta'lim tizimida amalga oshirilgan islohotlarning mazmun-mohiyati hamda 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining IV yo‘nalishi “Ijtimoiy sohani rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari” bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida” matbuot anjumanidagi MA'RUZASI Assalomu alaykum, qadrli anjuman ishtirokchilari! Hurmatli jurnalistlar! Aziz o‘qituvchi va murabbiylar! Avvalambor viloyatimizdagi barcha xalq ta'limi xodimlarini, ustozlarni 1-oktyabr – “O‘qituvchi va murabbiylar kuni” umumxalq bayrami bilan samimiy tabriklayman. Mustaqil diyorimizda o‘qituvchi va murabbiylar mehnati ulug‘lanib, ularga alohida e'zoz ko‘rsatilmoqda. Har bir insonning jismonan va ma'nan yetuk bo‘lib kamol topishida o‘qituvchi va murabbiylarning o‘rni beqiyosdir. Bugun o‘qituvchilarimiz nafaqat xalq ta'limi tizimida, balki jamiyatimiz hayotida ro‘y berayotgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlarda, xalq manfaati yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlarda ham doimo hamqadam va faol ishtirok etmoqda. Chuqur bilimi, o‘z kasbiga bo‘lgan fidoyiligi tufayli el ichra obro‘-e'tibor topmoqda. Aziz o‘qituvchi va murabbiylar! Siz bugun viloyatimizdagi 621167 nafar o‘quvchi-yoshlarga ilm-fan sirlarini o‘rgatayotgan, hayot maktabidan dars berayotgan USTOZ sifatida shogirdlar ardog‘ida, el e'zozidasiz. Ko‘p yillik faoliyatingiz davomida har bir shogirdingizga ish tajribangizni qunt bilan o‘rgatmoqdasiz. Yuzlab o‘qituvchilarning ish tajribalari viloyat hamda respublika miqyosida ommalashtirilmoqda. Iqtidorli o‘quvchilarimiz respublika va Xalqaro fan olimpiadalarida faxrli o‘rinlarni egallab, yurtimiz dovrug‘ini olamga yoymoqdalar. Ular orasidan olimlar, shifokorlar, bir so‘z bilan aytganda, ziyolilar yetishib chiqmoqda. Sizdan ta'lim-tarbiya olgan, o‘qituvchilikdek mas'uliyatli va sharafli kasbning sir-asrorlarini o‘rgangan shogirdlaringiz bugun yoshlar kamoli, yurt ravnaqi, xalq farovonligi yo‘lida hormay-tolmay mehnat qilmoqdalar. Bularning barchasi Sizning fidoyi mehnatingiz samarasidir. Bugun Sizning ko‘ksingizni ko‘plab orden va medallar bezab turibdi. Siz bundan-da yuksak mukofotlarga loyiqsiz. Siz haqingizda har qancha faxrlanib gapirsak shuncha oz. Sizlarni kasb bayramingiz bilan muborakbod etar ekanman, xonadoningizga fayzu baraka, tinchlik-xotirjamlik,barkamol avlod ta'lim-tarbiyasi yo‘lidagi mas'uliyatli va sharafli ishlaringizda ulkan muvaffaqiyatlar tilayman. Doimo sog‘ va salomat bo‘ling! Azaldan xalqimiz uchun farzand ta'lim-tarbiyasi hamma vaqt hayot-mamot masalasi, o‘ziga munosib kelajak yaratishning maqbul yo‘li bo‘lib kelgan. Ilmu ma'rifat maskani sifatida nom qozongan Samarqandda ham yoshlarning ta'lim olishiga bo‘lgan e'tibor ayniqsa, istiqlol yillarida yanada ravnaq topdi. Aytish lozimki, «Ta'lim to‘g‘risida»gi Qonun va «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi»ning qabul qilinishi ta'lim tizimini rivojlantirishda muhim omil bo‘ldi. Xususan, Vazirlar Mahkamasining 2004 yil 9 iyuldagi «2004-2009 yillarda maktab ta'limini rivojlantirish davlat umummilliy dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 321-sonli qarori eng chekka qishloqlarda ham zamonaviy maktablar qurilib, o‘quvchilarga chuqur bilim berish imkoniyatini yaratdi. Joriy 2017 yilning “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb nomlanishi esa ta'lim sohasida faoliyat yuritayotgan har bir xodim zimmasiga yanada ulkan mas'uliyat yukladi. Bugungi kunda viloyat xalq ta'limi boshqarmasi tasarrufida 1789 ta ta'lim muassasalari, jumladan, 1218 ta umumta'lim maktablari, 551 ta maktabgacha ta'lim muassasalari, 2 ta Mehribonlik uylari, 17 ta “Barkamol avlod” bolalar markazlari, 1 ta viloyat xalq ta'limi xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti, 17 ta axborot-resurs markazlari faoliyat ko‘rsatmoqda viloyatimizda 1218 ta umumiy o‘rta ta'lim maktablari, shundan, 10 ta boshqarma tasarrufidagi maxsus maktab, maktab-internatlari faoliyat yuritmoqda. Mustaqillikning ilk davrida viloyatimizda zamonaviy tipdagi maktablar soni 370 tani tashkil etgan bo‘lsa, ayni paytda bunday maktablar soni 1184 taga yetdi. Shuningdek, bugungi kunda viloyat xalq ta'limi tizimidagi ta'lim muassasalarida darsliklar ta'minoti 100 foiz, o‘quv-laboratoriya jihozlari bilan ta'minlanish holati 96,2 foiz, kompyuter – axborot texnologiyalari bilan ta'minlanish darajasi 97,3 foizdan oshib ketdi. Yangi o‘quv yili barcha ta'lim muassasalarida 2 sentyabr – Bilimlar kuni, “Birinchi qo‘ng‘iroq” tadbirlari “Ta'lim-tarbiya sifatini ta'minlash bosh vazifamiz” shiori ostida viloyatimiz umumta'lim maktablarining 621167 nafar 1-10 sinf o‘quvchilari bilan boshlandi. Barcha ta'lim muassasalarida dastlabki o‘quv mashg‘ulotlari Xalq ta'limi vazirligi tavsiyasi asosida Mustaqillik darslari va O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimovning porloq xotirasiga bag‘ishlangan “Xotira darslari” bilan tashkil etildi. Umumta'lim maktablarining 1-sinfiga qabul qilingan 76907 nafar 1-sinf o‘quvchilariga o‘quvchi sumkasi va 12 nomdagi o‘quv qurollari hamda 12 nomdagi darsliklardan iborat “Prezident sovg‘asi” tantanali ravishda topshirildi. Barcha ta'lim muassasalarida Mustaqillik darslarini o‘tishda “Fidoying bo‘lgaymiz seni, O‘zbekiston!” shiori asosida Prezidentimiz Sh.Mirziyoevning “Erkin va farovon, demokratik O‘zbekiston davlatini birgalikda barpo etamiz”, “Tanqidiy tahlil, qat'iy tartib-intizom va shaxsiy javobgarlik-har bir rahbar faoliyatining kundalik qoidasi bo‘lishi kerak”, “Qonun ustuvorligi va inson manfaatlarini ta'minlash-yurt taraqqiyoti va xalq farovonligining garovi”, “Buyuk kelajagimizni mard va oliyjanob xalqimiz bilan birga quramiz” nomli kitoblarida ilgari surilgan g‘oyalarga alohida to‘xtalib o‘tildi. 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining IV yo‘nalishi “Ijtimoiy sohani rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari” bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar. 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” da amalga oshirishga oid Davlat dasturi”ning ijrosini ta'minlash yuzasidan Samarqand viloyati xalq ta'limi boshqarmasining tarmoq dasturi asosida 2017 yilning 9 oyi davomida bir qator ishlar amalga oshirildi. Jumladan, dasturning 4.2 bo‘limi 5-bandi “Xotira va qadrlash kuni” umumxalq bayrami munosabati bilan joriy yilning 6 may kuni keksa avlod vakillari, Ulug‘ vatan urushi qatnashchilari, mehnat faxriylaridan iborat 120 kishiga “Ustoz” sanatoriyasida bayram dasturi tashkillashtirildi va barchasiga “Faxriylar uyushmasi”dan sovg‘alar topshirildi, 23 nafar Ulug‘ Vatan qatnashchilariga 12 nomdagi 220.000 so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlari yetkazildi, ular holidan xabar olindi. 1-“Mehribonlik” uyi tarbiyalanuvchilari uchun joriy yilning 5-6- may kunlari Buxoro shahrining diqqatga sazovor tarixiy obidalari, ziyoratgohlari va muqaddas qadamjolariga bepul sayohatlar uyushtirildi. 268-band. Hamkor tashkilotlar bilan birgalikda 2017 yilda tuman (shahar) markazlaridagi bozorlar, masjidlar, internet-kafe va kompyuter o‘yinlari xizmatlari ko‘rsatayotgan shaxobchalar, jamoat transportlari va boshqa aholi ko‘p to‘planadigan maskanlarda 90 dan ortiq “O‘quvchi”, “O‘smir” reydlari o‘tkazildi. 290-band. “O‘quvchilar o‘rtasida nazoratsizlik, huquqbuzarlik, jinoyatchilik, giyohvandlik, axloqsizlik va boshqa zararli illatlardan himoya qilish hamda o‘z joniga qasd va suiqasd qilishning oldini olish, ta'lim muassasalarida yoshlarni internet xurujlaridan himoya qilish”ga qaratilgan 2400 dan ortiq seminarlar, davra suhbatlari, tushuntirish va targ‘ibot tadbirlar o‘tkazildi. Ommaviy axborot vositalari orqali chiqishlar tashkil etildi. Prokuratura, IIB, “Kamolot” YOIH, “Mahalla”, imom xatiblar bilan hamkorlikda 2017 yil birinchi choragida o‘quvchilarni diniy ekstremistik oqimlar, missionerlik, o‘z joniga qasd va suiqasd qilish, o‘quvchilar o‘rtasida jinoyatchilik, “ommaviy madaniyat” bilan bog‘liq mafkuraviy tahdidlarning oldini olish, ularda ma'naviy-axloqiy qadriyatlarga nisbatan hurmat va sadoqat tuyg‘ularini shakllantirish borasida hamda “Yoshlar terrorizm va giyohvandlikka qarshi”, “Missionerlik-jamiyat dushmani” kabi mavzularda ta'lim muassasalarida 3200 dan ortiq tadbirlar o‘tkazildi Ta'lim muassasalari o‘quvchilarning huquqiy bilimlari va savodxonligini oshirish va mustahkamlashga qaratilgan “Huquq bilimdonlari” ko‘rik-tanlovi o‘tkazildi. Tanlovda 16 tuman, shahar maktablari ishtirok etib, 1-o‘rinni Samarqand shahar jamoasi egalladi. 264-band. 2017 yil 15 martdagi 140-sonli qaror asosida “Umumiy o‘rta ta'lim to‘g‘risidagi Nizom”da belgilangan talablarni bajarish maqsadida sinflardagi bolalar sonini 35 tadan oshmasligini ta'minlash, qo‘shimcha sinflar ochish choralari ko‘rib chiqildi Umumiy o‘rta ta'lim muassasalaridagi o‘quv sinflari va guruhlardagi o‘quvchilar sonini optimallashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqildi. Tuman, shahar maktablari qayta inventarizatsiyadan o‘tkazilib, viloyat miqyosida ta'lim muassasalari to‘liq quvvatda o‘z faoliyatini boshladi. Maktab quvvatidan bola soni oshib ketgan maktablar filiallarini ochish masalasi ko‘rib chiqilmoqda. 275-band. Qizlar o‘rtasida turli mavzudagi suhbatlar, “Orasta qizlar” tanlovining 1,2-bosqichlari joylarda, tanlovning 3-bosqichi viloyat miqyosida o‘tkazilib, Samarkand shahar 13-maktab o‘quvchisi Yazdonkulova Gulnigor 1-o‘rinni egalladi va Respublikada 2 o‘rinni egalladi. “Erta tug‘ruqning oldini olish” mavzusida 16 ta tuman, shaharlar maktab xotin-qizlar qo‘mitasi raislari ishtirokida seminarlar tashkil etildi. Profilaktik nozirlar bilan davra suhbatlari o‘tkazildi. 271-band. “Bolalar kitoblari” zamonaviy respublika festivalini tashkil etish va o‘tkazish, har bir maktab kutubxonasini yangi kitoblar bilan boyitib borish maqsadida “Maktab-kutubxona-oila-jamoat tashkilotlari” xayriya tadbiri tashkil etildi. Maktab kutubxonalari yangi kitoblar bilan boyitildi. Samarqand shahar maktablari kutubxonalari 25 mln. so‘mlik, tumanlar kesimida maktab kutubxonalari 800 ta badiiy kitob bilan boyitildi. 260- -bandlari. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 7 apreldagi “2017 yilda ijtimoiy soha obyektlarida qurilish, rekonstruksiya va mukammal ta'mirlashni tashkil etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-2873-sonli qaroriga asosan 2017 yilda viloyat bo‘yicha jami 32 ta MTM binosida (28 ta 1955 o‘rinli MTM binosini kapital rekonstruksiya, 4 ta 440 o‘rinli MTM binosini kapital ta'mirlash) qurilish-ta'mirlash ishlari uchun 23,326 mlrd. so‘mlik qurilish-ta'mirlash ishlari amalga oshirilishi belgilangan bo‘lib, hozirgi vaqtda ushbu obyektlarning barchasiga loyiha-smeta hujjatlari tayyorlanib, eskpetizadan o‘tkazilgan va tender savdolarini o‘tkazish uchun e'lon berilgan. Ushbu MTMlarni mebel-jihozlar bilan ta'minlash uchun Xalq ta'limi vazirligiga takliflar berilgan. 261-band. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 7 apreldagi “2017 yilda ijtimoiy soha obyektlarida qurilish, rekonstruksiya va mukammal ta'mirlashni tashkil etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-2873-sonli qaroriga asosan 2017 yilda viloyat bo‘yicha jami 78 ta umumta'lim maktablarida (1 ta yangi qurilish, 66 ta kapital rekonstruksiya, 11 ta kapital ta'mirlash) 66,667 mlrd. so‘mlik qurilish-ta'mirlash ishlari amalga oshirilishi rejalashtirilib, bugungi kunda ushbu obyektlar uchun tender savdolari o‘tkazilgan. Qurilish-montaj ishlari yakunlanish arafasida amalga oshirilgan ishlar 96%ga bajarilgan. Maktabgacha ta'lim muassasalarida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 7 apreldagi “2017 yilda ijtimoiy soha obyektlarida qurilish, rekonstruksiya va mukammal ta'mirlashni tashkil etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-2873-sonli qaroriga asosan 2017 yilda viloyat bo‘yicha jami 32 ta MTM binosida (28 ta 1955 o‘rinli MTM binosini kapital rekonstruksiya, 4 ta 440 o‘rinli MTM binosini kapital ta'mirlash) qurilish-ta'mirlash ishlari uchun 22,969 mlrd. so‘mlik qurilish-ta'mirlash ishlari amalga oshirilishi belgilangan bo‘lib, hozirgi vaqtda ushbu obyektlarning barchasiga loyiha-smeta hujjatlari tayyorlanib, eskpetizadan o‘tkazilgan va tender savdolari o‘tkazilib, pudratchi tashkilotlar aniqlangan. Kapital rekonstruksiya qilinayotgan 1955 o‘rinli 28 ta MTMlar uchun 20233,4 mln. so‘m mablag‘ ajratilib, 13911,0 mln. so‘m (68,8 foiz) mablag‘ moliyalashtirib, 17096,4 mln. so‘mlik (84,5 foiz) qurilish-ta'mirlash ishlari bajarilgan. Kapital ta'mirlanayotgan 4 ta MTMlar uchun 2735,8 mln. so‘m mablag‘ ajratilib, 2000,7 mln.so‘m (73,1 foiz) mablag‘ moliyalashtirib, 2735,8 mln. so‘mlik (100,0 foiz) qurilish-ta'mirlash ishlari bajarilgan. 271-band. O‘quvchi-yoshlar orasida kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish maqsadida tegishli hamkor tashkilotlar bilan birgalikda 2017 yilning yanvar-aprel oylarida Samarqand shahri, Bulung‘ur tumani, Jomboy tumani va Pastdarg‘om tumanida “Kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish” mavzusida tadbirlar o‘tkazildi. Bu tadbirlar doirasidagi “Adabiyot kunlari”, “Kitobim-oftobim”, “Bir farzandga-uch kitob”, “Kitob taqdimotlari”, “Eng yaxshi kitobxon o‘quvchi”, “Kitobxon maktab” tadbirlari Nizom asosida belgilangan muddatlarda o‘tkazib kelinmoqda. 266-band. Aholining ijtimoiy nochor qatlamlari sifatli ta'lim olish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida inklyuziv ta'lim tizimi samaradorligini oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqilgan. Hozirda Samarqand shahridagi 13, 17, 35, 45, 7-maktablarda, 76, 78, 57 –MTMlarda inklyuziv ta'lim tashkil etilib, faoliyat yuritmoqda. 273-band. Yoshlarni ona Vatanimizga cheksiz muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash, ularning adabiyotga, kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishini kuchaytirish, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar mazmun-mohiyatini o‘quvchi-yoshlarga yetkazish maqsadida taniqli shoiralar Zulfiya Mo‘minova, Jumagul Suvonova bilan uchrashuvlar Samarqand shahri, Kattaqo‘rg‘on, Bulung‘ur tumanlari maktablarida tashkil etildi. 268-band. Yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish bo‘yicha ijtimoiy tarmoqlarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri uzatiladigan ochiq muloqotlar tashkil etildi. Jumladan iyun oyida Samarqand shahar hokimi V. Raximov “Kitob olami” do‘konida yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazib, muammolar va ularning yechimi to‘g‘risida mulohaza olib bordi. 292-band. Yoshlarning “ommaviy madaniyat” ta'siriga qarshi immunitetini mustahkamlash, ma'naviy-axloqiy madaniyatini oshirish, sog‘lom turmush tarziga, sog‘lom oila qurishga intilishlarini rag‘batlantirish kabi tadbirlar viloyatda xalq ta'limi tasarrufidagi ta'lim muassasalarida belgilangan reja asosida amalga oshirildi. 9 oy davomida barcha tuman, shahar OAV va televideniyelar orqali namoyish ettirildi. Boshqa ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar. Boshqaruv tizimini takomillashtirish va kadrlar salohiyatini oshirish bo‘yicha: Viloyat bo‘yicha umumiy o‘rta ta'lim maktablarining pedagog xodimlar bilan ta'minlanishi 2016-2017 o‘quv yilida 44990 nafarni tashkil etdi. Ma'lumoti bo‘yicha 36076 (80,2%) nafari oliy, 8907 (19,8 %) nafari o‘rta maxsus ma'lumotga ega bo‘lib, toifasi bo‘yicha 1116 (2,5 %) nafari oliy, 5802 (12,9 %) nafari birinchi, 15679 (34,8 %) nafari ikkinchi, 22393 (49,8 %) nafari mutaxassis toifasiga ega. Jami pedagog xodimlardan 29009 (64,5 %) nafarini ayollar tashkil etadi. Hozirgi vaqtda ta'lim muassasalarida 5 nafar fan nomzodlari faoliyat ko‘rsatib kelishmoqda. Mustaqillik yillarida fidokorona mehnatlari, xalq ta'limi sohasidagi ulkan muvaffaqiyatlari uchun 369 nafar tajribali o‘qituvchi va murabbiylar davlatimizning yuksak orden va medallariga sazovor bo‘lishdi. Jumladan, 29 nafar muallim «O‘zbekiston Respublikasi xalq o‘qituvchisi”, 30 nafar ustoz «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan xalq ta'limi xodimi», 32 nafar soha fidoyilari «Mehnat shuhrati» ordeni, 35 nafar o‘qituvchi “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi”, 143 nafar pedagog-xodim esa «Shuhrat» medali bilan taqdirlandilar. Viloyat bo‘yicha maktablarning pedagog xodimlar bilan ta'minlanish umumiy darajasi 126,4 foizni tashkil etadi, oliy ma'lumotli mutaxassis kadrlar bilan ta'minlanish darajasi esa 80,2 foizni tashkil etdi. Viloyatda keyingi 5 yil ichida 7971 nafar, jumladan 2012 yilda 819 nafar, 2013 yilda 948 nafar, 2014 yilda 1047 nafar, 2015 yilda 1156 nafar, 2016 yilda 1001 nafar, 2017 yilda 2 sentyabr holatiga 1032 nafar yosh mutaxassislar ta'lim muassasalariga ishga joylashdi. Viloyat hokimligi va vazirlik nomenklaturasiga kiruvchi rahbar kadrlar lavozimlariga zaxira nomzodlarning ro‘yxati va hujjatlari viloyat hokimligi bilan kelishilgan holda xalq ta'limi vazirligiga taqdim etilmoqdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2012 yil 10 dekabrdagi PQ-1875-son qarorini ijrosini ta'minlash maqsadida Samarqand davlat universiteti, Jahon tillari universiteti va Samarqand davlat chet tillar instituti bilan hamkorlikda yosh mutaxassislar bilan ishlash mexanizmi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib hamkorlik dasturlari tuzilgan. Ushbu qarorning 6-bandiga asosan 2013 yilda chet tillar o‘qituvchilariga zarur ehtiyoji bo‘lgan uzoq tumanlar va qishloq aholi punktlarida yashayotgan aholi ichidan mahalliy davlat hokimiyati organlarining tavsiyanomalari asosida ingliz tili yo‘nalishi bo‘yicha o‘qishga kirib 2017 yilda tugatayotgan 37 nafar bitiruvchilarni ta'lim muassasalariga ishga kelishi uchun uch tomonlama shartnomalar tuzilishi rejalashtirildi. Joriy yilning fevral-aprel oylarida tuman (shahar) xalq ta'limi bo‘limlari kadrlar bo‘yicha inspektorlari hamda kadrlarga ehtiyoji mavjud bo‘lgan ta'lim muassasalari rahbarlari tomonidan Samarqand davlat universiteti, Samarqand davlat chet tillari instituti, Jahon tillari universiteti, O‘zbekiston Milliy universitetlari bitiruvchilarining taqdimot-taqsimotlarida qatnashib, bitiruvchilar bilan 3 tomonlama shartnomalar imzolandi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazining 2017 yil 27-fevraldagi 08-QQ hamda Xalq ta'limi vazirligining 2017 yil 27-fevraldagi 6 sonli qo‘shma qaroriga asosan “Rahbar va pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazish va ularga malaka toifalarini berish to‘g‘risida”gi Nizomda belgilangan tartibga muvofiq tegishli malaka toiflarini olish va tasdiqlash muddati kelgan 6388 nafar umumta'lim maktab o‘qituvchilarining ro‘yxatlari shakllantirilib, davlat test markaziga taqdim etildi. Umumta'lim maktablari qoshida attestatsiya komissiyalari va ekspert guruhlari tashkil etildi hamda faoliyati Nizom asosida olib borilmoqda. Joriy yilning 23-24-mart kunlari oliy va I-toifaga talabgor bo‘lgan 3435 nafar pedagoglar uchun malaka sinovlari Davlat test markazi tomonidan o‘tkazildi. Rahbar va pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazish, ularga malaka toifalari berish haqidagi Nizomga muvofiq va viloyat umumiy o‘rta ta'lim maktablari pedagog kadrlarini navbatdagi attestatsiya o‘tmoqda. Muvofiklashtiruvchi attestatsiya komissiyasining ma'lumotlariga ko‘ra Oliy toifali va oliy toifaga da'vogar 198 nafar pedagog xodimlardan attestatsiyaning malaka sinovlarida yetarli ball to‘plab hamda suhbat natijalariga ko‘ra 20 nafari oliy toifani himoya qildi va 79 nafar pedagog I-toifadan oliy toifaga o‘tdi. Vazirlar Maxkamasining 2015 yil 10 martdagi 52-sonli “Kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini ishga joylashtirish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi yuzasidan 2016-2017 o‘quv yilida pedagogika yunalishidagi kasb-xunar kollejlari bitiruvchilarini ishga joylashtirish masalasini tashkiliy ravishda hal kilib joylarda ya'ni shahar va tumanlarda mart oyida pedagogik kollej bitiruvchilari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Ushbu uchrashuvlarda mahalliy xokimlik, bandlikka ko‘maklashuvchi markaz hamda ota-onalar ishtirok etishdi. Pedagogika yo‘nalishidagi kollej bitiruvchilarining ishlab chiqarish amaliyotlarini tasarrufdagi ta'lim muassasalarida o‘tashini maksimal darajada tashkil etildi. 2016/2017 o‘quv yilida kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari bandligini ta'minlash maksadida viloyat ta'lim muassasalarida bo‘sh ish o‘rinlarini yaratish haqida ko‘rsatmalar berildi. Bu - yoshlar yetakchisi, to‘garak rahbarlari, EHM operatori, jismoniy tarbiya yo‘riqchisi, bog‘bon, hisobchi, kassir, oshpaz, elektrik, santexnik, duradgor, kuni uzaytirilgan guruh tarbiyachisi, MTM tarbiyachisi, tarbiyachi yordamchisi, ish yurituvchi (kotiba), hamshira, ARM xodimi, farrosh, laborant, texnik xodimlar va boshqalardir. Joriy yilning 17 may kuni viloyat xokimligi tomonidan Samarqand pedagogika va hizmat ko‘rsatish kasb-hunar kolleji binosidao‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasalari bitiruvchilarining “Kasb mahorati”, “Eng yaxshi mutaxassis” va “Eng yaxshi biznes loyixa” taqdimot tadbirlari o‘tkazildi. Tadbirda viloyat hokimi, viloyat prokurori, viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, tuman xokimlari, tuman xokimlarining yoshlar siyosati bo‘yicha o‘rinbosarlari, tuman va shahar xalq ta'limi muassasalari faoliyatini metodik ta'minlash va tashkil etish bo‘limlari mudirlari va keng jamoatchilik qatnashdi. Taqdimot tadbirlariga korxona va tashkilot rahbarlari tizimlarida mavjud bo‘sh ish o‘rinlari bilan qatnashib, tadbir davoimda bitiruvchilarni ishga qabul qilish bo‘yicha shartnomalar imzolandi. Joriy yilning 20 may holatiga viloyat xalq ta'limi tizimiga bitiruvchilardan 2300 nafari uchun bo‘sh ish joylari yaratilib, ular bilan shartnomalar imzolandi. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligining 2017 yil 30 avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasi ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasining 2017 yil 28 avgustdagi 7-son majlis bayoni ijrosini ta'minlash to‘g‘risida”gi 282-sonli buyrug‘iga asosan joriy yilning 5 va 9 sentyabr kunlari Oliy ta'lim muassasalari maxsus sirtqi bo‘limlarining bakalavriat ta'lim yo‘nalishlariga o‘qishga kirish istagini bildirgan xalq ta'limi tizimidagi o‘rta maxsus ma'lumotli 6213 nafar pedagoglar, tuman xalq ta'limi bo‘limlarida tashkil etilgan maxsus komissiyasi tomonidan o‘rganilgan hujjatlar asosida ro‘yxati shakllantirilib, Xalq ta'limi vazirligiga taqdim etildi. Xalq ta'limi vazirligining 2017 yil 9 sentyabrdagi 01/01-212-sonli va 14 sentyabrdagi 01/01-217-sonli xatlari asosida tavsiya etilgan abituriyentlar 13-16 sentyabr kunlari Samarqand davlat universitetida tashkil etilgan maxsus sirtqi bo‘limining 7 ta yo‘nalishiga (5110900-Pedagogika yo‘nalishi 26 nafar, 5111700-Boshlang‘ich ta'lim va sport tarbiyaviy ish 2565 nafar, 5111800-Maktabgacha ta'lim 262 nafar, 5111100-Musiqa ta'limi 156 nafar, 5112100-Mehnat ta'limi 801 nafar, 5110800-Tasviriy san'at va muhandislik grafikasi 221 nafar, 5112000-Jismoniy madaniyat 556 nafar) jami 4587 nafar o‘rta maxsus ma'lumotli pedagog xodimlar tavsiya etildi. Xalq ta'limi tizimidagi ta'lim muassasalarida pedagogik faoliyat samaradorligini oshirish hamda hududiy Xalq ta'limi boshqaruv idoralari va ta'lim muassasalarining ta'lim sifati ko‘rsatkichlari indekslari asosida reytingini aniqlash mexanizmini takomillashtirish hamda Xalq ta'limi vazirligining 2017 yil 16 yanvardagi 13-sonli buyrug‘i asosida tuman va shaharlarning reyting o‘rinlari 26 ta parametr asosida belgilab chiqildi. Bunda Samarqand shahar 1-, Ishtixon tumani 2-, Samarqand tumani 3- o‘rinni egallagan bo‘lsa, Qo‘shrabot, Oqdaryo, Narpay tumanlari oxirgi o‘rinlarni egallab turganligi ushbu tumanlarda barcha parametrlar bo‘yicha ta'lim sifati past ekanligini aytish mumkin. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev raisligida 2017 yil 2 avgust kuni o‘tkazilgan “Umumta'lim maktablari va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasalari o‘rtasida o‘zaro integratsiyani ta'minlagan holda, 11 yillik o‘rta ta'lim tizimini joriy etish, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi tizimini tubdan isloh qilish to‘g‘risida”gi videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriklar ijrosini ta'minlash maqsadida xalq ta'limi xodimlarini kasbiy va pedagogik kompetentliligini rivojlantirishga xizmat qiladigan uzluksiz malaka oshirish tizmini joriy etish mexanizmlari ishlab chiqildi va yangi 2017-2018 o‘quv yilidan boshlab amaliyotga tatbiq etish choralari ko‘rilmoqda. Kengaytirilgan yig‘ilishda berilgan topshiriqlardan kelib chiqib, xalq ta'limi tizimi xodimlarining uzluksiz malakasini oshirish jarayonlarini takomillashtirish uchun “Xalq ta'limi xodimlarini kasbiy kompetentligini rivojlantirish respublika Kengashi” va uning tarkibida faoliyat ko‘rsatuvchi komissiyalar, shuningdek, “Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlardagi malaka oshirish institutlarida muvofiqlashtiruvchi Kengashlar”, uning tarkibida “Metodist o‘qituvchilar uyushmalari”, “Metodist murabbiylar uyushmalari” hamda tuman (shahar)larda “Pedagogik muvofiqlashtiruvchi Kengashlar” va uning tarkibida har bir tuman (shahar)da 5 ta yo‘nalishlar bo‘yicha bittadan “Zamonaviy ta'lim muassasasi”, AKT va yangi innovatsion ishlanmalarni tatbiq etish bo‘yicha bittadan “Innovatsion tajriba-sinov muassasasi”, 15 ta fan yo‘nalishi bo‘yicha bittadan “Metodist o‘qituvchilar maktabi” hamda maktabgacha ta'lim muasasasi yo‘nalishi bo‘yicha bittadan “Metodist murabbiylar muassasasi” tashkil etish Xalq ta'limi vazirligining 2017 yil 02-02/1-3-3372-sonli xati asosida viloyat xalq ta'limi boshqarmasining 2017 yil 7 avgustdagi 2352-sonli xati barcha tuman, shahar xalq ta'limi bo‘limlariga yetkazildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoev huzurida Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, O‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi markazi va Xalq ta'limi vazirligi rahbarlari bilan o‘tkazilgan majlis bayoni ijrosini ta'minlash maqsadida berilgan topshiriqlar yuzasidan amalga oshiriladigan chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilib, tuman (shahar) XTBlariga yetkazildi. 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining “Ijtimoiy sohani rivojlantirish” deb nomlangan to‘rtinchi yo‘nalishida belgilangan vazifalar, ilg‘or, ijodkor, tashabbuskor, fidoyi o‘qituvchilarni aniqlash, ijodiy faolligi oshirish, yoshlarni barkamol shaxs etib tarbiyalashga munosib hissa qo‘shayotgan, o‘quv-tarbiya jarayonida innovatsion texnologiyalardan unumli foydalanib, samarali natijalarga erishayotgan o‘qituvchilarning ish tajribalarini ommalashtirish va qo‘llab-quvvatlash maqsadida Xalq ta'limi vazirligining 2017 yil 10 avgustdagi 258-son buyrug‘i asosida xalq ta'limi boshqarmasining buyrug‘i ishlab chiqildi. Tuman (shahar) pedagogik jarayonlarni muvofiqlashtiruvchi guruhlar tuzilib, 6 ta Kengash tashkil etildi. Hozirda 147 ta umumiy o‘rta ta'lim maktabida turli yo‘nalishlardagi “Zamonaviy ta'lim muassasalari” tashkil etilib, ish reja va chora-tadbirlar ishlab chiqildi. “Zamonaviy ta'lim muassasalari” faoliyatini to‘g‘ri tashkil etish va faoliyatini takomillashtirish maqsadida 2017 yilning 24 avgust kuni Jomboy tumanidagi 13 ta umumiy o‘rta ta'lim maktab va maktabgacha ta'lim muassasalarida, 2017 yil 20 sentyabr kuni viloyat “Barkamol avlodi markazi”da maqsadli seminarlar o‘tkazildi. Xalq ta'limi vazirligining 2017 yil 27 yanvardagi 31-sonli buyrug‘i asosida boshqarmaning 2017 yil 8 fevralda 27-sonli buyrug‘i tasdiqlanib, viloyat xalq ta'limi tizimida faoliyat olib borayotgan fan o‘qituvchilari orasidan ilg‘or, ijodkor, tashabbuskor, fidoiy o‘qituvchilarni aniqlash, ijodiy faolligini oshirish, yoshlarni barkamol shaxs etib, tarbiyalashga munosib hissa qo‘shayotgan, o‘quv-tarbiya jarayonida innovatsion texnologiyalardan unumli foydalanib, samarali natijalarga erishayotgan o‘qituvchilarning ish tajribalarni ommalashtirish maqsadida xalq ta'limi tizimida umumiy o‘rta ta'lim muassasalarining o‘qituvchilari o‘rtasida “Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi” respublika ko‘rik-tanlovining tuman (shahar) bosqichida 15 ta umumta'lim fanlari bo‘yicha viloyatdagi jami 16240 nafar fan o‘qituvchilaridan 15909 nafar o‘qituvchilar ko‘rik-tanlovning 1-turida ishtirok etishdi. Shundan eng yuqori ball to‘plagan 175 nafar o‘qituvchilar tanlovning viloyat bosqichida ishtirok etish uchun tanlab olindi. Tanlovda fizika, informatika, matematika, rus tili(rus tili), tarix, milliy istiqlol g‘oyasi, boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi, geografiya, ona tili, o‘zbek tili fanlaridan 10 nafari tanlovning respublika bosqichida ishtirok etib, Samarqand shahridagi 1-IDUM o‘qituvchisi Dilrabo O‘rinova milliy istiqlol g‘oyasi fanidan 3-o‘rinni egalladi. Ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha: Ma'naviy-ma'rifiy ishlar samaradorligini oshirish bo‘yicha huquq tartibot organlari bilan hamkorlikda ta'lim muassasalarida ta'lim-tarbiya olayotgan o‘quvchi-yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarlikning oldini olish yuzasidan 2017 yilning o‘tgan 9 oyi davomida 4550 marta tushuntirish ishlari va tarbiyaviy tadbirlar o‘tkazildi. IIBning profilaktik ro‘yxatiga olingan o‘quvchilar bilan doimiy tarbiyaviy ishlarni olib borish uchun mas'ul o‘qituvchilar va ularning bo‘sh vaqtlarni mazmunli tashkil etish uchun to‘garak rahbarlari, shuningdek, MFY raisi va joylardagi profilaktika inspektorlari biriktirilgan va ular bilan alohida suhbatlar o‘tkazib borilmoqda. Viloyatdagi bir qator hamkor tashkilotlar bilan birgalikda “Oila-mahalla-ta'lim muassasasi” hamkorligi jamoat kengashi asosida “Ota-onalarning farzand oldidagi mas'uliyatini oshirish”, “O‘quvchilarni turli diniy oqimlar ta'siridan saqlash va ular tomonidan sodir etilishi mumkin bo‘lgan jinoyatchiliklarning oldini olish” mavzularida 3592 marta uchrashuvlar o‘tkazildi. Sog‘liqni saqlash boshqarmasi, prokuratura, IIB, Xotin-qizlar qo‘mitasi, “Kamolot” YOIH viloyat kengashi va “Mahalla” jamg‘armasining hududiy bo‘limlari bilan hamkorlikda ta'lim muassasalarida o‘quvchilar o‘rtasida “Hayot bebaho ne'mat”, “Sening hayoting o‘z qo‘lingda”, “O‘z joniga qasd qilish og‘ir gunoh”, “O‘z joniga qasd qilishning salbiy oqibatlari” mavzularida 2017 yilning o‘tgan davri davomida 4150 marotaba davra suhbatlari, ota-onalar o‘rtasida tajavuzkor mazmundagi internet manbalari va virtual o‘yinlar ta'siri to‘g‘risida 2531 marotaba tushuntirish ishlari olib borildi. Viloyat hokimligi tomonidan ta'lim muassasalarida uchrashuvlar o‘tkazish jadvali tasdiqlangan. Ushbu jadvalga asosan viloyatdagi barcha ta'lim muassasalarida ta'lim oluvchilar va ularning ota-onalari ishtirokida “Yoshlarni yot g‘oyalar ta'siridan saqlashda oila va o‘quv muassasasining o‘rni” mavzuida 2017 yilning o‘tgan davri davomida 4880 marta uchrashuvlar uyushtirildi. Shuningdek, o‘quvchi-yoshlar o‘rtasida “O‘z joniga qasd qilish og‘ir gunoh”, “O‘z joniga qasd qilishning salbiy oqibatlari” kabi mavzularda 2017 yilning o‘tgan davri davomida 2950 ga yaqin davra suhbatlari tashkil etildi. Mahallardagi notinch oilalar farzandlari, umumta'lim maktab o‘quvchilari orasida huquqbuzarliklar sodir etishga moyil bo‘lgan shaxslar aniqlanib, ular maktab ichki ro‘yxatiga olinib, ularga maktab sinf rahbarlari, psixologlar, fan va sport to‘garak rahbarlari, hududdagi IIB profilaktika inspektorlari, mahalla faollari biriktirilib, hamkorlikda tushuntirish-targ‘ibot ishlari olib borilmoqda. 2017 yilning o‘tgan davri davomida viloyatda 317 nafar bolalarga vasiylik, 109 nafar bolalarga homiylik belgilangan, 146 nafar farzandlikka berilgan, 31 nafar bolalar uyiga, 71 nafar Mehribonlik uylariga joylashtirilgan. 2017 yilning o‘tgan davri davomida ma'naviy-ma'rifiy yo‘nalishda 50 dan ortiq ko‘rik-tanlov va musobaqalar o‘tkazildi. Ushbu ko‘rik-tanlov va musobaqalarning respublika bosqichida viloyatdan qatnashgan ishtirokchilar 12 ta 1-o‘rin, 15 ta 2-o‘rin, 18 ta 3-o‘rinlarni qo‘lga kiritdi. O‘quvchilarning ijodiy salohiyatlarini, vatanparvarlik tuyg‘ularini va sog‘lom turmush tarzi ko‘nikmalarini rivojlantirish, ular qalbida yot g‘oya ta'sirlariga qarshi mustahkam immunitetni shakllantirish maqsadida o‘tkazilgan “Jaholatga qarshi ma'rifat” nomli badiiy va ijodiy ishlar tanlovining respublika bosqichida rasmlar yo‘nalishida Samarqand shahridagi 55-maktab o‘quvchisi 1-o‘rinni, she'rlar yo‘nalishida Samarqand shahridagi 13-maktab o‘quvchisi 2-o‘rinni, insholar yo‘nalishida Samarqand shahridagi 24-maktab o‘quvchisi 3-o‘rinni egallashdi. “Eng obod ta'lim muassasasi” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichida Samarqand shahridagi 84-maktabgacha ta'lim muassasasi faxrli 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Mamlakatimizda muhtaram Prezidentimiz rahnamoligida yoshlarning zamon talablari darajasida ta'lim-tarbiya olishi, o‘z bilimi va mahoratini namoyon etishi uchun barcha imkoniyatlar yaratib berilmoqda. “Kitobxon oila” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichida Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 95-maktab o‘quvchisi Xalilova Dilnoza otasi Jalilov Vaxob va onasi Jalilova Zulxumorlar faxrli 3-o‘rinni, “Kitobxon maktab” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichida Samarqand tumanidagi 16-maktabning ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Olimova Zarina faxrli 1-o‘rinni, “Yosh kitobxon” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichida Samarqand tumanidagi 2-IDUMning 5 nafar o‘quvchilar jamoasi faxrli 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi. “Barkamol avlod ” bolalar ijodiyoti festivalining respublika bosqichida 1-o‘rinni, “Sog‘lom turmush tarafdorimiz” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichida 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Mamlakatimiz kelajagi har tomonlama barkamol yoshlar qo‘lidadir. O‘tgan yillar davomida 21 ta Bolalar va o‘smirlar sport maktablarida sportning olimpiya turlaridan 12 ta, milliy va boshqa sport turlari bo‘yicha 8 ta bo‘lim tashkil etilgan bo‘lib, viloyatimiz yosh sportchilari jahon va Osiyo chempionatlari hamda Xalqaro turnirlarda sovrinli o‘rinlarni egalladi va 60 ta oltin, 41 ta kumush va 31 ta bronza jami 132 ta medalni qo‘lga kiritdi. Yurtimiz mustaqillikka erishgandan so‘ng bugungi kunga qadar 1000 nafardan ortiq o‘quvchi Xalqaro va respublika miqyosida o‘tkazilgan musobaqalarda g‘olib va sovrindorlar qatoridan joy olishdi. Bunday misollarni juda ko‘plab keltirish mumkin. Ta'lim-muassasalarini kuz-qish mavsumiga sifatli tayyorlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 22 iyundagi “Respublika iqtisodiyoti va ijtimoiy soha tarmoqlarini 2017/2018 yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga kompleks tayyorlashni ta'minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3079-sonli qaroriga asosan viloyatdagi 4 ta maktabgacha ta'lim muassasalarini mukammal ta'mirlash, 70 ta maktab va 42 ta maktabgacha ta'lim muassasalarini joriy ta'mirlash, 1860 kv.m oynalarni almashtirish rejalashtirilgan. Bugungi kunda ushbu ishlarni o‘z vaqtida amalga oshirish ta'lim muassasalarini 2017/2018 yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga to‘liq tayyorlash uchun viloyat Moliya bosh boshqarmasi bilan birgalikda chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan. Viloyatdagi xalq ta'limi muassasalariga joriy yilda 22,830 ming tonna ko‘mir (12,894 ming tn. ko‘mir, 9,936 ming tn. briket) mahsuloti jamg‘arilishi rejalashtirilgan bo‘lib, hududiy distribyutorlik markazi bilan viloyat xalq ta'limi boshqarmasi o‘rtasida ko‘mir (briket) yoqilg‘isini ta'lim muassasalariga yetkazib berish bo‘yicha tegishli shartnomalar imzolangan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 26 maydagi PQ-3012-sonli “2017-2021 yillarda iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha obyektlarida energo tejamkorlik va qayta tiklanuvchi energiyalarni yanada rivojlantirish dasturi to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 2017 yilda xalq ta'limi boshqarmasi tasarrufidagi 144 ta ta'lim muassasalariga 388 ta qozonlar o‘rnatish rejalashtirilgan bo‘lib, bugungi kunda viloyat Moliya boshqarmasi bilan birgalikda ishlab chiqilgan grafikka asosan mablag‘lar moliyalashtirib berilmoqda. Ushbu maqsadlar uchun mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan 4,5 mlrd. so‘m mablag‘ ajratilgan. Hozirgi vaqtda 129 ta ta'lim muassasalariga 355 ta (4,3 mlrd. so‘m) qozonlar o‘rnatilgan. Bugungi kunga kelib, barcha obyektlarda yangi o‘quv yili hamda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Joriy ta'mirlash rejalashtirilgan 70 maktablar (100%), 42 ta maktabgacha ta'lim muassasalari (100%), 1860 m2 deraza oynalari to‘liq (100%) almashtirildi va ajratilgan 22,830 ming tonna ko‘mir yoqilg‘isidan 14,038 ming tonna (61,0%) ta'lim muassasalariga yetkazilib, bu boradagi ishlar davom etmoqda. Maktabdan tashqari ta'lim tizimi bo‘yicha: Umumta'lim maktablaridagi fan to‘garaklariga 252927 nafar, sport to‘garaklariga 118055 nafar, musiqa to‘garaklariga 6294 nafar o‘quvchilar jalb qilingan. Viloyatdagi 67 ta maktabdan tashqari ta'lim muassasalaridagi to‘garaklarga 48240 nafar bolalar jalb etilgan. Shundan, 17 ta “Barkamol avlod” bolalar markazlariga 12120 nafar, 29 ta Bolalar musiqa va san'at maktablariga 6294 nafar, 21 ta Bolalar va o‘smirlar sport maktablariga 29826 nafar bolalar jalb etilgan. Viloyatdagi jami 137 ta, shundan boshqarma tasarrufida 1 ta, tuman, shaharlarda 16 ta va umumta'lim maktablarida 120 ta ARM hamda umumta'lim maktablaridagi 1088 ta kutubxonalarning aniq chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan. Viloyatdagi axborot-kutubxonalarda jami kitob fondi 1689056 tani tashkil etib, shundan, 589053 tasi axborot-resurs markazlarida, 1100003 tasi maktab kutubxonalariga to‘g‘ri keladi. 1689056 ta badiiy adabiyotning 590875 tasi bolalar, 585585 tasi badiiy, 203808 tasi o‘quv-metodik, 256943 tasi siyosiy-iqtisodiy, 51845 tasi ma'lumotnoma va lug‘at ko‘rinishdagi adabiyotlar. Axborot-kutubxona muassasalarining foydalanuvchilar soni 808205 nafarni tashkil etadi. Shundan, 647445 nafari 16 yoshgacha, 93678 nafari 16 yoshdan yuqorilardir. O‘quvchilar o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilish, ta'lim muassasalaridagi kitobxon o‘quvchilarni aniqlash, ularni rag‘batlantirish va boshqalarga o‘rnak sifatida ko‘rsatish orqali o‘quvchilarning ma'naviy dunyosini boyitish, ularda mustaqil fikrlash ko‘nikma va malakalarini shakllantirish, ma'naviy tahdidlarga nisbatan sog‘lom immunitetni rivojlantirish maqsadida viloyatdagi barcha umumta'lim maktablarida an'anaviy tarzda “Adabiyot kunlari”, “Kitobim-oftobim”, “Bir farzandga-uch kitob”, “Kitob taqdimotlari”, “Maktab-kutubxona-oila-jamoat tashkilotlari” xayriya tadbiri, “Eng yaxshi kitobxon o‘quvchi”, “Kitobxon maktab”, “Kitob yarmarkasi” tadbirlari, “Mening birinchi kitobim”, “Men sevgan ertak qahramoni”, “Men sevgan shoir”, “Kitobim oftobim”, “Otam-onam, bobom-buvim va men kitobxon oila”, “Kitobxon maktab”, “Eng ko‘p kitob o‘qigan o‘quvchi” tadbirlari va ko‘rik-tanlovlari o‘tkazildi. O‘quvchi-yoshlar orasida kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish maqsadida tegishli hamkor tashkilotlar bilan birgalikda 2017 yilning 26-yanvar kuni Samarqand shahridagi konsert zalida “Kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish” mavzusida, 10 fevral kuni Jomboy tumanidagi 10-son Bolalar musiqa va san'at maktabida “Kitobsevar yoshlar” festivali, 18 fevral kuni Bulung‘ur tumanidagi 9-son Bolalar musiqa va san'at maktabida “Ijodkorlar-inson qalbining muhandislari” deb nomlangan kitobxonlik kechasi o‘tkazildi. Ushbu uchrashuvda shoir va yozuvchi Azim Suyun, Abdusaid Ko‘chimov, Qozoqboy Yo‘ldoshev va bulung‘urlik Anvar Suyunlar ishtirok etishdi. Viloyatdagi 17 ta “Barkamol avlod” bolalar markazlarida to‘garaklar soni 452 ta bo‘lib, shundan 262 tasi (58%) badiiy ijodiyot, 88 tasi (19%) texnik ijodiyot, 69 tasi (15%) o‘lkashunoslik va ekologiya, 33 tasi (8%) chet tili yo‘nalishidagi to‘garaklardir. Ularga jami 12912 nafar to‘garak a'zolari jalb qilingan. Shundan badiiy ijodiyot yo‘nalishida to‘garak a'zolarining soni 7502 nafar, texnik ijodkorlik yo‘nalishida to‘garak a'zolari soni 2300 nafar va o‘lkashunoslik va ekologiya yo‘nalishida to‘garak a'zolari soni 2000 nafarni tashkil etadi. Markazlarga o‘quvchilarni qamrovini kengaytirish maqsadida sentyabr oyida har bir tuman, shahar markazlarida “Ochiq eshiklar” kuni, “To‘garaklar yarmarkasi” sifatli tashkil etilib ota-onalar, o‘quvchi yoshlar markaz to‘garaklari faoliyati bilan tanitirildi. Viloyatda muhim sanalarga bag‘ishlab o‘tkaziladigan bayram tadbirlari va sayillarda BABMlari ijodiy ishlar ko‘rgazmalari, to‘garak taqdimotlari, konsert dasturlari bilan faol ishtirok etib kelmoqda. Hurmatli anjuman ishtirokchilari, qadrli ustozlar! Albatta ushbu o‘quv yilida ham yurtimiz farovonligi, jamiyatimiz ravnaqi, barkamol avlod ta'lim-tarbiyasi yo‘lida amalga oshirgan har bir ishimiz o‘z samarasini beradi, deb o‘ylaymiz. Bugun viloyatimiz o‘qituvchilari qalbida shukronalik hissi bilan yashab, eng ulug‘, eng aziz bayram – O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 26 yilligini “Fidoying bo‘lgaymiz seni, O‘zbekiston!” shiori ostida ana shunday muvaffaqiyatlar bilan kutib olishdi. Ushbu muvaffaqiyatlar ortida albatta, fidoyi kasb egalari – o‘qituvchi va murabbiylarning zahmatli va sharafli mehnati mujassamdir. Hayotda kim bo‘lmasin, qaysi sohada mehnat qilmasin, shubhasiz, uning kamolotida muallimlarning beqiyos hissasi bor. Farzandlarimizga ilmu fan sirlari va odamiylikdan saboq berayotgan mo‘tabar zotlarga eng yaxshi tilaklarni izhor etib, ularga mustahkam sog‘lik, xonadonlariga tinchlik-xotirjamlik, faoliyatlarida ulkan muvaffaqiyatlar tilayman! Kasb bayramingiz muborak bo‘lsin! E'tiboringiz uchun rahmat!

Kiritilgan vaqti: 30/09/2017 16:41;   Ko‘rilganligi: 361
 
Material manzili: http://samvxtb.uz/oz/press/speeches/viloyat-xalq-talimi-boshqarmasi-boshligi-ryuldashev-ishtirokida-davlatimiz-mustaqilligining-26-yili-davomida-talim-tizimida-amalga-oshirilgan-islohotlarning-mazmun-mohiyati-togrisida
Chop etilgan vaqti: 15/10/2019 09:55
Matnni o‘qish uchun ushbu tugmani bosing